O‘zbekistonda o‘quvchilarga ta’lim bilan bir qatorda, tarbiya ham berib kelinadi. Ammo yoshlar hozirgi kunda maktabdan tarbiya olmoqdami? Tarbiyani kim berishi lozim o‘zi: maktab, ota-ona, kitob, jamiyatda sodir bo‘layotgan tashqi ta’sirlar yoki muhit? Aslini olganda bugungi qiziqqon, shoshqaloq avlodga tarbiyani kim berishi emas, qanday berish masalasi dolzarb.
XXI asr. Olti-yetti yoshli bolaning qo‘lida telefon. Aniqlanishicha, 12-16 yoshli bolalar telefondan kuniga 8 soatdan 12 soatgacha foydalanmoqda ekan. Bola bir sutkaning yarmini yoki uchdan birini shu qurilma bilan o‘tkazadi. Bu hatto maktab darslari, ota-ona bilan muloqotdan-da ko‘proq. “Pediatriya” jurnalida chop etilgan izlanish natijalariga ko‘ra, videoo‘yinlarga mukkasidan ketgan bolalarda bu odatga aylanib, ruhiy xastalikka yetaklashi mumkin. “O‘zini video o‘yinlardan uza olmaydigan bolalarda depressiya va bezovtalanish kuchayadi” deydi nufuzli Klivlend klinikasi doktori Maykl Manos.
Bolaga velosipedni mashinalar qatnov yo‘lida haydama, shoshib tez haydama deb bot-bot uqtirsangiz ham, u o‘z bilganida qoladi. Ota-ona farzandiga bu xatti-harakatlar mudhish holatlarga olib kelishi mumkin ekanligini aytib tushuntira olmasligi ham tabiiy hol. Lekin bola o‘z ko‘zlari bilan shunday mudhish holatning guvohi bo‘lar ekan, bu ishning qanchalik xato ekanligini va bu holatga o‘zi ham tushishi mumkinligini tasavvur qiladi. Avtohalokat haqida eshitishdan ko‘ra, uning guvohi bo‘lish ta’sirliroq, albatta. Buning uchun avtohalokat uyishtirish kerakmi endi?
Yoshlarni ularni o‘ziga jalb etuvchi va zamoniy vositalar orqali tarbiya qilish lozim. Bu jihat hozirgi kunda sintetik san’at hisoblangan kinoda mujassamdir.
2008-yilda rejissyor Mirmaqsud Oxunov sur’atga olgan “Shabnam” filmi yodga olinsa. Filmning bosh qahramoni Shabnam (Gulchehra Eshonqulova) kinoda o‘zbek qizlariga xos bo‘lgan milliy bosh kiyimi – do‘ppida gavdalanadi. Bu film tomoshabinlarga taqdim etilganidan so‘ng butun Toshkent qizlarining boshida“Iroqi do‘ppi” ommalashdi. Bu – kinoning ta’siri.
2016-yildan so‘ng yoshlar orasida “Ko‘k kit” nomli o‘yin ommalashib ketdi. O‘yin real hayotda olib boriladigan o‘yin bo‘lib, uning yakunida o‘ynovchiga o‘z joniga qasd qilish topshirig‘i beriladi. O‘yin ishtirokchisi topshiriqni ijtimoiy tarmoqdagi “O‘lim guruhi”dagi noma’lum “kurator”dan olib turadi. Moskvadagi maktab o‘quvchilaridan biri “Ko‘k kit”dan onasini o‘ldirish haqida topshiriq olgan. Moskvalik 36 yoshli ayol o‘g‘lining yozishmalarini o‘qib qolgach, politsiyaga murojaat qilgan. Mana shunday holatlarning oldini olish maqsadida o‘sha vaqtda O‘zbekiston yoshlariga maktablarda rejissyor Orif Yo‘ldoshevning 2005-yilda suratga olingan “O‘yin” nomli filmi qo‘yib berilgan edi va bu juda yaxshi natija ko‘rsata oldi.
“Meni kechir, yigit. Unaqa qarama menga. Ishim shunaqa bo‘lgani bilan, o‘zim ko‘ngilchan odamman. Sen esa birinchisi emassan. Oxirgisi ham. Dunyoda qimor degan narsa bor ekan, hali ne-ne yigitlar senga o‘xshab “Rossiya”ga ketadi. Lekin xatni bekor yozding-da, endi seni hech kim qidirmaydi. Hech kim sendan xavotir ham olmaydi. Ishi ham bo‘lmaydi. Mening qo‘limdan keladigani faqat bir yaxshilik: pichoqni bir tortaman-u… Qo‘rqma, qiynamayman”.
Filmda shu kadrning o‘zinigina ko‘rgan har qanday inson bunday o‘yinlarga qiziqmasligi, agar oldin qiziqqan bo‘lsa, qaytib bu haqda o‘ylamasligi aniq. Film orqali yoshlarga qimor va shunga o‘xshash illatlarning oxiri qanday yakun topishi mumkinligi ochiq-oydin ko‘rsatib berilgan. Qing‘ir yo‘llarga kirib qolgan ko‘plab yoshlar shu film ta’sirida to‘g‘ri yo‘lga qaytdi. Bu kabi kinolar orqali yoshlarga milliy ruhiyatni singdirish hamda ularga yaxshi tarbiya berish mumkin. Hozirgi kunda ham nafaqat yoshlar, kattalar orasida ham ommalashayotgan onlayn qimor o‘yinlarining oldini olish uchun bunday filmlar zarur.
Kino san’ati boshqa san’at turlariga nisbatan keng imkoniyatlarga ega. Kino paydo bo‘lgach, unga nisbatan ko‘pchilik “zamonaviy qurol” sifatida qaradi. Undan xalqlarning hamda jamiyatlarning mafkurasini, ongini va qarashlarini xoh ijobiy, xoh salbiy tarafga o‘zgartirish uchun foydalanishdi. O‘z vaqtida Vladimir Lenin ham “Biz uchun san’atda hammasidan ham muhimi – kino” deya kinoni o‘z maqsadi yo‘lida ishlatgan.
Bugungi kunga kelib kinodan propaganda sifatida keng foydalaniladi. Faqat bu propagandani to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish lozim. Kino orqali yoshlarga ijtimoiy, axloqiy tarbiya berish, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish eng kerakli masalalardan biri.