Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qishda yana qaltiraymizmi?

29.11.2023 377

Shahruza Sattorova

Bir necha kundan buyon yurtimizda o‘tkir virusli infeksiyalarga chalinish holatlari ko‘paydi. Kasallik, asosan, bolalar va yoshlar orasida kuzatilayotgani ota-onalarni tashvishga solyapti. Harorat pasayib, qish eshik qoqmoqda. Bolalarning asosiy vaqti bog‘cha, maktabda o‘tar ekan, ayni kunlarda ijtimoiy obyektlardagi isitish tizimi masalasi yanada dolzarblashdi. Chunki bu yil 2 229 ta bog‘cha, 2 432 ta maktab tabiiy gazdan uzilib, ko‘mir bilan isitish tizimiga o‘tkazilgan. Ko‘mir bilan bog‘liq talon-torojlarni ko‘raverib, qishda qaltirab qolmasak bo‘lgani degan o‘y ko‘pchilikka tinchlik bermayapti.

Gazni tejash maqsadida ko‘mirga o‘tish boshlandi


16-fevral kuni “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Qarorda, gazni tejash maqsadida yil oxirigacha 5 407 ta ijtimoiy obyekt ko‘mirda isitishga o‘tkazilishi aytilgan. Bu tashkilotlarning 2 229 tasi bog‘cha, 2 432 tasi maktab va 746 tasi tibbiyot muassasasi bo‘lib, ularni isitish uchun 184,4 ming tonna ko‘mir yetkazib berish ko‘zda tutiladi.
Shuningdek, aholiga ko‘mir yetkazib berish hajmi ham oshgan. “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Ne’mat Dushayev 2023-2024-yillar kuz-qish mavsumi uchun aholiga 1 190,8 ming tonna ko‘mir yetkazib berilishi haqida ma’lumot bergan. Bu hajm avvalgi yillarga qaraganda ancha ko‘p, masalan, 2022-2023-yillar kuz-qish mavsumida respublika aholisiga 882 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan edi.


Prezident tanqididan so‘ng…


Joriy yil 31-oktabrda Prezident raisligida energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda ayrim hududlarda aholiga ko‘mir tarqatish tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, oqibatda yetkazib berilgan ko‘mirni yuqori narxlarda noqonuniy sotib yuborish va talon-toroj qilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilinib, Bosh prokuraturaga tarqatilayotgan ko‘mirning aholiga yetib borishini nazorat qilish bo‘yicha tizim yaratish topshirilgandi.


Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Bosh prokuraturaning ishchi guruhi hududlarda muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda. Tekshiruvlardan shu xulosaga kelish mumkinki, tizim poraxo‘rlik va jinoyatchilikka botgan. Eng qizig‘i, bu holatlar faqat tanqiddan keyingina oshkor bo‘la boshladi.
Masalan, ikki kun oldin Qoraqalpog‘istonda mas’ul shaxs 18 ta ta’lim tashkiloti va bitta poliklinikaga ko‘mir sotib olish uchun ajratilgan 1,1 milliard so‘mning 187,5 million so‘mini cho‘ntakka urgan. Shuningdek, ko‘mir yetkazib berganlik to‘g‘risida hujjatlarni soxtalashtirib, yana 931 million so‘m “ishlab topgan”.
Andijon tumanida 1 220 tonna, Jalaquduqda 1 419,9 tonna, Urganchda 678,5 tonna, Buvaydada 1 364,3 tonna, Izboskanda 1 007,9 tonna, Jizzaxda 2 346 tonna ko‘mir mudir omborlari tomonidan “yeb yuborilgan”. Keltirilgan faktlar dengizdan tomchi xolos, qidiruvga ko‘mir talon-toroji deb yozsangiz, yuzlab xabarlar tizilib chiqadi.


Ko‘mir bilan isitishga o‘tilar ekan ushbu obyektlarga ko‘mir yetkazib berish, davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli sarflanishi uchun Davlat sherigi va xususiy sheriklar javobgar bo‘lishi aytilgan. Bundan tashqari 13 mingta obyekt (ularning ko‘pi maktablar) isitish tizimi xususiy sheriklarga topshirilgan. Davlat sherigi etib hokimlar tayinlangan va ular xususiy sheriklarni tanlab olishi kerak edi.


Xususiy sheriklarning esa ahvolini ko‘rib turibsiz, ularning aksariyati ustidan sud ishi ochilgan. Mahkama va tergov qayergacha borishini oldindan aytish qiyin. Bu voqealardan jabr ko‘radiganlar esa yana oddiy odamlar bo‘lib qoladimi? To‘satdan sovuq tushib qolsa, aksariyat maktablarda na ko‘mir, na ishchi, na pul bor, isitishga mas’ullar esa jinoyatda ayblangan. Yagona chora esa sinfxonalarda pechka o‘rnatib, o‘tin yoqish bo‘ladimi?
Muhtoj aholichi? Imtiyozli narxda tarqatilishi kerak bo‘lgan ko‘mirning ham katta qismi sotib, yeb yuborildi. Gaz yo‘q, o‘tin sotib olishga qurbi yetmagan xalq qishda yana tappi yoqishga mahkum bo‘ladimi? O‘ylaymizki, bizni qiynayotgan bu savollar xususiy sheriklarni tanlagan, ular qatorida mablag‘larga javobgar bo‘lgan, davlat sherigi hisoblanmish hokimlarni ham o‘ylantiryapti. Tez orada barcha maktablarga ko‘mir to‘liq yetkazib berilgani, yetkazilgan zarar undirilgani haqidagi xabarlarni eshitishdan umid qilib qolamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish