Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

QAYNOQ BIRDAMLIK

14.1.2023 512

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Shu kunlarda kuzatilayotgan anomal sovuq harorat koʻplab xonadonlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, kunlik mehnati evaziga oila boqayotgan mavsumiy ishchilar, yolgʻiz keksalar hamda nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining roʻzgʻor tebratishi qiyin boʻlib qoldi. Mahalladagi yoshlar yetakchilari yoshlar bilan birga ana shunday koʻmakka muhtoj xonadonlar holidan xabar olib, yordam qoʻlini choʻzmoqda.

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Koʻzichogʻli” mahallasi yoshlar yetakchisi Abdushukur Yo‘ldoshev ham bir nechta muhtojligi boʻlgan oilalarga yordam berishni niyat qildi. Yaxshi niyatda boshlangan ehson mahalladagi tadbirkorlar hissasi bilan yirik xayriya aksiyasiga aylanib ketdi.

Abdushukur YO‘LDOSHEV, Denov tumanidagi “Koʻzichogʻli” mahallasi yoshlar yetakchisi:

–  Mahalladagi tadbirkorlar yordamida “Ezgulik” xayriya aksiyasini o‘tkazdik. Aksiya doirasida sovuq kunlarda qiynalib qolgan 50 ta oilaga:

600 kg. sabzi;

330 kg. piyoz;

320 kg. kartoshka;

30 kg. makaron;

500 dona tuxum;

20 kg. oq qand;

50 kg. goʻsht;

50 litr yogʻ;

300 kg. un kabi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Bunday aksiyalarni tez-tez uyushtirib turamiz. Mahallamizda koʻngilli yoshlardan volontyorlar guruhini tuzganmiz. Ilk bor ular bilan 2022-yil oktabr oyida Sohil koʻchasida quduq qazib, toza ichimlik suvi chiqarish ishlarida ishtirok etdik. 50 metrlik suv quvurlarini yotqizish uchun suv yoʻli kavlab, quvurlarni koʻmib berdik. Noyabr oyida esa mahallamizda joylashgan “Elamonbobo” qabristoniga homiylar tomonidan ajratilgan 1000 tupdan ziyod archa koʻchatlarini ham koʻngilli yoshlar bilan oʻtqazgan edik. 

Sovuq boʻlishiga qaramay, oʻtkazilayotgan xayriya aksiyasida volontyor yoshlar faol ishtirok etib, mahsulotlarni xonadonlarga yetkazib berishda jonbozlik koʻrsatdi. Aksiya qamrovini yanada kengaytirib, ana shunday xonadon farzandlarini sportga qiziqtirib, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ularga shaxmat-shashka sport anjomlarini sovgʻa qilib, uylarida musobaqa o‘tkazyapmiz.

Abdushukur Yo‘ldoshev tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya aksiyasini Yoshlar ishlari agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Jamshidjon Choriyev ham qoʻllab-quvvatladi.  Aksiyaga oʻzi ham hissa qoʻshib, mahsulotlarni xonadonlarga yetkazib berishda qatnashdi.

 

Noqulay ob-havo kimnidir uyidan tashqariga chiqishga imkon bermayotgan boʻlsa, yana kimnidir boshqalarga yordam qoʻlini choʻzishga, hashar uyushtirishga undamoqda. Bu borada ham mahalladagi yoshlar yetakchilari jonbozlik koʻrsatmoqda.

Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumanidagi “Gʻalaba” mahallasi yoshlar yetakchisi Nargiza Namozova tashabbusi bilan mahalla yoshlari, volontyorlar birgalikda yolgʻiz keksalarning holidan xabar olib, hovlisidagi qorlar kurab berildi.

Nargiza NAMOZOVA, Mirzachoʻl tumanidagi “Gʻalaba” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Mahallamizdagi yoshlar, volontyorlar birgalikda koʻchaga chiqish imkoni boʻlmayotgan 6 nafar yolgʻiz keksalarning holidan xabar oldik. Ularning hovlisini, mahalla koʻchalaridagi piyodalar yoʻlaklarini qordan tozaladik. Shu bilan birga, yon-atrofimizda sovuqni sovuq demay qor kurayotgan obodonlashtirish xodimlariga issiq kofe tarqatib, ularning ishiga yordam berdik. Ushbu hasharda mahallamiz yoshlari ishtirok etib, elning duosini oldi.

Bunday hasharlar, xayriyalar Sirdaryo viloyatidagi mahallalarda ham tashkil etildi. Viloyatdagi 236 ta mahallada yoshlar yetakchilari boshchiligida koʻngilli yoshlar oʻz hududidagi keksalar holidan xabar olib, mahalla yoʻllarini qordan tozalab, bozorda savdo qilayotgan savdogarlar, obodlashtirish xodimlariga issiq ovqat va qaynoq ichimlik ulashdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish