Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Gadjet / kitob: qay biri foydaliroq?

1.8.2024 1869

MHTI tahlillari asosida tayyorlandi

Telefonni cheklash emas, to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish kerak

O‘zbekistonda maktab o‘quvchilarining telefondan foydalanish masalasi tez-tez muhokamaga sabab bo‘ladi. Ko‘plab ustozlar, ota-onalar o‘quvchilarning gadjetlardan foydalanmasligi, maktabga telefon olib bormasligi tarafdori. Ularga ko‘ra, smartfonlar yoshlarni yo‘ldan uradi, kitob o‘qishiga halal berib, vaqtini behuda sarflashiga olib keladi.

Zamonaviy qurilmalardan oqilona foydalana olmaydigan, bu haqda yo‘l-yo‘riqqa ega bo‘lmagan o‘quvchilar ijtimoiy tarmoqlar, virtual o‘yinlarga mukkasidan ketmoqda. Biroq gadjetlar yoshlar bilim olishi, yuqori akademik natijalarga erishishida ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ham Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MTHI) tadqiqotida isbotlangan.

 

Ilmiy asoslangan javob bormi?

XXI asrda uyali aloqa vositalari insonlar hayotida muhim o‘rinni egallaydi. Ayniqsa, ular ish va o‘qishda juda katta ahamiyatga ega. Uyali telefon o‘quvchilarning ta’lim olishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi  doimo munozaralarga sabab bo‘ladi. Telefon o‘quv resurslariga osonroq kirish, muloqotni osonlashtirish va turli ilovalar orqali o‘rganish imkoniyatini bersa-da, potensial chalg‘itish manbayi bo‘lib qolishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas. Bundan tashqari, an’anaviy o‘quv resurslari va chop etilgan kitoblar ta’limda hamon asosiy manba rolini o‘ynaydi. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, ushbu manbalarning qaysi biri o‘quvchi uchun ko‘proq foydali?

Bu savol va xavotirlarga ilmiy asoslangan javobni olish uchun an’anaviy vositalar va raqamli qurilmalarning o‘zbekistonlik o‘quvchilar erishgan akademik natijalarga ta’siri baholandi. Bunda oilada uyali telefon va kitobning O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilar akademik yutuqlariga ta’siri o‘rganildi.

Me’yor muhim

Tadqiqotlar mobil telefondan foydalanishning akademik muvaffaqiyatga ta’siri turlicha ekanini ko‘rsatadi. Felisoni va Godoi (2018) Braziliya biznes maktabi talabalari orasida o‘tkazilgan tadqiqotda mobil telefonlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish mashg‘ulotlar vaqtida, akademik natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Talabalarning kuniga o‘rtacha 100 daqiqa raqamli vositadan foydalanishi maktab reytingidagi ko‘rsatkichi 6,3 balga pasayishiga olib kelgan. Xuddi shunday, Lep, Barkli va Kaprinski (2014, 2015) mobil telefondan foydalanish bakalavriat bosqichi talabalarining akademik muvaffaqiyati pasayishiga, tashvishlarning oshishiga va hayotdan qoniqish darajasining pasayishiga olib kelganini ko‘rsatgan.

Eladxem va Avad (2017) hamda Vedikandeyj va Zaxir (2024) mobil telefonlardan foydalanish va akademik natijalar o‘rtasida ijobiy munosabat mavjudligini aniqlagan. Rubiu va boshqalar (2016) ham mobil telefon akademik natijalarga sezilarli ta’sir qilishini kuzatgan. Tadqiqotlar ko‘rsatadiki, mobil telefonlar akademik natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa-da, salbiy ta’sirlarini minimallashtirish maqsadida ulardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish lozim.

Uyda kitob borligi savodxonlikka ta’sir qiladi

An’anaviy resurs sifatida oilalarda kitob (shu jumladan, bolalar adabiyoti)ning mavjudligi, o‘quvchilarning ta’limdagi natijalari hamda kelgusidagi akademik muvaffaqiyatiga ta’sir qilishi ilmiy asosini topgan. PIRLS 2011 (Progress in International Reading Literacy Study - turli mamlakatlarda boshlang‘ich sinfda tahsil oluvchi o‘quvchi yoshlarning matnni o‘qish va tushunish darajasi sifatini baholab beruvchi xalqaro baholash tizimi) nisbatan past natijalarga erishgan mamlakatlardagi o‘quvchilarning uyida kitoblar kamroq bo‘lganini (Eriksson va boshqalar 2022) ko‘rsatdi.

Sikora, Evans va Kelli (2019) tadqiqotida ham kitobli xonadonlarda kattalarning savodxonlik, hisob-kitob va texnologik muammolarni hal qilish ko‘nikmalari yaxshiroq ekani isbotlangan. Kitob ko‘p xonadonda voyaga yetayotgan bolalar ota-onasining ma’lumoti, mashg‘uloti va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kitobsiz uydagi bolalarga qaraganda 3-yil ko‘proq o‘qishi ham ilmiy asoslangan (Evans va boshqalar 2010).

Shu bilan birga, o‘zi uchun qiziqarli kitoblarni doimiy ravishda o‘qish odati so‘z boyligi va matematika bo‘yicha malakaning oshishi bilan uzviy bog‘liq. Biroq matematika bo‘yicha malaka so‘z boyligiga qaraganda kamroq oshadi (Sallivan va Braun 2015).

Shaxsiy telefoni bor o‘quvchilar yuqoriroq ball olgan

O‘zbekistonlik o‘quvchilarning ta’limdagi natijalari nisbatan pastligi xalqaro test sinovlarida o‘z isbotini topgan.

Ma’lumot uchun: 2021-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (500) dan past natija (437) olganini keltirish mumkin. 2022-yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA (Programme for International Student Assessment) imtihonlarida ilk marta ishtirok etgandi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bolalar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egalladi.

PISA 2022 so‘rovnoma tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda 90 foizdan ziyod 15 yoshli o‘quvchilarning xonadonida kitob mavjud bo‘lishiga qaramasdan, hududlar kesimida o‘quvchilarning shaxsiy telefonga egalik qilishida farq juda katta (qishloq joylarda 61 foiz, katta shaharlarda 88,4 foiz).

So‘rovning dastlabki tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda shaxsiy telefoni bor o‘quvchilar telefoni bo‘lmagan o‘quvchilarga qaraganda barcha test sinovlarida balandroq ball olgan: matematikadan o‘rtacha 11 ball, tabiiy fanlardan o‘rtacha 8 ball va o‘qishdan o‘rtacha 6 ball. Ya’ni telefondan ta’lim resursi sifatida foydalanish ta’lim natijasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shunga o‘xshash tarzda, uyida kitobi bo‘lgan bolalar ham kitobi bo‘lmagan bolalarga qaraganda yuqoriroq bal olgan. Lekin ularning farqi yuqorida keltirib o‘tilgan (telefon mavjud bo‘lgan bolalardagi) farqdan ancha kattaroq: matematikadan o‘rtacha 31 ball, tabiiy fanlardan o‘rtacha 30 ball va o‘qishdan 35 ball bo‘lgan.

Ushbu tadqiqotda PISA 2022 so‘rovnomasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik 15 yoshli 7293 nafar o‘quvchining javoblaridan ma’lumotlar bazasi sifatida foydalanildi. Ma’lumotlar to‘plami ularning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha qayd etgan natijalari, xonadonlardagi kitoblar va uyali telefonlar kabi o‘quv resurslarining imkoniyatlari haqida ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Har ikkisi ham foydali

Moyillikni solishtirish (Propensity-Score Matching), eng yaqin qo‘shnini moslash (Nearest-neighbor matching), regressiya tuzatish (Regression Adjustment) va Kengaytirilgan teskari ehtimollikni tortish (Augmented inverse-probability weighting) moslashtirish usullarining natijalariga ko‘ra: uyda kitoblarning mavjudligi O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilarning akademik yutuqlarini statistik jihatdan muhim darajada oshiradi: matematika ballari 21,1 dan 29,4 gacha, o‘qish ballari 23,6 dan 33,7 gacha va tabiiy fanlar ballari 17,7 dan 29,8 gacha oshadi.

Shu bilan birga, uyali telefon egasi bo‘lish ham ballarning oshoshiga ta’sir ko‘rsatdi. Lekin kitobning mavjudligiga nisbatan ancha kichikroq, ya’ni: matematikadan ballar 5,4 dan 10,5 gacha, o‘qishdan ballar 4,8 dan 9,5 gacha va tabiiy fanlardan ballar 3,4 dan 10,1 gacha oshadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, raqamli qurilmalar akademik natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo an’anaviy o‘quv resurslari, masalan, kitoblar, yanada muhimroq rol o‘ynaydi.

To‘g‘ri targ‘ibot

Ko‘rinib turganidek, raqamli resurslarning ijobiy ahamiyati bisyor. Shunga qaramay, telefonsiz maktablar g‘oyasi ilgari surilib, maktablarda o‘quvchilarga taqiq qo‘yilmoqda. Bu cheklovlar gadjetlarga qiziqish va qaramlikni kuchaytirsa, kuchaytiradiki, aslo kamaytirmaydi. Shunday ekan, o‘quvchilarning raqamli resurslardan oqilona foydalanishini targ‘ib qilish, ularga me’yorlarni tushuntirish zarur. Bu borada MTHI mutaxassislari o‘z tavsiyalarini berdi:

uyali telefondan o‘quv vositasi sifatida mas’uliyat bilan foydalanishni, ta’lim olishda ilovalar, elektron kitoblar va onlayn resurslarni an’anaviy o‘quv usullari bilan uyg‘unlashtirishni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish;

uyali telefon va boshqa raqamli qurilmalardan akademik maqsadlarda samarali va mas’uliyat bilan foydalanishni o‘quvchilarga o‘rgatadigan “raqamli savodxonlik” dasturlarini amalga oshirish.

Kitob o‘qish va savodxonlikni targ‘ib qilishda jamoatchilik ishtirokini quyidagi mexanizmlar yordamida kuchaytirish lozim:

maktab kutubxonalarini yangi va zamonaviy tarzda shakllantirish, o‘quvchilarga har xil  kitoblarni olish imkoniyatini ta’minlash;

maktablar kitob almashish tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash va kengroq miqyosda kitob almashish va ehson qilishni osonlashtirish uchun O‘zbekistonda “Hamma uchun kitob” onlayn platformasini tashkil etish va undan foydalanishni targ‘ib qilish.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish