Do‘kondan xarid qilgan narsalarimizni yelimxaltada olib ketamiz. Uyda esa yelimxalta saqlanadigan tortma yoki quti doim to‘lib turadi. Sababi ayrim yumushlar uchun juda qulay. Ayniqsa, chiqindilarni saqlashda deyarli hamma shundan foydalanadi.
Bir necha yil oldin mamlakatimizda yelimxalta uchun ma’lum narx belgilanganda norozi bo‘lganmiz. Ammo buning o‘ziga yarasha jiddiy sababi borligi endi ko‘pchilikka ayonlashmoqda. Shunday bo‘lsa-da, ulardan foydalanish kamaygani yo‘q.
Do‘konlarda hatto ko‘katlar ham alohida polietilen plyonkalarga qadoqlangan. Rivojlangan mamlakatlar polietilen qadoqlash vositalaridan voz kechayotgan bir paytda ko‘katlarni qadoqlash kimga kerak? Umuman, mahsulotlarni qayta-qayta qadoqlashdan nima foyda? Masalan, quruq choyni olaylik. Avval yelim qog‘ozga, undan keyin qog‘oz qutiga solinib, yana polietilen plyonka bilan qadoqlanadi. Sotib olinganidan so‘ng esa barcha qadoqlar chiqindiga tashlanadi. Balki boshqa qadoqlash usulini o‘ylab topish kerakdir?
Kundalik hayotda biz deyarli har kuni ishlatadigan plastik mahsulotlarning o‘rtacha parchalanish vaqti 400 yildan 700 yilgacha ekanligi aniqlangan. Bu ularning chidamliligi va mustahkamligini isbotlovchi dalildek bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Lekin boshqa tarafdan olib qaralsa, biz bu mahsulotlar arzon bo‘lgani uchun ishlatamiz. Natijada vazifasini o‘tab bo‘lgan bir martalik idishlar chiqindiga uloqtiriladi. Tashvishli jihati shuki, plastik buyumlar yerga tushib, mayda zarrachalarga boʻlinadi va ishlab chiqarish jarayonida ularga qoʻshilgan kimyoviy moddalarni atrof-muhitga tarqatadi. Bu xlor, turli kimyoviy moddalar, masalan, zaharli yoki olovga chidamli kanserogenlar boʻlishi ham mumkin.
Ayni kimyoviy moddalar yer osti suvlariga yoki boshqa ochiq suv manbalariga tushishi va bu suvdan u yoki bu ko‘rinishda foydalanadigan kishilar salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, okean va dengizda yashovchi hayvonlarga, o‘simliklarga, umuman, flora va faunaga zarar yetkazmay qolmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, plastik chiqindilar okeanga tushgach, quyosh, shamol va turli to‘qnashuvlar sabab mayda, polimer tuzilishini saqlab qolgan zarralarga bo‘linadi. Suvda yashovchi jonzotlar esa bu zarralarni yutadi. Shu tariqa ular oziq-ovqat zanjiriga ulanadi. Ayrim plastik turlari biologik jihatdan parchalanganda metan gazini ajratadi va bu global isishga sabab bo‘ladi. Ahvol yomonlashayotganini havoning o‘rtacha harorati oshib borayotganidan ham sezish qiyin emas, aslida. Yaxshisi, bu haqda faktlar gapirsin.
Yiliga 350 million tonna plastmassa chiqindi
Har yili dunyo bo‘ylab taxminan 350 million tonna plastmassa chiqindi ajraladi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Hindiston plastik ifloslanish bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lib, yiliga 9,3 million tonnagacha plastik chiqindi tashlaydi. Keyingi o‘rinlarda Nigeriya (3,5 mln t), Indoneziya (3,4 mln t), Xitoy (2,8 mln t), Pokiston (2,6 mln t), Bangladesh (1,7 mln t), Rossiya (1,7 mln t), Braziliya (1,4 mln t), Tailand (1 mln t) va Kongo (1 mln t) egallaydi.
Ayni paytda O‘zbekistonda yiliga 10,2 million tonnadan qattiq maishiy chiqindi hosil bo‘lib, uning 10,3 foizini (1,05 mln t) plastik chiqindilar tashkil etadi. Chiqindilarning asosiy manbayi qadoqlash bo‘lib, odatda mahsulot xarid qilingandan so‘ng qadoqlar tashlab yuboriladi. Bundan tashqari, mamlakatimizda plastik mahsulotlar importi eksportdan sezilarli darajada oshib, 2023-yilda 158,5 ming tonnani tashkil etgan va plastik mahsulotlar importining ulushi 2020-yilga nisbatan 54,6 foizga oshganini ko‘rish mumkin.
Dunyo aholisining 80 foizdan ortig‘i istiqomat qiluvchi 76 ta davlatda yelimxaltalar muomalasini tartibga solish bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan. Bu borada birinchi taqiq 2002-yilda Bangladeshda joriy qilingan bo‘lib, mamlakatda shahar quvur tizimini yelimxaltalar yopib qo‘ygani tufayli suv toshqini yuzaga kelgan va odamlar halok bo‘lgan.
Shundan buyon dunyoning rivojlangan mamlakatlari plastik qadoqlar va yelimxaltalardan foydalanishdan bosqima-bosqich voz kechmoqda. Gruziya va Moldova birinchilardan bo‘lib polietilen xaltalarni ishlab chiqarish va sotishdan voz kechdi. Fransiyada undan foydalanish taqiqlangan.
O‘zbekistonda vaziyat yaxshilanadimi?
O‘zbekiston plastik chiqindilarni tizimli tarzda inventarizatsiyadan o‘tkazgan. Bu jarayon mamlakatda chiqindilarni boshqarish strategiyasini shakllantirish uchun muhim vosita bo‘lib, u plastikning qaysi sektorda eng ko‘p ishlatilishini, qayta ishlash darajasini va chiqindilar hajmini baholash imkonini beradi. Ammo mamlakatda qayta ishlash sektori hali yetarlicha rivojlanmagan. Cheklangan qayta ishlash korxonalari plastik chiqindilarni samarali qayta ishlashda muammolar tug‘diradi. Bu holatni yaxshilash uchun yangi qayta ishlash zavodlarini qurish va mavjudlarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.
Chiqindilarni alohida yig‘ish tizimi rivojlanyapti, ammo hali bu jarayon butunlay samarali emas. Alohida yig‘ish punktlarini kengaytirish, ekologik madaniyatni oshirish maqsadida aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari olib borish zarur. Plastik chiqindilarni boshqarish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Bu plastikni qayta ishlash uchun majburiy kvotalar, bir martalik plastik mahsulotlarga cheklovlar va plastik ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan majburiyatlari orqali amalga oshiriladi. Biologik parchalanadigan materiallar ishlab chiqarishga investitsiyalar jalb qilish, plastik mahsulotlarga alternativalarni ishlab chiqish va yopiq tizimlarni yaratish kabi innovatsion yondashuvlar ham o‘ylab topilmoqda.
Aholini ekologik madaniyatga o‘rgatish, chiqindilarni saralashning ahamiyatini tushuntirish hamda ekologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan axborot dasturlari va maktablar, korxonalarda ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, plastik chiqindilarni barqaror boshqarish uchun davlat, biznes va fuqarolik jamiyatining faolligi muhim ahamiyatga ega.