Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“QIZIL” TOIFADAGILAR qanday qilib og‘ir ahvoldan olib chiqilmoqda?

5.7.2023 6001

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Joriy yil aprelda Prezident topshirig‘iga binoan, har bir mahallada 14 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan, ijtimoiy ahvoli ogʻir, davlatning gʻamxoʻrligi va eʼtiborini kutayotgan hamda koʻmakka muhtoj yoshlarning roʻyxati shakllantirildi. Ular “qizil” toifaga kiritilib, ularga birinchi navbatda yordam berish zarurligi belgilab qoʻyildi.

Natijada mamlakatimiz boʻylab 396 ming nafar shu toifadagi yosh vazir, vazir oʻrinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirildi. Koʻrsatilayotgan eʼtibor va koʻmak natijasida minglab yoshlar oʻz yoʻlini topib, ishli boʻlib, “oʻrta” va “yaxshi” toifadagi yoshlar sirasiga qoʻshilishga ulgurdi. Xoʻsh, bu natijaga qanday erishilmoqda?

 

Nilufar MURODOVA, Samarqand shahridagi “Moʻliyoni poyon” mahallasi yoshlar yetakchisi:

Ikki yildan ortiq migratsiyada yurganim bois mahalladagi yoshlarni toifaga ajratishda, avvalo, chet elda ishlab qaytgan yoshlarni “qizil” toifaga roʻyxatga olishdan boshladim. Sababi, ularning qanchalik qiynalganini yaxshi his qilaman. Doim oilasi bagʻrida ishlashni orzu qilgan kishining asosiy muammosi oʻz Vatanida yaxshi ish topish boʻladi. Shu bois ikki nafar migratsiyadan qaytgan yoshni ahvoli “eng ogʻir” yosh sifatida roʻyxatga olib, ularga yordam berishga kirishdim. Har ikkisiga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi uchun Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali rektori Olim Murtazayev bilan birgalikda 33 million soʻmlik imtiyozli kredit ajratilishida ko‘maklashdik. Ulardan biri Savlat Ismoilov mahallada boʻsh turgan binoni olib, yoshlar uchun kompyuter markazi, San’at Ismoilov esa mahalla hududida non va non mahsulotlari markazi ochib, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Hozir ikkisi ham daromad olib, oilasini boqmoqda. Maqsadim – chet elda oila boqaman, deb sarson-sargardon yurgan yoshlarni oʻz oilasi bagʻriga qaytarish. Bunda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar koʻmakchi boʻladi.

“Moʻliyoni poyon” mahallasidagi jami 21 nafar yosh turli sabablarga koʻra “qizil” toifaga olinib, ular hokimlik vakillari, sektor rahbarlari, OTM masʼullariga biriktirildi. Ularni “qizil” toifadan chiqarish uchun “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilgan.

 

Toshkent shahar Yangihayot tumanidagi “Oriyat” mahallasida ham 23 nafar muammoli yosh aniqlanib, “qizil toifa”ga kiritildi. Ularning 14 nafari nogiron, ular tuman hokimiga, probatsiya nazoratida turgan 3 nafar yosh tuman investitsiya, savdo va sanoat boshqarma boshligʻiga, surunkali kasalligi boʻlgan 4 nafar yosh tuman FVB boshligʻi va tuman mudofaa boʻlimi boshligʻiga, yana 2 nafari tuman hokimining oila va xotin-qizlar boʻyicha oʻrinbosariga biriktirildi.

Sayyora XOLBOYEVA, Yangihayot tumanidagi “Oriyat” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– Yoshlarning muammolarini oʻrganish, tegishli yechim topish hamda jamiyatda oʻz oʻrnini egallashi uchun biriktirilgan rahbarlar yoshlar xonadonlariga keldi. Hozirgi kunga qadar 3 nafar yoshga dori-darmon olishi uchun har biriga 1 million 200 ming soʻm hamda “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan bir martalik moddiy yordam berilgan boʻlsa, 1 nafar yoshning imkoniyati, qiziqishidan kelib chiqib, monoblok kompyuter sovgʻa qilindi. Bundan tashqari, 1 nafar yosh oʻzining yashash joyiga yaqin boʻlgan supermarketga ishga joylandi. Kuni kecha ushbu yosh birinchi ish haqi (1 500 000 soʻm)ni olganini onasi quvonch bilan maʼlum qildi. Vasiylikka olingan 1 nafar yosh qizimiz tumandagi oʻquv markaziga bepul oʻqish uchun yoʻnaltirildi. Surunkali kasalligi boʻlgan 1 nafar yoshga biriktirilgan rahbar tomonidan insulin apparati uchun 8 million soʻm moddiy yordam berildi. Kasalligi tufayli tishlarida muammosi boʻlib, jamiyatdan ajralib qolayotgan 1 nafar yoshga tishlarini davolash uchun “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan 15 million soʻm moddiy yordam ko‘rsatildi. Yana 2 nafar yoshga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan davolanish xarajatlarini qoplash masalasi ko‘rilmoqda.

Yoshlarning muammolarini hal etish uchun hamkorlikdagi harakatlar natijasida “qizil” toifadagi yoshlar soni kamayishiga erishilmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish