Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qachon uyg‘onasiz?

12.8.2024 473

Sug‘diyona SOBIROVA  

Bolalik xotiralarim hashamatsiz, ammo halovatli qishloq ko‘chalariga qolgan. Ko‘cha changitib yurganman, demayman-u, harqalay o‘sha tor yo‘llarga kovushim izlari tushgan. Uning bahoriy havosi dimog‘imga muhrlangan, erta ko‘klamda uchib kelgan qaldirg‘och-u maynaning sayrog‘i quloqlarimda aks etgan.

Qishloq hayoti shunday: azonlab chorvani haydab o‘tgan cho‘pon go‘yo kunni boshlab beradi. Hamma ish-ishiga, o‘quvchi maktabiga, qariyalar soya-salqinga, yosh bolalar o‘zlari kashf etgan makonlariga shoshilgan. Tun-kun yuziga soya solganda qo‘y-echkilarning, sigir-buzoqlarning ma’rashidan kech bo‘lganini anglab ko‘chada uloqib yurgan bola-baqra uy-uyiga chopgan. Yoz oqshomlari bo‘lsa, qiz-kelinchaklar yo‘llarga suv sepganidan odam qadami tovsilgan paytda ajib tuproq isi ko‘tarilgan. Oh, naqadar sof hidi bor bu ona zaminning!

Zahmatkash otam ana shu ona zaminga mendan ko‘ra ko‘proq yaqin, mehribon. Uning peshona teri bu tuproqqa ko‘p to‘kilgan. Doimgidek ko‘klam kelyaptimi, yer chopig‘i: ketmon ushlagan qadoq qo‘llar dasturxonda turfa taomlar hozir bo‘lishi uchun necha bor tars-tars yorilishga mahkum ekan-a? Hosil ham pishib yetildi. O, uni tashigan otam bellari yana qancha vaqt zirqirab og‘rib yursa?! Yo‘q, men yerni chopib, unum olish yomon demoqchi emasman. Aslo. Ammo jonfido padari buzrukvorlarimiz mashaqqat-u zahmatlariga yarasha ko‘krak kerib nima qilyapmiz? Ana shunisi muammoli.

Nega deysizmi? Bu yoqda ota bug‘doy pishig‘ida g‘allani ortmoqlab, paxta mavsumi oq oltinni zaif jussaga yuklab riyozat chekadi-yu, farzandi arjumand dangasaligi ustunlik qilib, ko‘rpa-yostiqdan ajralolmay, dars mahali uxlab yotadi. Otada nima ayb, bolasining bu qilig‘idan bexabar bo‘lsa?! Axir u farzandiga ishonadi.

Yoki Rossiyaning allaqaysi sovuq o‘lkasida g‘isht terayotgan, muzlagan qo‘llarini pisand etmay, bino quragan otada ne ayb? Hatto metin irodali otalar yot o‘lkalarda quyuq-suyug‘iga-da o‘zi tarmashishga, kiyim-boshini ham o‘zi yuvishga ko‘nikkan. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi-da: kelajagini o‘ylab g‘isht terayotib umidli kulib qo‘yadi.

O, yo‘q, ilkis g‘isht tushib ketdimi?! Hechqisi yo‘q. Axir u farzandiga umid bog‘lagan. Baraka topkur bola esa o‘qishda “telefoni azizi”ga suratga tushish, “Play Station”larda soatlab vaqt o‘tkazish, nechta dilbarlarning ko‘nglini olish, o‘zining “kumir”iga muxlislik qilish bilan ovora. Kontrakt, ijara to‘lovi yaqin, yeb-ichishi uchun ham pul kerak. Birovdan kam kiyinish mumkin emas. Otasi bor-ku...

Shoshma! Otalar qul emas. Ular ham farzandi juvonbaxtlarga o‘xshagan jism-u jondan iborat. Ular robot emas, shunchaki tovoniga chaqirtikanak kirsa, joni “jizz” etadigan, ammo yuzi kulib turadigan inson.

Aqalli otalar hurmati haqqi. Ko‘rpani irg‘iting, yostiq sizga mahtal emas. Suratni qo‘ying, nari yoqda yoshlar o‘qib suvratini tarixga muhrlab qo‘yyapti-ya! Uyg‘oning, axir hozir 3-Renessans,  uyg‘onish vaqt keldi!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish