Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

PO‘LATZOV yoxud avliyolar makoni

18.10.2024 1124

Shahobiddin LUQMON

Bo‘stonliq – go‘zal tabiati, tarixi va madaniyati bilan ajralib turadigan maskan. Tabiat manzaralari, qadimiy obidalari bilan mashhur bu tuman Toshkent viloyatining shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Bo‘stonliqning hali inson qadami yetmagan yerlarida sirli va unutilgan ajoyibotlar bor. Bunday go‘shalarni kashf etish nafaqat hududning boyligini ko‘rsatadi, balki uning kelajagi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Aslida, Bo‘stonliqda hali to‘la o‘rganilmagan, odam qadami kam yetgan joylar borligini bizga o‘sha yerda yashovchi mehnat faxriysi, Amir Temur ekspeditsiyasi ishtirokchilaridan biri – Said Ahmad ota xabar qildi. U kishining aytishicha, biz tanishtirmoqchi bo‘lgan joylar tarixi poleolit davri-yu makedoniyalik Iskandar bosqini davriga borib taqalar ekan.

Asosiy obyektimiz – tog‘ tepasida joylashgan Po‘latzov degan joy. Bu yer sayhonlik bo‘lib, tog‘ning yuqori qismida joylashgan. Turli davrlarda odamlar bosqinchi dushmanlardan himoyalanish uchun shu tabiiy qal’aga chiqishgan, kirib borish yo‘li bitta bo‘lgani uchun himoyalanish ham oson kechgan. Iskandar Maqduniy bosqinida, eroniylar hujumida, oxirgi marta Rossiya imperiyasi bosqini davrida yerlik aholi Po‘latzovda himoyalangan. Qish-bahor mavsumida bu joyga chiqish deyarli ilojsiz. Bo‘stonliqdan qadimgi odamlardan qolgan qoldiqlar topilganini hisobga olib, Po‘latzovda qadimgi, ibtidoiy davr odamlari ham yashagan degan taxminlar mavjud. 

Ming yillar davomida odamlarga boshpana, dushmandan himoya qo‘rg‘on bo‘lib kelgan go‘sha flora va faunasini saqlab qolgani bilan ham ahamiyati katta. Bizga bu joyni tanishtirgan Said Ahmad ota ham faqatgina bilish, o‘rganish uchungina yoritish kerakligini, lekin ommaviy joyga aylantirib, hududning tabiati-yu hayvonot olamiga ziyon yetkazmasklik lozimligini uqtirdi. Bizning maqsadimiz ham shu, tabiiyligini to‘la saqlab kelayotgan bunday hududlar juda ham kam. Amir Temur ekspeditsiyasi davomida bu joylar ham bir qadar o‘rganilgan, ammo ekspeditsiya maqsadi aynan Amir Temur tarixiga yo‘naltirilgani uchun hududning boshqa jihatlariga katta e’tibor berilmagan.

Po‘latzov taxminan 2000-2500 metr balandlikda joylashgan. Bo‘stonliq tumani o‘rmon xo‘jaligida 25 yil katta inspektor bo‘lib ishlagan Abdurahmon otaning aytishicha, biz aytayotgan sayhonlik maydoni taxminan 50 gektar, ba’zilar esa 1000 gektarni tashkil qiladi deyishadi. Bu degani rostdan ham u yerda alohida eko muhit shakllanishi uchun sharoit bor. Ilvirs (qor qoploni), ayiq, kiyik, burgut kabi kamayib ketayotgan hayvonlar yashaydi. Abdurahmon otadan yana bir qiziq gap eshitdik. Jarohatlangan hayvonlar shu tog‘ tizmasida joylashgan “Azobzov” degan jarlikka tushib, u yerdagi mumiyo yordamida jarohatidan forig‘ bo‘lar ekan.

Po‘latzovning oxirida buloq bo‘lib, uning ortida Oyimqamaldi deb ataladidan g‘or bor. Bir necha yillar oldin g‘orga chet ellik alpinistlardan biri tushib ko‘rmoqchi bo‘lgan, lekin 5-6 metr pastlab, qo‘rquvdan dodlagan va uni qaytib tortib olishgan ekan. Shu-shu, bu g‘orga tushib ko‘rishga harakat qiladiganlar topilmagan. Rivoyatlarga ko‘ra, bir paytlar dushmanlardan qochib shu yerga kirib ketgan ayol nomiga bu joy “Oyimqamaldi” deb nomlanadi. Kim bilsin, Oyimqamaldida ham moziydan hikoya qiladigan katta sirlar yashirindir.

Hududda  Qoramozor, Xondayliq, G‘ijol, Oqtosh kabi qishlolar joylashgan. Shuningdek, ayni yerlarda tog‘dan tushuvchi turli katta-kichik ariq-soylar juda ham ko‘p. Said Ahmad otaning aytishicha, bu tog‘lar etagida juda mashhur ot bozori bo‘lib, u kishining ota-bobolari shu bozorni nazorat qiluvchi kishilardan bo‘lgan ekan. Bu yerga Xitoydan, arab-u ajam diyorlaridan kelib, Turkiston otlarini xarid qilishgan. Tarixdan ham turkiylarning jangovar, baquvvat ot zotlari mashhur bo‘lgani ma’lum. Yerlik aholining tarkibi o‘zbek, qozoq, qirg‘iz kabi ko‘p millatli – asosan turkiy xalqlar.

Bu joylarni avliyolar makoni ham deyishadi, turli davrlarda 50 dan ortiq avliyolar yashab o‘tgan ekan, ko‘pchiligi Yassaviy tariqati izdoshlaridan bo‘lgan. Masalan, Ko‘kterak otalar, Qalliq ota ziyoratgohlari. Ulardan eng mashhurlaridan biri Oqsoq ota bo‘lib, uning asl ismi shayx Shamsiddin. U kishi tabobat bilimdoni bo‘lgan va shu yerda tabiblik bilan shug‘ullangan. Oqsoq otaning qabri o‘zining nomi bilan ataluvchi Oqsoq ota daryosi bo‘yida joylashgan. Bundan tashqari, bir qancha boshqa avliyolarning ham qabrlari joylashgan bo‘lib, hozir ularni tabarruk joy sifatida mahalliy aholi va qo‘shni respublikadan kelgan mehmonlar ziyorat qiladi.

Nima uchun bu yerda avliyolar ko‘p bo‘lgan, degan savolimizga ham qiziq va mantiqli javob oldik. Odamlar doim suv bor joyda qo‘nim topgan, sivilizatsiyalar ham suvlar, daryolar bo‘yida vujudga kelgan. Yuqorida bu hududda turli soy va daryolar ko‘p ekanini aytdik. Bu esa aholi yashashi uchun zarur shart-sharoitni yaratadi.  Shu ma’noda Bo‘stonliqdagi maskanga ham turli davrlarda odamlar ko‘chib kelgan, qo‘nim topgan.

Aziz kishilarning xalqqa ta’siri katta bo‘lgan, bir musofir ulovini bog‘lab ketib, o‘n yildan keyin kelsa ham, joyida turgan bo‘ladi, degan ta’rif berilgan ekan. Umuman, tarixda diyorimizdan avliyolar, imomlar ko‘p chiqqan. Zahiriddin Muhammmad Bobur ham “Boburnoma” asarida ‘Hazrati Risolatpanoh sollallohu alayhi vasallam zamonlaridan beri Movarounnahrda shunchalik miqdorda islom imomlari paydo bo‘ldilarki, dunyoning hech bir mamlakatida bunchalik ko‘p paydo bo‘lmagandir”, deb yozadi.

Po‘latzov sayhonligi, Oyimqamaldi g‘ori va avliyolarning ziyoratgohlari bu hududning tarixiy-madaniy ahamiyatini ko‘rsatadi. Said Ahmad ota kabi mahalliy mehnat faxriylari bu hududni o‘rganish va uning sirlarini ochish borasida muhim ishlar qilmoqda. Bo‘stonliqning ekologik xilma-xilligi va uning yodgorliklari nafaqat mahalliy aholi, balki tashrif buyuruvchilarda ham qiziqish uyg‘otadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish