Mahalladagi yoshlar yetakchilari yoshlarni xorijiy tillarni mukammal egallashga, turli tanlov, tadbirkorlik va zamonaviy kasblarga jalb qilishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Shunday yetakchilardan biri Buxoro shahridagi Furqat mahallasi yoshlar yetakchisi Bobur Qudratov.
Bobur Qudratov bugun o‘z mahallasidagi bilim olishga ishtiyoqi bo‘lmagan, xulq-atvorida kamchiliklari bo‘lgan, sho‘x, qiziqqon va agressiv fe’l-atvordagi yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga harakat qilib, ularni kitobxonlik, tadbirkorlik va biznesga, shuningdek, turli xil sport musoboqalariga, xorijiy tillarga qiziqtirishga bor kuch-g‘ayrati bilan intilib, kasbdoshlariga ibrat bo‘lib kelmoqda.
Buxoro shahridagi “Furqat” mahallasida:
Xonadonlar soni: 1017 ta;
Aholi soni: 2758 nafar;
Yoshlar soni: 624 nafar.
Parviz endi to‘g‘ri yo‘lda
Furqat mahallasida “og‘ir toifadagi” yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, 14 nafar yosh rahbarlarga biriktirildi. Rahbarlar va yoshlar yetakchisi bu yoshlar bilan suhbatlar uyushtirib, ularni qiynayotgan muammolar haqida gaplashdi. Natijada yoshlar qiziqishiga ko‘ra mashg‘ulotlarga jalb etilib, bandligi ta’minlandi. Doimiy nazorat o‘rnatildi.
Parviz Ashurov xulqi tufayli “qizil” toifaga kiritilgan edi. Yoshlar yetakchisi Parviz bilan suhbatlashib, tushuntirish ishlarini olib bordi. Hozir Parviz yaxshi tomonga o‘zgarib, jamoat ishlarida faol. Yoshlar yetakchisi uning holatini qiziqishlarini o‘rganib chiqib, sportga jalb qildi. Mahallalar o‘rtasida o‘tkazilgan shashka va armrestling musobaqalarida yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Parviz Ashurov o‘z tengdoshlari bilan jamoa tuzib, futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqasida ham zafarli yurishni davom ettirmoqda.
Parviz Ashurov o‘z oldiga tengdoshlari qatori zamonaviy kasb egasi bo‘lishni ham maqsad qilib qo‘ydi. Bobur Qudratov ko‘magida “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali ingliz tilini o‘rgana boshladi.
Yoshlar o‘z yurtida ishlayapti
Nodirjon Nusratov va Nozimjon Mirzayev xorijga ishga ketgan edi. Yoshlar yetakchisi xatlov jarayonida bu yoshlar bilan ham bog‘landi. Ularning holatini, ish jarayonini o‘rgandi. Nodirjon va Nozimjon vatanga qaytgach, ularning qiziqishi va imkoniyatidan kelib chiqib ish va o‘qish bilan band qilindi.
Nodirjon Nusratov shahar markazidagi restoranda oshpaz bo‘lib, xo‘randalarga Buxoroning mazali ovqatlarini tayyorlab bermoqda. Nozimjon Mirzayev esa Buxoro davlat universiteti talabasi. U o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida firmada ham ish faoliyatini olib boradi.
25 nafar yosh til sertifikatiga ega
Mahalla yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”da ham munosib ishtirok etib kelmoqda. Olimpiada doirasida sportning voleybol va stritbol turi bo‘yicha ham qizlar, ham yigitlar jamoasi shahar bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, furqatlik yoshlar “Yoshlar va qonun” tanlovining tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichida ishtirok etishga tayyorlanmoqda.
“Mutolaa”, “UzChess” va “Ibrat farzandlari” yoshlarning sevimli mashg‘ulotiga aylangan. 25 nafar yosh “Ibrat farzandlari” loyihasidan til bilish darajasi sertifikatini olishga muvaffaq bo‘ldi. Yoshlar til o‘rganishga qattiq bel bog‘lagan. Yoshlar yetakchisi Bobur Qudratov ham 4 ta tilda erkin muloqot qila oladi.
Bobur Qudratov va Furqat mahallasi yoshlarining maqsadlari katta. Ular viloyatning eng faol yoshlari sifatida respublika musobaqalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqchi.