Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qalbaki pul qanday farqlanadi?

26.10.2023 372

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti

So‘nggi vaqtlarda soxta pullar bilan bog‘liq firibgarliklar tez-tez uchramoqda. Masalan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida bir guruh shaxslar 400 million so‘mlik soxta pul ishlab chiqarib, ularni sotmoqchi bo‘lgan vaqtda qo‘lga olindi. Yoki 100 ming so‘mlik soxta pul chiqargan 20 yoshli yigit voqeasini ham eshitgandirsiz.

Xo‘sh, qalbaki pullarga aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerak? Haqiqiy banknotlarni qalbakisidan qanday ajratish mumkin? Eng ishonchli usuli – banknotni istalgan bankda tekshirishdir. Bu bepul, lekin har doim ham qulay emas. Demak, haqiqiy pulni qalbaki puldan qanday farqlashni o‘rganamiz.

Haqiqiy banknotlarning o‘ziga xos xususiyati – himoya elementlarining mavjudligidir.

Himoyaning asosiy elementlari:

  • Suvli belgilar – yorug‘likda suvli belgilar, tasvirdagidan ochroq rangda ko‘rinadi;
  • Tolalar – qog‘oz matoga kiritilgan rang-barang iplar;
  • Relefli (bo‘rttirilgan) bosma – teginish orqali idrok etiladigan tasvir va yozuvlar;
  • Gologramma – burchak ostida qaralganda uch o‘lchamli gologramma tasvirini beruvchi element;
  • Qog‘ozning ichki tuzilmasida portret tasvirning orqa tomonidan mavjudligi. Ushbu tasvir yorug‘likka qarshi qaratilib tekshiriladi.

Qalbaki banknotni nima qilish kerak?

  1. Banknotlar sizning cho‘ntagingizga tushishidan oldin tekshirishingiz kerak. Agar biron-bir shubha bo‘lsa, pulni olmang.
  2. Agar qo‘lingizda allaqachon shubhali banknot topsangiz, uni sarflashga shoshmang. Agar u haqiqatdan ham qalbaki bo‘lsa, eng kami huquqni muhofaza qilish organlarida vaqtingiz uzoq tushuntirish ishlariga ketadi.
  3. Shubhali pulni biror bir tijorat bankiga olib boring. Ehtimol, pul haqiqiy, ammo shikastlangan bo‘lishi mumkin.

Bank mutaxassislari odatda sizning oldingizda tekshiruv ishlarini olib boradi. Pul shikastlangan bo‘lsa (almashtirishga yaroqli bo‘lgan taqdirda), bank sizga yangisini beradi. Agar pul qalbaki bo‘lsa, uning qiymatini qoplab berishmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish