Qish dehqonlar tin oladigan fasl. Ammo qalovini topgan mirishkorlar qishda ham dehqonchilikni to‘xtatgani yo‘q. Termiz shahridagi “Baynalminal” mahallasining bir nechta yoshlari o‘z hovlisida issiqxona qurib, qishin-yozin dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelyapti. Mahalla yoshlar yetakchisi Muruvvat Tursunboyeva shunday yosh dehqonlarning orzusi ushalishida yaqin ko‘makchi.
Mavjuda HAZRATQULOVA, tadbirkor:
– Yoshim 19 da. Uzoq yillardan buyon limonchilik bilan oilaviy shug‘ullanib kelamiz. Mahallamiz yoshlar yetakchisi Muruvvat Tursunboyeva yanvar oyida uyimizga kelib, qanday ish bilan bandligimni so‘radi. Limonchilik sohasini yaxshi bilganim bois alohida issiqxona tashkil qilish niyatim borligini bildirdim. Ular bu ishda yordam berishini aytib, meni “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga oldi. Tez orada yetakchining tavsiyasi bilan 30 million so‘m imtiyozli kredit oldim. Ajratilgan pulning 21 million so‘mini taʼminotchiga o‘tkazib, issiqxona qurish uchun zarur mahsulotlar xarid qildim. Qolgan mablag‘ga 48 tup limon ko‘chati sotib oldim.
Limon yetishtirishning afzalliklari ko‘p. Ishi og‘ir emas. Yangi ekilgan ko‘chat 1 yilda hosilga kiradi va yiliga ikki marta hosil olish mumkin. Hatto yil boshida ekkan ko‘chatlarim hozir bir-ikkitadan meva tugdi. Kelgusi yilda har terimda 8-9 million so‘mdan, jami 18 million so‘m atrofida daromad olish niyatidaman. Bu sohaning past-balandini yaxshi bilaman. Hozir mahallamizda men kabi limonchilik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarga bilganlarimni o‘rgatyapman.
Sobirjon MAJIDOV, tadbirkor:
– Yoshlar yetakchisiga qishki gulzorimizni kengaytirish niyatim borligini aytgandimda imtiyozli kredit olishni tavsiya qildi. Taklifni qabul qilib, “Yoshlar daftari”ga ariza yozdim. Yoshlar yetakchisi va hokim yordamchisining ko‘magi bilan mart oyi boshlarida menga 30 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi. Mablag‘ni taʼminotchi hisobiga o‘tkazib, 10 million so‘miga issiqxonani qaytadan taʼmirlab, kengaytirdik. Qolgan pulimizga gul tuvaklari, mineral o‘g‘itlar, har xil xonaki gul urug‘larini xarid qildik.
Gullar mehnati va sarf-xarajatiga qarab baholanadi. Hozir 5 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha bo‘lgan turli xildagi gullarni yetishtiryapmiz. 200 ming so‘mlik gulni yetishtirishga 2-3 oy vaqt kerak. O‘zimning issiqxonamni tashkil qilganimdan buyon kuniga 100-150 ming so‘mgacha daromad olyapman.
Bu yil men uchun juda omadli keldi. “Yoshlar daftari”ga ariza topshirganimda hech qayerda ishlamaydigan, bekorchi yoshlardan biri edim. Hozir esa o‘z daromadiga ega tadbirkorman. Bu yil Termiz davlat universitetining matematika yo‘nalishi talabasi ham bo‘ldim.
“Baynalminal” mahallasida shu kunga qadar 71 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 57 nafariga yordam ko‘rsatilib, bandligi taʼminlangan. Bunga qanday erishilgani xususida yoshlar yetakchisidan eshitamiz.
Muruvvat TURSUNBOYEVA, Termiz shahridagi “Baynalminal” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Yoshlarning bandligini taʼminlashda qiziqishini eʼtiborga olyapmiz. Jumladan, 4 nafar yosh o‘z qiziqishiga mos doimiy ishga joylashdi. 7 nafariga imtiyozli kredit, subsidiya asosida 1 nafariga payvandlash uskunasi, 4 nafariga tikuv mashinasi, 1 nafariga kompyuter jamlanmasi berib, ishli qildik. 16 nafar talabaning kontrakt pullari to‘lab berildi. Yana bir yoshning isteʼdodini qo‘llab-quvvatlash, 5 nafarining davolanish, 4 nafarining safarbarlik chaqiruvi rezervi xarajatlari, 3 nafarining haydovchilik kursi, 3 nafarining kelajak kasblarida o‘qishi, 8 nafariga olimpiada, tanlov va musobaqalarning mahalliy bosqichlarida qatnashish xarajatlari, 1 nafar yoshning fuqarolik pasporti badali qoplab berildi.
Shu bilan birga, 3 nafar yoshga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan. Hozir “Yoshlar daftari”dagi 7 nafar yigit-qizning murojaatini o‘rganib, ko‘mak ko‘rsatish harakatidamiz. Maqsadim mahallamizdagi har bir yoshning orzusini amalga oshirish.