Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“QIROLICHANING YURISHI” yoxud yetimxonadan chiqqan chempion

19.1.2023 1095

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA

Gazetamizning kitobxon mushtariylari yoʻllagan takliflaridan kelib chiqib, loyihamizning bu galgi soniga jahon adabiyotining bestseller asarlaridan biri, amerikalik yozuvchi Uolter Tevis qalamiga mansub “Qirolichaning yurishi” asarini tanladik.  Bu asarni oʻqiganmisiz? Javobingiz “ha” boʻlsa, juda soz! Bugungi maqolada asar haqida yana yangi va qiziqarli maʼlumotlarni bilib olasiz, agar hali mutolaaga ulgurmagan boʻlsangiz, birga oʻqiymiz!

Motivatsiya olishingiz aniq!

Asarni ilk bor qoʻliga olgan kitobxon uchun shaxmat oʻynab, jahon chempioniga aylanadigan bosh qahramonning qiz bola ekani qanchalik noodatiy koʻrinmasin, mutolaa davomida ayollarning shaxmatda muvaffaqiyat qozonishi, erkak grossmeysterlarni ham magʻlubiyatga uchratishi mumkinligiga amin boʻlib boradi.

Asarning jamiyatimiz uchun foydali tomonlaridan biri “Qiz bolalarga imkoniyat berilsa bas, har qanday sohada erkaklardan yaxshiroq natija koʻrsata oladi” degan tushunchani singdira olishidir.  Romandagi tasvirlarga diqqat qaratsak, atrofdagi ayrim insonlarning oʻziga boʻlgan munosabati bosh qahramon – shaxmatning boʻlajak qirolichasi Elizabet Xarmonning gʻashiga tegadi. Bu oʻyinni qizlar ham oʻynashi mumkinligini boshqalarga koʻrsatishni, isbotlashni maqsad qiladi va bunga erishadi. Kitobni oʻqib chiqqan opa-singillarimiz oʻzlari uchun juda katta motivatsiya olishlari aniq.           

Giyohvandlikka qarshi kurash

Asarda ilgari surilgan gʻoyalardan biri giyohvandlik, ichkilikbozlikka qarshi kurash targʻibotidir. Agar bosh qahramon Elizabet bulardan oʻz vaqtida chekina olmaganida nafaqat shaxmatdan uzoqlashishi, balki oltinga teng isteʼdodini yoʻqotib qoʻyishi mumkin edi. Bir yoshning halokat sari yetaklovchi oʻrgimchak toʻridan sogʻ-salomat chiqib olishida sevimli mashgʻuloti katta oʻrin tutadi. Shunday ekan, aziz tengdoshlar, unutmaylik, salbiy va befoyda illatlar kelib chiqishining asl sababi vaqtni behuda sarf etishga, bir soʻz bilan aytganda, bekorchilikka borib taqaladi.

Oʻyin yoshlarga nima beradi?

Asarni oʻqir ekanmiz, shaxmat juda ham qiziqarli kombinatsion oʻyin ekaniga amin boʻlamiz. Hatto shaxmat haqida boshlangʻich tushunchaga ega boʻlmaganlar ham Xarmon xonimning taxta uzra misli koʻrilmagan yurishlariga hech qiynalmay tushunishi mumkin.

Ogohlantiramiz, shaxmatga qiziqib qolishingiz ehtimoli ham yuqori! Ota-onasidan juda erta yetim qolgan, mehribonlik uyida tarbiya topayotgan qizaloqning shaxmat orqali erishgan muvaffaqiyatlari misolida ham koʻrishimiz mumkinki, sportning eng xavfsiz va rivojlanishda katta oʻrin tutuvchi bu turi foydali boʻlsa, borki, aslo zarar emas.

Shu oʻrinda oʻyinning bolajonlar va oʻsmirlar uchun foydali jihatlarini sanab oʻtsak:  shaxmatda siz his-tuygʻularingizni boshqarish, raqibni hurmat qilish va magʻlubiyatga uchratish koʻnikmasini shakllantirasiz. Oʻyinni oʻrganish davomida sizda oldinga harakat qilish va raqibning turli xil holatlarini taxmin qilish refleksga aylanib boradi. Dunyoga har tomondan nazar solish qobiliyati esa bizda hamdardlikni rivojlantiradi va odamlar bilan tez til topishishimizga yordam beradi.

Shaxmat oʻynash uchun koʻplab yurishlarni eslab qolish zarur, bu esa xotirani mustahkamlashning eng zoʻr usulidir. Keyinchalik bu koʻnikmalar tibbiyot, dasturlash yoki xoreografiyaga qiziqqanlar uchun ham foydadan holi boʻlmaydi. Shu bilan birga, mantiqiy fikrlash, diqqatni jamlash va ijodkorlik ham shaxmatning bizga berishi mumkin boʻlgan eng foydali tomonlaridir.

Aql gimnastikasi haqida yozilgan eng yoshlarbop asar haqida biroz maʼlumotga ega boʻldik, endi navbat bizni mutolaaga undovchi asar asosida tuzilgan savollarga:

  1. Janob Sheybel Elizabetni 4 urinishda magʻlub qilgan yurishning nomi nima?
  2. “Toʻgʻrisini aytsam, qizaloq, sen aql bovar qilmas darajada yaxshi oʻynayapsan”. Bu eʼtirofni eshitganida Elizabet Xarmon necha yoshda edi?
  3. Qizaloqqa yetimxona televizorida beriladigan komedik seriallardan koʻra, koʻproq qaysi mashgʻulot qiziqarliroq edi?
  4. Romanda tasvirlangan “Har sohada murosasiz, qaysar va yon bermas odam” kim?
  5. Qaysi grossmeyster jahon chempionligiga erishganda qahramonimiz hali dunyoga kelmagandi?

 

Yuqorida berilgan besh savolga javoblaringizni joriy yilning 1-fevral sanasiga qadar yoshlar-ovozi@mail.ru manzilida kutamiz! Savollarga qoʻshimcha sifatida asardan olgan taassurotlaringizni kichik xat shaklida yoʻllashingiz sizga gʻalaba sari ustunlik berishi mumkin! Maroqli mutolaa tilaymiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish