Qiziltepa tumanida “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” koʻrik-tanlovining tuman bosqichi boʻlib oʻtdi. Yoshlar ishlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilgan tanlovda 43 nafar yetakchi ishtirok etdi.
Qiziltepa tumanida 53 ta mahallada ish olib borayotgan yetakchilar hududidagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yaxshilash, mahalla yoshlarining muammolarini aniqlash va ijobiy hal etish borasida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Tanlov yetakchilar uchun sarhisob vazifasini oʻtadi.
Yakuniy natijalarga koʻra, 9 yoʻnalish boʻyicha 9 nafar mahalla yoshlar yetakchisi birinchi oʻrinni egalladi. Endi ular tanlovning viloyat bosqichida Qiziltepa tumani sharafini himoya qiladi.
Gʻolib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
– Mahalladagi har bir yosh, ayniqsa, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan ularning qiziqishi, talablaridan kelib chiqib ishlashga harakat qilaman, – deydi Paxtaobod mahallasi yoshlar yetakchisi, tanlov gʻolibi Shohrux Shodiyev. – Tengdoshlarimning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, muammolarini bartaraf etish, faolligini oshirishga alohida eʼtibor qarataman. Joriy yilning oʻtgan davrida mahallada yoshlar ishtirokida huquqbuzarlik, jinoyatchilik holatlari umuman qayd etilgani yoʻq, aksariyat yoshlar ish bilan taʼminlangan. Faoliyatim ijobiy baholanib, tanlov gʻolibi boʻlganimdan xursandman. Bu muvaffaqiyat menga kuch va shijoat beradi, qolaversa, zimmamga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Endi tanlovning viloyat bosqichida ham munosib ishtirok etish, gʻoliblar qatoridan joy olish niyatidaman.