Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh — nogironlik, bedavo dard va nobud bo‘layotgan go‘daklar

10.5.2024 234

Shahruza SATTOROVA

Bir necha kunlardan beri o‘sha qizcha ko‘z oldimdan ketmaydi. Mitti vujudida og‘ir va bir umrlik dardni ko‘tarib yurgan qizcha! Kattalarning o‘ylamay, bilib bilmay qilgan ishi uchun tovon to‘layotgan qizcha! Onasi terisiga zarar yetkazmasin deb uning qo‘llarini ushlab olgan, aftidan “baliqcha”ni qichishish yoki og‘riq bezovta qiladi. Uning och-pushti terisi doimiy ravishda ko‘chadi, qosh va kipriklari umuman ko‘rinmaydi.

Ha, angladingiz. “Ixtioz”ga chalingan go‘dak. Uning terisi xuddi baliq tangachalaridek edi, bu dardning da’vosi yo‘qligi, kasallikni butun umr yelkada olib yurishi kerakligini o‘ylab, yuragim orqaga tortib ketdi. Qizaloq hali juda yoshligiga qaraganda, bu — tug‘ma. Onasi sog‘lom ekan, otasidan o‘tganmikan? Yo qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oqibati! Kelib chiqish sabablari turlicha bo‘lsa-da, xayolimga kelgan eng birinchi fikr shu bo‘ldi. Va afsuski, fikrim tasdig‘ini topdi: ayol xolasining o‘g‘liga turmushga chiqqan ekan...

Erta turmush qurish yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh qanday oqibatlarga olib kelishini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo minglab oilalar, millionlab bolalar bu haqiqatning qurboni bo‘ladi. Oʻzimniki turganda begona nima kerak; topgan-tutganim oʻzimiznikiga boʻlsin, deb oqibati nima boʻlishini oʻylamay, bolalarining taqdirini xavfga qoʻyayotgan ota-onalar oilaviy muammolar sabab yuzko‘rmas bo‘lib ketadi. Kattalarning qarori jabrdiydalari esa butun umr nogironlik, irsiy kasalliklar, aqliy nuqsonlar kabi o‘nlab dardlar bilan kurashib yashaydi. Ikkinchi, uchinchi bolasini ham yerga ko‘mayotganlar, dunyoga kelmasidan nobud bo‘layotgan farzandlar sonini sanaymiz desak, sanog‘ida adashamiz.

Nega odamlar shu oddiy haqiqatni anglagisi kelmaydi? Nasl oldidagi mas’uliyatini o‘ylamay, yetti avlodini ham xatarga qo‘yadi? Xalqimizning tibbiy madaniyati yetishmasligi oqibatimi bu? Keling, savollarga birgalikda javob izlaylik.

 

Go‘dak opichlagan buvi

Atrofimizda yaqin qarindoshi bilan turmush qurganlar ko‘p. Ularning orasida farzandi sog‘lom tug‘ilgan juftliklar ham bor. Feysbukdagi “Zamonaviy ayollar klubi” guruhida qarindoshiga turmushga chiqishning salbiy oqibatlari haqida so‘rovnoma o‘tkazildi. 200 ga yaqin ayol tanishlari yoki o‘zi qarindoshiga turmushga chiqib, farzandi nosog‘lom tug‘ilgani yoki qarindoshlar yuzko‘rmas bo‘lib ketganini aytgan. So‘rovnoma ishtirokchilarining xohishi o‘laroq, ismlar oshkor qilinmagan.

Ayrim izohlarni keltiramiz:

Men ammamga kelin bo‘lganman. 2 farzandimni yerga berdim: biri ikki yarim yoshda edi, biri homila payti – 3 oyligida nobud bo‘lgan. Shukrki, 3 nafar farzandim bor hozir, lekin har bir farzandimni Ollohdan tilab-tilab olganman, oson bo‘lmagan”.

“Bir opam ammasiga kelin bo‘ldi. Ko‘pchilik qarshi bo‘lgandi. Birinchi farzand sog‘lom tug‘ildi. Ana, hech nima qilmadi, ko‘rdinglarmi, deyishdi. Afsuski, keyingi farzandi nogiron tug‘ildi. Mana, yaqinda 10 yoshga to‘ladi. Er-xotin ajrashdi, quda bo‘lgan opa-uka yuzko‘rmas bo‘lib ketdi”.

“Dugonamda shunday bo‘lgan. Opa-singillarning farzandlari oila qurgan.  Xolavachchalar. Ikki farzandi nobud bo‘ldi. Uchinchisi sog‘lom tug‘ilgandi, ammo olti oylikdan keyin o‘sishdan to‘xtadi, tengqurlaridan ortda edi. 2 yoshga to‘lar vaqtida olamdan o‘tdi.  Oxirgi daqiqalarda ovqat yemay qo‘ydi, ko‘zlari ko‘rmay, faqat miyasi ishlab turdi. Oradan 3 yil o‘tib, o‘g‘illi bo‘lishdi. Alhamdulillah, bolajon sog‘-omon! 3 nafar farzand dog‘i va sabrning mevasi”.

“Yaqin o‘rtog‘im xolasining og‘liga turmushga chiqdi. Birinchi qizi sog‘lom tug‘ildi. Keyin o‘g‘li tugʻildi. Afsus, oyoq-qo‘li falaj bo‘lib tug‘ilgan. 10 yoshda hozir, maxsus maktabga boradi. Boshqa farzand ko‘rgani yo‘q, chunki farzandi yana nosog‘lom tug‘ilishidan qo‘rqadi”.

“Er-xotin ikkovimiz qarindosh emasmiz, lekin qaynona-qaynotam amakivachcha boʻlishgan. 7 avlodga ta’sir qilishi rost, qizim bilsa sindromi bilan tug‘ilgan. 18 ga toʻldi, turli kasalliklar bilan kurashib keladi”.

Shanba kuni edi. Ishdan chiqayotganimda bir ayolga duch keldim. Nabirasini “Bolajon” telekanaliga koʻrsatuvga olib kelgan ekan. Eshikdan kirishda qorovullar “bugun koʻpchilik mualliflar ishga kelishmaydi, telefon qilib kelmabdiz-da”, deyishayotgan ekan. Keyin mendan “Beruniy” metrogacha qanday borishni soʻradi. Yoʻlim metrogacha ekanligi uchun “yuring, koʻrsatib yuboraman”, dedim. Haligi ayol nabirasi – qizaloqni (4-5 yosh edi) orqasiga koʻtarib oldi. “Keling, yordamlashaman, xola”, desam, “Yoʻq, oʻzim eplayman”, dedi.

Xullas, metroda gaplashib ketdik. Aytishicha, qizaloq jigar yetishmovchiligi kasalligiga chalingan. Borgan sari kasallik natijasida jigari qurib borayotgan ekan. Har 4-5 oyda bir marta Qoraqalpogʻistondan Toshkentga pediatriya markaziga bolani da’volatgani olib kelishar ekan. Nima sababdan bunaqa kasalga chalingan desam, “Bu kasallik tugʻma, – dedi xo‘rsinib. – Oʻgʻlimga singlimning qizini olib berganman, shifokorlar qarindoshlik turmushi natijasi bu deb aytishdi”. Qizaloq oʻzi yurishga qiynalar, oyoqlarida mador yoʻq ekan. Shu sababdan koʻtarib yurisharkan. Yoshi katta, toʻlachadan kelgan, koʻzlari mungga toʻla ayol jonsizgina qizaloqni orqasiga opichlab olgan manzara anchagacha yodimdan chiqmadi, ancha vaqtgacha oʻylab qiynaldim”, deydi Gulzoda Safarova.

 

Sog‘lom ota-onadan nega nogiron bola tug‘iladi?

