Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Pora

15.11.2023 300

Umar Sayfiddin. Turk tilidan Charos Avazova tarjimasi.

Bozor maydonidagi azim chinor daraxtlari go‘yo yerga tushgan soyasini masxaralagan kabi tinimsiz shivirlar, kuchli shamol turgandi. Advokat Hoji Namik afandi qog‘ozlar uchib ketmasin, deya idoraning zumrad oyni eslatuvchi kichik derazalarini tushirib qo‘ydi. So‘ng borib, ochiq eshikni yoparkan, salla o‘ragan, yelkasida xalta,  qo‘lida ot jilovi tutgan, past bo‘yli pak-pakana dehqonning yaqinlashib kelayotganini ko‘rdi:

— Assalomu alaykum, Ali Xo‘ja, bu yerda nima qilib bemavrid yuribsiz? Bozorga hali ikki kun bor emasmidi?!

Dehqon ikki qora nuqtaga o‘xshash mitti ko‘zlarini battar qisgancha:

— Voalaykum assalom, Namik afandi! Boshimga bir balo tushib, oldingga da’vo bilan kelyapman, – dedi bosh chayqab.

— Qani, keling, biroz gaplashaylik-chi.

— Gaplashamiz!

— Qanday dardingiz bor, ayting.

— Sendan boshqa kimga ham aytardim? – dedi  dehqon otining jilovini simyog‘och ustuniga bog‘larkan. Idoraga kirib, yog‘och stolning o‘ng tomonidagi pastakkina to‘qima divanga o‘tirdi, to‘rvasini bir yoniga tashlab qo‘ydi. So‘ng Namik afandi uzatgan qutidan sigaret olarkan, iddaosini tushuntirishga tushdi. Uning dushmani qishloq muxtori Huysuzog‘lu. Bir paytlar Huysuzog‘luga tegishli bo‘lgan yerdan Ali Xo‘ja o‘zi uchun imorat soldirgan bo‘lib, hozir shu tufayli o‘sha joyni butunlay qo‘lga kiritishga tirishayotgandi. Go‘yoki, imorat kimniki bo‘lsa, yer ham uniki bo‘lishi kerakmish. Namik afandi oppoq soqolini tutamlab, ko‘zoynagi ostidan boqarkan:

— Adashasiz, Ali Xo‘ja, – dedi.

— Haqsizmanmi?

— Ha.

— Yo‘q, haqman!  Nega unda bino qurilayotganda indamadi?

— Indamasa ham.

— Haqligimni bilaman, Namik afandi. Da’vomdan voz kechmoqchi emasman.

— Yutqazasiz!..

— Mayli, nima bo‘lsa ham. Lekin da’vomdan voz kechmayman.

Namik afandi adolatsiz ishlarni ko‘rib chiqa olmasdi. Bir tomoni Ali Xoʻjaning vakolat taklifini rad etmoqchi bo‘ldi ham. Ammo Bo‘zoyuq qishloq ahli uning o‘ttiz yillik mijozlari bo‘lib, eshak o‘z oxuruni bilar qabilida hamisha bu idoraga kelishar, davlat ishlari bo‘yicha unga murojaat qilishga odatlanishgandi. Qishki zahira ham butunlay o‘sha yerdan kelardi hisob. Shularni o‘ylab nihoyat:

— Mayli, ishingiz bilan shug‘ullanaman. Yutqazsangiz, mendan o‘pkalamaysiz, – dedi.

— O‘pkalamayman, lekin sen nimani ham yo‘qotarding?

— Chunki haqsizligingiz aniq!

— Hokimga semiz bir qo‘chqor yuborsam-chi?..

— Nima?..

— Shunda da’voda yutib chiqolarmidim?

— Bunday qilsangiz, shubhasiz, yutqazasiz!

— Nega?

— Yangi hokim siz bilgan odamlardan emas.

— ...

   Ali Xoʻja advokatning bu qadar kuyib-yonishiga uncha tushunolmadi. Undan yangi hokimning ta’rifini uzoq eshitdi. Aytishicha, bu odam pora va hadiyalarning dahshatli kushandasi emish! Hatto eng to‘g‘ri da’vogar ham unga pora berishga urinsa, o‘sha zahoti  haqsiz  bo‘lib chiqarkan. Ali Xoja:

— Alloh bunday adolatparvarlarni mol-dunyo sababidan kam qilmasin, – deya duo qildi.

— Omin, omin, – dedi Namik afandi ham.

   Ular da’vo va haqiqat haqida bir soatcha gaplashishdi. Vakolat bo‘yicha kelishib olishdi ham. Advokatning ko‘rinishida umidsizlik zohir edi. Axir bu ishni yuz xotiri uchun olgan, haqsizlik esa shu qadar ravshan ediki...

   Ikki hafta o‘tgach, xuddi shu paytda yashil rangga bo‘yalgan idora eshigi oldida Ali Xo‘ja paydo bo‘ldi. Namik afandi arznoma yozayotgan edi. Ko‘zoynagi ostidan mijozini ko‘rdi deguncha kulib yubordi:

— Ie, xush kelibsiz! Qoyilmisiz, ishda yutib chiqibmiz-a! – dedi. Bir haftadan beri hokimning qanday qilib bunday nohaq hukm chiqarganiga uning boshi qotardi.

— Men yuborgan qo‘chqor tufayli yutdik, – deb javob berdi Ali Xoja sovuqqonlik bilan.

— Nima!.. Hokimga qo‘chqor yuborganmidingiz?

— Ha.

— Bunga qanday jasorat etdingiz-a?

— Ha, o‘zing menga “Poraning kushandasi, kim hadya bersa, haqsiz chiqadi”, deb aytmaganmiding?

— Shunday.

— Qo‘chorni yuborganimda o‘z ismimni bermadim.

— Nima qildingiz unda?

— Raqibim muhtor Huysuzog‘luning ismini berdim.

— ...

Keksa advokatning qo‘lidan qalami tushib ketdi. Orqasiga suyanib, qarshisida unga qarab yaltirab turgan mitti-mitti qora ko‘zlarga tikilib qoldi. Maydondagi azim chinorlarning to‘xtovsiz shivir-shivirlari Ali Xo‘janing oyoqlari orasidan o‘tib, devoriga eski gazetalar yopishtirib tashlangan idoracha bo‘ylab kezinardi go‘yo...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish