15-sentabrdan 15-oktabrgacha Toshkentdagi markaziy (Shimoliy) temiryoʻl vokzalidan harakatlanadigan aksariyat poyezdlar qatnovi “Toshkent-Janubiy” vokzalidan amalga oshiriladi. Bu haqda “Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ xabar bermoqda.
Bu vaqt mobaynida “Toʻqimachi” hamda “Toshkent-yoʻlovchi” temiryoʻl bekatlari oraligʻidagi yoʻlda texnik taʼmirlash ishlari olib borilishi maʼlum qilingan.
Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari, “Sharq” (Toshkent — Buxoro — Toshkent), “Nasaf” (Toshkent — Qarshi — Toshkent), “Oʻzbekiston” (Toshkent — Andijon — Toshkent) hamda xalqaro yoʻnalishlardagi Toshkent — Volgograd — Toshkent, Dushanbe — Toshkent — Dushanbe yoʻlovchi poyezdlari “Toshkent-Janubiy” temiryoʻl vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Olmaota — Toshkent — Olmaota, Toshkent — Novosibirsk — Toshkent, Toshkent — Samara — Toshkent yoʻnalishida harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlari hamda Toshkent — Hojikent — Toshkent shaharlararo poyezdlari qatnovi bundan mustasno, ular Shimoliy vokzaldan qatnovni davom ettiraveradi.
Har ikki vokzaldagi barcha chiptaxonalar uzluksiz ishlaydi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin. “Toshkent-Janubiy” temiryoʻl vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat oʻtish punkti doimiy ravishda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatadi.
Bir oy mobaynida “Toshkent-Markaziy” vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd joʻnashidan oldin chipta xarid qilgan yoki adashib “Toshkent-Shimoliy” vokzaliga kelib qolgan yoʻlovchilarni “Toshkent-Janubiy” vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnaydi.
Rekonstruksiya ishlaridan soʻng mazkur hududdagi temiryoʻlda poyezdlar oʻtkazuvchanligi yanada ortishi va yuk poyezdlarining toʻxtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratilishi qoʻshimcha qilingan.