Ota-onasi sog‘lom, irsiy kasalliklari bo‘lmasa, nega farzand nosog‘lom tug‘iladi? Bu savollarga javobni Buxoro davlat tibbiyot instituti bitiruvchi kurs talabasi Mirjalol Jumaqulov sodda qilib tushuntirib berdi:

Tibbiyotda yaqin qarindoshlar bilan oila qurishning salbiy oqibatlari ko‘pligi isbotlangan. Uning asosiy sababi irsiy xastaliklarning ko‘payib ketishi bilan bog‘liq. Olimlarning qayd etishicha, yaqin qarindoshlar nikohi tufayli saksonga yaqin kasallik kelib chiqishi mumkin. Jumladan, tug‘ma aqliy zaiflik, quyonlab, bo‘ri tanglay, xromosom kasalligidan daun xastaligi, bullyoz epidermoliz, gemofiliya, temir moddasining oshib ketishi, aqliy va jismoniy o‘sishdagi jiddiy oqsoqlik kabi.

Bu kasalliklarning hech biri “shunchaki kasallik” emas, aksariyati da’vosiz, butun umr davom etadigan dard. Masalan, tug‘ma nogironlikni olaylik. Tug‘ma nogironlik tufayli bir yilda 303 mingdan ziyod bola hayotining birinchi to‘rt haftaligida vafot etadi.

50 foiz holatda tug‘ma nogironlik sabablarini bilib bo‘lmaydi. Ammo tibbiyot bunday anomaliyalarning paydo bo‘lishi ehtimolini oshiruvchi qator omillarni aniqlagan. Qonning aralashuvi (yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh) tug‘ma nogironlikning asosiy va eng ko‘p kuzatilgan sabablaridandir. Shuningdek, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan bo‘lgan homiladorlikda homilaning nobud bo‘lishi, chaqaloqning ilk oylardagi o‘limi, aqliy zaiflik ehtimoli ikki baravargacha oshadi.

Genetiklar yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda irsiy kasalliklar va tug‘ma nuqsonlar qon bir bo‘lganligi uchun keskin darajada oshib ketishini ta’kidlashadi. Begonalar oila qurganda esa kuchli gen kuchsizini yengadi, boshqa tomonning o‘sha xastaligiga qarshi tura oladi. Shuning uchun ba’zi davlatlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh qonunan taqiqlangan.

To‘g‘ri, tibbiyot rivojlanmoqda, bundan besh-o‘n yillar avval imkonsiz tuyulgan muolajalar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ammo hozircha tibbiyot qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning salbiy oqibatlariga yechim topolgani yo‘q. Buning oldini olishning yagona yo‘li – unga yo‘l qo‘ymaslikdir”.

 

Tovonini avlodlar to‘laydi

Xalqimiz mehmondo‘stligi, odamiyligi, muqaddas oila qadriyatlari, kattalarni hurmat qilish kabi fazilatlari bilan hamisha faxrlanib kelingan. Ammo fazilatlarini tarannum etish bilan birga ayb, nuqsonlardan ham ko‘z yummaslik, ularni tuzatishga intilish kerak. O‘zbekchilikning eng og‘riqli nuqtalaridan biri, shubhasiz, qarindoshlar o‘rtasida nikohga yo‘l qo‘yilishidir. O‘zimniki, sinalgan, jigarim, begonaga kunim qolmasin qabilidagi qarashlar nafaqat bolalar salomatligiga salbiy ta’sir qiladi, ba’zan qarindoshlik rishtalariga ham putur yetkazadi.

Avvalo, tibbiy jihatdan, qolaversa, qurilayotgan oila doimo mustahkam turishiga hech kim kafolat bera olmas ekan, demak, qarindoshlar orasidagi nikohga “xo‘p” deb bo‘lmaydi.

Zotan inson hayoti davomida qabul qiladigan noto‘g‘ri qarorlar uchun nafaqat o‘zi, balki avlodlari ham tovon to‘laydi. Buning oldini olish uchun esa kelajak oldidagi mas’uliyatni his qilish, oqibatlar bilan emas, muammoni paydo qiluvchi sabablar bilan kurashish kerak. Shunday ekan, qarindoshga qiz bermang, qarindoshdan qiz olmang!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish