Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mukammallik illuziyasi — perfeksionizm

6.2.2025 1216

Behruz Rajabov

Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, perfeksionizm mukammallikka erishish istagi, o‘zini yoki boshqalarni yuqori standartlarga moslashtirishga intilishdir. Bunday xislat insonni tartibli bo‘lishga, intizomli ishlashga, yuqori maqsadlar qo‘yishga va o‘z ustida doimiy ishlashga undaydi. Ha, bu yaxshi. Perfeksionist odamlar odatda mehnatkash, tirishqoq bo‘lishadi va mukammal natijaga intilishadi. Ular har qanday ishga jiddiy yondashadilar va haqiqatan ham odatda natijalari yuqori bo‘ladi. Masalan, Stiv Jobs dizaynga bo‘lgan talabchanligi tufayli Apple kompaniyasida ko‘p narsalarni o‘zgartirib, qayta-qayta ishlab chiqargan. Bu yaxshi natija bergan bo‘lsa-da, ko‘pincha xodimlariga haddan tashqari bosim o‘tkazishiga sabab bo‘lgan. Tushunganingizdek bu fazilat muayyan chegaradan oshib ketsa, o‘zini va boshqa odamlarni ruhiy bosim ostida qoldiradi.

Masalan, qahramonimiz Alini olaylik. Ali o‘ziga juda yuqori talablar qo‘yadi va hech qachon past baho olmaslikni istaydi. Uning fikricha biron-bir ishda kichik xato qilib qo‘ysa, demak, bu – muvaffaqiyatsizlik. U abituriyentligida imtihonlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan edi. U barcha darsliklarni bir necha bora qayta-qayta o‘qib chiqdi, videodarslarni tomosha qildi, internetda qo‘shimcha materiallar izlab topdi va har bir mavzuni yaxshi o‘zlashtirishga intildi. Imtihon kuni barcha o‘qiganlarini eslab, to‘g‘ri javob berishga harakat qildi. Lekin imtihon davomida u bir nechta savolga ikkilanish bilan javob berdi. Bu holat uni juda bezovta qildi, chunki xato qilgan bo‘lsa, eng yuqori ballni ololmasligi mumkin edi… Nihoyat natijalar e’lon qilindi va Ali maksimal 189 balldan 183 ball olib o‘qishga qabul qilindi.  Ammo u grant asosida o‘qishga kirgan bo‘lsa ham o‘zini muvaffaqiyatsiz his qildi. Chunki u barcha savollarga to‘g‘ri javob berishni maqsad qilgan edi. Ali misolida perfeksionizmning qanday ishlashini aniqroq tushunish mumkin. Perfeksionistlar xatolarni kechirishmaydi, hatto o‘zi qilgan xatoni ham.

Muvozanat buzilishi

Mukammallikka intilish ko‘pincha katta psixologik yuk va stressni keltirib chiqaradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, perfeksionistlar o‘zi va boshqalarga yuqori talablar qo‘yadi. Ular doim o‘z ishlarini yoki harakatlarini mukammal darajaga yetkazishga tirishadi. Hamma narsa yuqori darajada bo‘lishi istagi ba’zan ular uchun haddan tashqari yuqori bosim olib keladi. Bunday kishilar kamchiliklarni qabul qila olmaydi. Ular xatolarni yoki muvaffaqiyatsizliklarni juda jiddiy qabul qilib, o‘zi hamda boshqalarni doimiy tanqid ostiga oladi. Mukammallikni izlash jarayonida ular o‘zi yoki atrofidaglardan kutganlarini ololmayotganini ko‘radi. Bu o‘z navbatida doimiy qayg‘u, stress va hatto depressiyaga olib kelishi mumkin. Perfeksionist odam o‘z muvaffaqiyatsizligidan ko‘proq ta’sirlanadi va bu uni yanada ortiqcha talablar qo‘yishga majbur qiladi, shu bilan mukammallikka erishishning qiyinchiliklari yanada ortadi.

Yana bir qahramonimiz Zuhra — yosh grafik dizayner. U ham doim o‘z ishida mukammallikka intiladi va har bir loyiha uchun yuqori darajada harakat qiladi. Zuhra o‘zining ijodiy qobiliyatiga va dizayn elementlarini mukammal tanlashiga ishonadi. Bir kuni Zuhra katta bir brend uchun yangi logotip yaratish topshirig‘ini oldi. Bu loyiha uning karyerasidagi eng muhim ish bo‘lishi mumkin edi. U darhol ishga kirishdi. Logotip ustida juda ko‘p ishladi. Chizdi. Tahrirladi. Elementlar qo‘shdi. O‘chirdi. Yana chizdi. U turli detallardan foydalanishdan qo‘rqmasdan, dizaynni yanada boyitishga harakat qilardi. Oxirida esa logotip juda ko‘p elementlar va turli ranglardan iborat bo‘lib qoldi, lekin Zuhra uchun bu uzoq mehnat natijasi edi.  Zuhra natijani brend vakillariga ko‘rsatganida ular buni salbiy qabul qilishdi. Juda ko‘plab savollar berishdi. Ularning fikriga ko‘ra, logotip soddaroq va aniqroq bo‘lishi kerak edi. Zuhra bunday tanqidni qabul qilolmadi. U buning uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgandi. Lekin  u muvozanatni saqlay olmadi. Bu voqeadan so‘ng Zuhra o‘zini ancha vaqt yomon his qildi, hatto bu sohadan ketishni o‘ylab qoldi. Bir necha hafta o‘tgach, brend yangi dizayner bilan ishlashga qaror qildi. Yangi dizayner logotipni yaratishda minimalistik yondashuvni tanlagandi. U oddiy va to‘g‘ri chiziqlar ishlatib, aniq va yodda qoladigan logotipni yaratdi. Brend yangi logotipni e’lon qildi. U shu darajada sodda ediki, Zuhra buni osongina chiza olardi. O‘zi yaratgan murakkab dizayn bilan juda oddiy bo‘lgan logotipni ko‘rganida o‘zini kamsitilgan his qildi. 

Shunday qilib, perfeksionizm mukammallikka erishish istagi, o‘z-o‘zini tanqid qilish, noqulaylik va haddan tashqari stressni keltirib chiqaradi. Perfeksionistlar o‘z mehnatlari va boshqalar bilan munosabatini mukammallik mezoni bilan o‘lchaydi, lekin ko‘pincha bunday yondashuv hayotning ba’zi jabhalarida muvozanatni yo‘qotishga sabab bo‘ladi.

Illuziyani tushunish —  yagona yo‘li

Perfeksionist xarakterning ortida ko‘pincha insonning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muammolar yashiringan bo‘ladi. Ular ishni bajarish o‘rniga eng mayda detallarni ham takror-takror qayta ko‘rib chiqishadi, bu esa vaqtning samarasiz sarflanishiga olib keladi. Har qanday kamchilikni yutqazish deb bilishadi va bu ularda o‘zidan qoniqmaslik hissini uyg‘otadi. O‘zlariga nisbatan haddan tashqari talabchanlik esa ularning ishonchsizligiga va motivatsiyaning yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Ular boshqalarning ishini ham ideal emas deb hisoblaydi va tuzatish kiritishga intiladi. Perfeksionist kishi har bir detalni mukammallashtirishga harakat qilgani uchun ishlarni tugatishda qiynaladi. Bu esa uning ish samaradorligini pasaytiradi. Bunday odam mukammallikka shunchalik yopishib qolganki, sodda va samarali yondashuvni unutib qo‘yadi. U o‘zining qattiq talablarini faqat ish yoki ijod bilan cheklab qo‘ymaydi, kundalik hayotga ham tatbiq etadi. O‘ziga muttasil bosim o‘tkazadi.

Doimiy ruhiy bosim o‘z kuchini ko‘rsatmasdan qolmaydi va psixosomatik kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Perfeksionistlar asab tizimi tinmay ishlaydi va bu jismoniy charchoq hamda uyqudagi muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘p perfeksionistlar kechasi ham ishi yoki rejalari haqida o‘ylab, uxlay olmaydi. Ular muntazam ravishda ortiqcha ishlaydi va dam olishga vaqt ajratmaydi. Bu esa immunitetning pasayishiga olib keladi. Natijada inson tez-tez kasal bo‘lishi, tanada yallig‘lanish jarayonlari kuchayishi va hatto yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortishi mumkin. Ayrim hollarda stress ovqatlanish tartibiga ham ta’sir qiladi: ba’zi odamlar stress tufayli ortiqcha ovqatlanib semirishga moyilligi oshsa, boshqalar aksincha ishtahasini yo‘qotib vazn yo‘qota boshlaydi. Bunday odamlar dam olishni yoki o‘zlariga vaqt ajratishni bema’ni mashg‘ulot deb hisoblaydi.

– Bu yaxshi xarakter deb oqlashingiz mumkin, lekin har narsaning ko‘pi zarar, me’yor bo‘lishi zarur. Bu xarakter ko‘pincha bolalikdan shakllanadi. Ota-onalar, o‘qituvchilar yoki jamiyat tomonidan qo‘yilgan yuqori talablar bolani mukammal bo‘lishga undaydi. “Sen har doim eng yaxshisi bo‘lishing kerak!”, “Xato qilishga haqqing yo‘q!”, “Faqat 5 baho olish kerak!”, “Sendan ko‘ra qo‘shnimizni o‘g‘li yaxshi!” qabilidagi gaplar yosh bolaga bosim o‘tkazadi. Natijada bola xato qilishdan qo‘rqadigan, o‘zini doimiy nazorat qiladigan va bora-bora qanchalik yaxshi natijaga erishmasin, o‘zidan qoniqmaydigan insonga aylanadi. Perfeksionizm vaqt o‘tishi bilan kuchayib, inson hayotining turli sohalariga ta’sir qilishi mumkin. Ishda, o‘qishda, munosabatlarda yoki oddiy kundalik hayotda mukammal bo‘lishga intilish ko‘p hollarda haddan tashqari tashvish, charchoq va depressiyaga olib keladi, – deydi psixolog Sevinch Otaboyeva.

Aslida hamma narsa mukammal bo‘lishi shart emas.  Ideal natija sari harakat qilish yaxshi, lekin bu sizni doimiy stress ostida ushlab turmasligi lozim. Xatolarni esa tabiiy narsa sifatida qabul qilish muhim. Mukammallikka intilish ko‘pincha xatolardan qo‘rqishga olib keladi, bu esa insonni harakat qilishdan to‘xtatishi mumkin. Ammo ma’lumki, xatolar tajriba orttirishning eng yaxshi usuli hisoblanadi. Har bir muvaffaqiyat ortida o‘rganilgan saboqlar turadi, shuning uchun xatolarni rivojlanish uchun imkoniyat sifatida ko‘rish lozim. O‘zingizga nisbatan yumshoqroq bo‘lish, haddan tashqari tanqid qilmaslik va muvaffaqiyatlaringizni qadrlashni o‘rganish zarur. Perfeksionistlar ko‘pincha o‘z yutuqlarini oddiy holat deb qabul qiladi va ularga yetarlicha baho bermaydi. Ammo har qanday harakat qadrlashga arziydi. O‘z yutuqlaringizni tan olish va ulardan zavq olishni o‘rganing. Fikrlar va qarorlarni ortiqcha tahlil qilish ortiqcha stressga sabab bo‘lishi mumkin, shuning uchun ba’zan tezroq va ishonch bilan harakat qilish foydaliroq bo‘ladi. Dam olish esa samaradorlikning muhim qismi. Samarali ish va ijodiy fikrlash uchun tanaffuslar zarur. Chin ma’noda yashash uchun vaqt ajratib turish ham kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish