Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

QAROVSIZ HAYVONLARGA YANGI “HAYOT”

9.8.2024 488

Shahruza SATTOROVA suhbatlashdi

Boshpanasiz hayvonlar muammosiga qachon yechim topiladi?

  Surxondaryoda kamyob suvsar bolasi urib oʻldirilgan video tik-tokga joylandi. Bir necha kun oldin ikki kishining cho‘l toshbaqasiga “nos chektirgan” xabarini eshitgan edik. Tiriklayin yoqilayotgan, so‘yilayotgan mushuklar, vahshiylarcha kaltaklangan eshak, ovlanayotgan noyob hayvonlar, pul tikib, urishtirilayotgan qo‘chqor, xo‘roz, bedanalar, ayovsiz otib o‘ldirilayotgan qarovsiz itlar… Bular yurtdoshlarimizning hayvonlarga munosabatini ko‘rsatib beruvchi manzaralar.

  Ayniqsa, boshpanasiz it, mushuklar bilan bog‘liq vaziyat ancha jiddiy. Odamlar ularni shunchaki zaharlab o‘ldirib yuboradi. Hattoki, mahalla guruhlarida daydi hayvonlarni o‘ldirish uchun dorilar kelgani, aholi olib ketishi mumkinligi haqida xabarlar yoziladi.

  To‘g‘ri, ular qutirgan bo‘lishi, kishilarni tishlashi, zarar yetkazishi mumkin. Lekin oqibatlargacha bo‘lgan yo‘l-chi? Boshpanasiz uy hayvonlari qayerdan paydo bo‘lyapti? Qonunchiligimizda qanday bo‘shliq borki, ularni shunchaki otib yoki zaharlab o‘ldirish mumkin? Qarovsiz hayvonlar bilan shug‘ullanishga o‘zi kim mas’ul? Olib ketilganidan keyin ularni qanday taqdir kutyapti?

  Ayni mavzuda boshpanasiz, qarovsiz va yordamga muhtoj uy hayvonlari uchun Markaziy Osiyodagi birinchi rasmiy va eng yirik boshpanalarni tashkil etgan “Hayot” volontyorlik guruhi asoschisi Irina Matkarimova bilan suhbatlashdik.

Qonunchilikda qanday bo‘shliq bor?

Irina opa, eng avval volontyorlik loyihangiz haqida savol bersam. Ayting-chi, ushbu guruh tuzilishiga nima zarurat bor edi?

O‘zbekistonda boshpanasiz hayvonlar muammosi hal etilmagan. Atrofimizda qarovsiz va yordamga muhtoj uy hayvonlari ko‘p topiladi. Loyihamiz mana shunday boshpanasiz hayvonlar uchun Markaziy Osiyodagi birinchi rasmiy va eng yirik boshpanalarni tashkil qildi. Boshpanada 7 mingdan ortiq it va 20 ta eshak “oʻz uyini” topdi. Bu yerda jonivorlarga oziq-ovqat beriladi, tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Dunyoning aksar mamlakatlarida hayvonlarni muhofaza qilishga qaratilgan qonunchilik mavjud va u insonning hayvonot dunyosiga munosabatini tartibga soladi. Jumladan, O‘zbekistonda ham qarovsiz hayvonlarni tutish va saqlash tegishli qaror bilan tartibga solingan. Lekin vaziyat yaxshilanmayapti. Bunga sabab nima deb o‘ylaysiz?

Bu muammo tobora dolzarblashib borayotganiga sabablardan biri O‘zbekistonda “Hayvonlarga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish to‘g‘risida”gi qonunning yo‘qligidir. Bundan tashqari, masalani hal qilishga qaratilgan yagona qonunchilik hujjati ham hayotga tatbiq etilmagan, juda ko‘p masalalar ochiq, qarorni mukammal deb bo‘lmaydi. Vazirlar Mahkamasining “Qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va saqlash bilan bogʻliq xizmatlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘gʻrisida”gi qarorida hududlardagi boshpanasiz hayvonlarni ushlash bilan Obodonlashtirish tashkilotlari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘limlari shug‘ullanishi kerakligi belgilangan. Tutilgan hayvonlarni saqlash uchun boshpanalar barpo etish, ularni oziqlantirish, parvarishlash, o‘lgan hayvonlarning jasadini yo‘q qilish uchun krematoriylar qurish ham ularning zimmasida.

Biroq ular faoliyatini qoniqarli deb bo‘lmaydi. Ularda moddiy texnika bazasi yo‘q, hayvonlarni vaqtincha saqlash joylari sanitariya gigiyena talablariga javob bermaydi, hayvon organizmi uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmagan. Ko‘plab qo‘lga olingan itlar ochlik, issiqlik, sovuq, oziq-ovqat va suv yetishmasligi, qo‘lga olish paytida olingan jarohatlardan o‘ladi. Chunki bu hujjat parvarishlash uchun mablag‘ ajratishni nazarda tutmaydi. Yana bir jihati, qarovsiz hayvonlarni vaqtincha saqlash punktlarida hayvonlar 5 kungacha saqlanishi mumkinligi belgilangan. 5 kundan keyin omon qolgan “omadli” hayvonlar bilan nima sodir bo‘ladi? Bu haqda biror narsa deyilmagan. Ushbu xizmatlarda evtanaziya mavjud emas.  Hayvonlar har qanday mavjud vosita: belkurak, axlat tashuvchi mashinalardagi presslardan foydalangan holda mexanik ravishda o‘ldiriladi.

Hatto qo‘lga olish jarayoni ko‘pincha juda shafqatsiz tarzda amalga oshirilib, bu jamiyatda salbiy rezonans va ko‘plab shikoyatlarni keltirib chiqaradi.

Bor qoidalarga ham amal qilmayapmiz

– Bu qarovsiz hayvonlarni saqlash borasida hukumat tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Boshpanasiz hayvonlar qayerdan paydo bo‘lib qolyapti?

– Ko‘plab davlatlar uysiz hayvonlar muammosini yengishga muvaffaq bo‘lgan. Chunki jahonda uy hayvonlariga egalik qiluvchilardan alohida mas’uliyat talab qilinib, ularni sayr qildirish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, noqulay sharoitda saqlamaslik, qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik kabi majburiyatlar yuklatilyapti. Bizda-chi? Aholimiz yangi tug‘ilgan mushuk, kuchuk bolalarini qopga solib, shunchaki uyidan uzoqroq joyga yoki ariqlarga tashlab ketmoqda.

Birgina Toshkent shahrida har yili o‘n minglab hayvon ovlanadi. Dunyoning hech bir davlati bunchalik ko‘p hayvonlarni boshpanalarda saqlashga qodir emas.  Ko‘chalarda bu darajada ko‘p boshpanasiz hayvonlar paydo bo‘lishining sababi yuqoridagi qarorda belgilangan parvarishlash qoidalariga rioya qilmaslikdir.

Vazirlar Mahkamasining 202-sonli qarori 4-ilovasida aholi punktlarida itlar va mushuklarni saqlash qoidalari belgilangan. Unda itlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, vaksinatsiya qilish, veterinariya pasporti bo‘lishi kerakligi, ko‘p qavatli uyning alohida kvartirasida qo‘shnilarning roziligi bilan bittadan ortiq bo‘lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat berilishi, alohida uyda itlarni saqlashga faqat bog‘langan holda, erkin sayr qildirishda –  atrofi o‘ralgan hududda ajratilgan holda saqlashga yo‘l qo‘yilishi belgilangan.

Shuningdek, egalar it va mushuklarga jarohat yetkazish, ularni qarovsiz holda qoldirish, jismoniy va ma’naviy azob berish, atrofdagi odamlar va hayvonlarning xavfsizligini ta’minlaydigan zarur choralarni ko‘rish, itlarning qo‘shnilar tinchligini buzib tinimsiz vovillashiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishga majbur. Bu qoidalarning bajarilishini ichki ishlar organlari nazorat qilishi kerak.

Ammo amalda qoidalarga hech kim rioya qilmaydi, rioya qilishni hech kim nazorat qilmaydi ham. Kunduzi hayvonlarni quyoshdan himoyalangan, suv va oziq-ovqat bilan ta’minlangan xonada saqlash kerak. Ammo ko‘pchilik it, mushuklar o‘z ovqatini o‘zi topib yeyishi kerak, deb hisoblaydi. Natijada harakat erkinligiga ega itlar ko‘payadi, buning ortidan boshpanasiz hayvonlar ham.

Oqibatlar bilan kurashish emas, qarovsiz hayvonlar paydo bo‘lishining oldini olishga e’tibor qaratishimiz kerak. Ba’zi mamlakatlarda uy hayvonini ko‘chaga tashlaganlik uchun 10 000 yevrogacha jarima mavjud. Uy hayvonlari bolasini internet orqali sotish uchun ham jarima bor. Chunki biror kishi kimgadir kuchukcha sotmoqchi bo‘lsa, bu unga kerak emasligini anglatadi. Bu holda u sterilizatsiya haqida o‘ylashi, ular paydo bo‘lishining oldini olishi kerak edi. O‘zbekistonda esa bu haqda hech kim o‘ylab ko‘rmaydi. Shu yo‘lni tutmoqchi bo‘lganlar esa siifatsiz veterinariya xizmatlari muammosiga duch keladi. Bizning veterinariya xizmatlarimiz (xususiy veterinariya klinikalaridan tashqari) hayvonlarni himoya qilish bo‘yicha Yevropa konvensiyasi standartlariga muvofiq emas, hayvonlarni sterilizatsiya va kastratsiya qilish bo‘yicha malakali xodimlar yo‘q. Davlat veterinariya bo‘limlarining shifokorlari bunday operatsiyalarini behushlik yordamida, insoniy tarzda o‘tkazish usullari bilan tanish emas. Aholiga majburiy sterilizatsiya va kastratsiya zarurligi haqida ma’lumot berilmagan.

Shuningdek, universal, majburiy sterilizatsiya zarurati qonun hujjatlarida belgilanmagan.  Natijada, ovlash xizmatlari orqali olib kelingan itlarning 99,9 foizi uy hayvonlari bo‘lib, ular umuman tajovuzkor emas. Shunday qilib, egalarining mas’uliyatsizligi tufayli hayvonlar dahshatli, og‘riqli o‘limga mahkum bo‘ladi. To‘g‘ri, boshpanaga tushganlar bundan mustasno. Ammo ularning soni juda kam. Bu yerda ham ba’zi hayvonlar egasini sog‘inib, ovqat yeyishdan bosh tortgan holda o‘ladi. Shu sababli, dunyodagi biron bir boshpana yaxshi sharoitlarni ta’minlay olmaydi, chunki ular uyga muhtoj va mutaxassislarning fikriga ko‘ra, uning ehtiyoji egasiga xizmat qilishdir.

“Hayot” volontyorlik guruhi faoliyati qanday?

– Bugungi muammoli, achinarli davrda qarovsiz hayvonlarga yangi hayot berayotgan “Hayot” guruhida nechta volontyor bor? Boshpanalar qurish, hayvonlarni saqlash uchun mablag‘ qayerdan olinadi?

  – Bizning nodavlat notijorat tashkilotimiz faoliyati Adliya vazirligi va Soliq inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Doimiy homiylar yoki davlat yordami yo‘q. Hisobimizga tushgan barcha tushumlar “Click”, “Payme” va boshqa toʻlov tizimlari orqali gʻamxoʻr fuqarolarning xayriya mablagʻlaridir. Faqat shu insonlar sharofati bilan biz minglab hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilyapmiz.

Guruhimizda 50 ga yaqin ko‘ngilli doimiy ravishda boshpanaga yordam beradi. Ammo biz ko‘ngilli deb atay olmaydigan, goh o‘zlari kelib, goh oziq-ovqat, dori-darmon bilan xayr-ehson qiladigan odamlar ham ko‘p. Biz uchun kichik, arzimas narsa yo‘q, har qanday yordam muhim. Pensionerlar ham, yoshlar ham yordam berishadi.

  Bizning turli guruh va telegram kanallarimiz bor, ularda shaharda yo‘qolgan hayvonlarni qidirish ishlari olib boriladi. Juda ko‘p odamlar mashina urib ketgan itlarga veterinariya yordami ko‘rsatishadi, ularni davolash uchun mablag‘ yig‘ishda yordam berishadi. Hayvonlar sog‘aygach ularga yangi egalar qidiramiz. Yaxshi odamlar tirik mavjudotlar azobiga befarq qolmasligini juda yaxshi anglaganman.

  Biroq berahm, shafqatsiz yoki shunchaki bee’tibor insonlar ham ko‘p. Shuning uchun ekologik tarbiyani, hayvonlarga yaxshi munosabatda bo‘lishni bolalikdan o‘rgatib borish kerak. Volontyorlarimiz maktablarda “Mehribonlik saboqlari”ni  ham olib boradilar. Biroq buning o‘ zi yetarli emas-da.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish