Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qiz bola "narsa"…

5.12.2023 535

E'zoza UMURZOQOVA, Ishonch.uz

Men shu jamiyatning ko'rinmas taqiqlari ostida ulg'aygan gulman, hu-uv anavi "Kichkina Shahzoda"ning guli kabi, ikki dona tikoni bilan o'zimni himoya qila olaman, deb o'ylaydigan gul... aslida esa doim tilla sochli bolaning parvarishiga muhtojligi bor gul…

Kecha ayam qo'ng'iroq qildi, "qiz bola "narsa" ko'pam ko'chada yurmaydi, uyda darsingni qilib o'tir", dedi. Yana 18 yoshida kelin bo'lgan dugonamning qaytib kelgani haqida aziyat chekib gapirdilar. Uy ishlarini eplay olmagan emish, bir yil ichida tug'mabdi. "Yomon bo'libdi", deb qo'ya qoldim. Axir yana nima ham derdim. U o'qimoqchi edi, maktabni qizil shahodatnomaga tugatdi, qancha yig'ladi, baribir o'sha puli bilan kekkayganga uzatvorishdi, endi qaytib kelgani uchun tovonini o'zlari to'lashsin deymi?!

Qishlog'imizda har kuni bunday voqealarni eshitaverib qulog'im "qotib" ketgan. O'zimning hayotimdan minnatdor bo'lib yashashda davom etaverdim. Ba'zan buvim "malimchilikka" o'qisang-chi deb qo'yadi. Kimdir eshigimizni taqillatsa, "qizi jurnalist" degan gapni eshitib qaytib ketganidan hadsiz quvonaman. 

Menda shunday kunlar bo'ldiki, kelajagimga qishda muzlagan daryoning sathiday ishonchsiz boqdim. Hozir shu muzni bossam sinib ketmasmikan dedim. Ammo yengdim. Tegish mumkin bo'lmagan qadimiy ko'zaga o'xshash jamiyat streotiplarini sindirdim. Ruhimni ulg'ayib borayotgan qo'rquvlardan qutqardim. 

Lekin buni men qila oldim… Kecha "qaytib kelgan" 19 yoshli dugonam-chi? 
Har qadamimda unga o'xshagan qizlarning orzularini gardanimda ko'tarib yurgandek his qilaman. Va o'ylayman, nega bu jamiyat bizga "qiz bolasan" degan taqiqlarni ko'ndalang qo'yaveradi?! Tilimiz chiqmasidan sarpolar yig'ishni boshlashadi, qo'limizga kitob emas, boshimizga ro'mol berib kelin salom qildirib kelajagimiz haqida xayollar qilishadi, aqlimizni tanishimiz bilan uy ishlarini o'rgatishadi, agar eplolmasa, "ertaga ering haydavoradi" degan dashnomlar bilan ulg'aytirishadi. Yaxshi joylardan ato qilsin, deb duolar qilishadi. 

Bizda aksariyat qizlar bir oilaga kelin sifatida tarbiyalanadi, bir jamiyatga o'z foydasini keltiradigan shaxs sifatida emas! Fikringni aytmoqchi bo'lsang "qiz bolasan, gapga aralashma", kulmoqchi bo'lsang "kulma, yengiltak qiz shunday qiladi", o'qimoqchi bo'lsang "egang o'qitvoladi", haqiqatni talab qilsang "kelin gap qaytarmaydi", ishlamoqchi bo'lsang "ayol kishi uyda o'tirishi kerak", dilingni og'ritgani uchun qaytmoqchi bo'lsang "chida, ayolning joni qirqta, sabrli bo'lishi kerak!", deyishadi. 

Istisnolar bilan qizlar avval otasining, keyin esa erining ko'ngli (qo'li)ga qaraydi. U hech qachon mustaqil shaxs sifatida shakllanmaydi. O'zini ta'minlay oladigan, o'zi uchun eng yaxshisini tanlay oladigan darajada erkin fikrli bo'la olmaydi. 

Biz esa har kuni qaysidir ayol o'zini nechanchidir qavatdan tashlagani, qaysidir er xotinini rashkdan o'ldirib qo'ygani, qaysidir qiz sevgani tashlab ketgani uchun o'zini osib qo'ygani, yana qaysidir qizaloqning zo'rlangani kabi xabarlarni o'qishda davom etaveramiz. Masalan, men ham doim erkak kishiga bo'ysunish kerakligini o'rgandim, uy ishlarini o'rgandim, akamlarning kaltaklariga chidashni o'rgandim, lekin o'zimni himoya qilishni emas! Axir bu olomonning har bir qizi menday emasmi, MEN emasmi?! 

Shunday o'ylar ezib boradi, shunday ruhiy bosimlar ostida uzluksiz qalbimni timdalayman. Atrofimga qarayman, maqsadlarimga uzo-o-q tikilaman, jamiyatda o'z o'rni bo'lgan, bugun jahon minbarlarini zabt etgan kuchli ayollarni kuzataman va o'zimga, jamiki tengdosh dugonalarimga deymanki:

 

Kuchli qanotingiz bo'lsa, 
                           umrbod
Qafasni ko'tarib 
                     uchsa bo'ladi!*

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish