Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Qizlar ovozi”

16.5.2023 1637

Shohsanam KOMILOVA, Qashqadaryo viloyati “Qizlar ovozi” klubi koordinatori

Yosh xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularga motivatsiya berish hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda tuman-shahar bo‘limlari qoshida, shuningdek, barcha mahallalarda “Qizlar ovozi” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali xotin-qizlar bilan “mahallabay” ishlash tizimini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

O‘z faoliyati, namunali o‘qishi, odob-axloqi, erishgan natijalari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan xotin-qizlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan saylov jarayonlarida ta’lim, bandlik va tadbirkorlik, sport va salomatlik, axborot texnologiyalari va media yo‘nalishlari hamda bosh koordinatorlikka nomzodlar o‘z taqdimotlari davomida hududlarda mavjud muammolar hamda ularning yechimiga qaratilgan takliflarini bildirdi.

Respublikamizda iqtidorli qizlar ko‘p. Aksariyati chekka hududlarda istiqomat qilsa-da, katta loyihalarni amalga oshirmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agenligi markaziy apparati bosh mutaxassisi Nilufar Matkarimova.“Qizlar ovozi” klubida faol qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy ko‘mak berish, islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashashga undash hamda faoliyatini rag‘batlantirib borishni maqsad qilganmiz.

“Qizlar ovozi” klubi xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida tizimli bartaraf etish, sog‘lom turmush tarzi va oila muqaddasligi g‘oyalarini keng targ‘ib qilish, fidoyi yosh kadrlar zaxirasini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakat rivoji qizlar tarbiyasiga bog‘liq

Milliyligimiz, ota-bobolarimiz, momolarimizdan qolgan qadriyatlarga zid tarbiya ko‘rgan yoshlar, afsuski, oramizda bor. “Tik-tok” platformasida yosh qizlar aytayotgan ayrim gaplar, o‘yinlar, uyatsiz holatlarni ko‘rib, o‘zbek qizlarining ibo-hayosi qayerda qoldi, degingiz keladi.

“Qizlar ovozi” klubi koordinatorlari loyihalar davomida shunday tengdoshlari, singillari, opalarini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim. Chunki mamlakat rivoji qizlar tarbiyasiga bog‘liq. Ular ertaga kelajak egalari bo‘lmish yosh avlodni voyaga yetkazadi.

Imkoniyatlardan samarali foydalanyapmizmi?

Yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim olishi, tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyatlar eshigi keng ochilgan. Oily ta’lim muassasalarida magistraturada o‘qiyotgan xotin-qizlarning shartnoma pullari davlat tomonidan to‘lab berilyapti, kamida 5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun oily ta’limda alohida kvota ajratilmoqda. Joylarda yoshlar kasb-hunarga bepul o‘rgatmoqda. Bu orqali qanchadan-qancha qizlar hayotda o‘z o‘rnini, daromad manbayini topyapti. Opa-singillarimiz subsidiya asosida mehnat qurollari olib, o‘z-o‘zini band qilyapti.

Bu kabi imkoniyatlardan barcha birdek foydalanishi uchun “Qizlar ovozi” klubi “qizil” toifadagi yosh xotin-qizlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratmoqda.

Bugungi kun qahramoni kim?

“Qizlar ovozi” klubi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga yangicha yondashmoqda. Bizning qahramonimiz – chekka-chekka qishloqlar, ovullar, mahallalarda yashovchi, ota-onasidan go‘zal tarbiya olgan, o‘zini tutishi, muomalasi, o‘zbekona fazilatlari, tashqi ko‘rinishi bilan o‘rnak bo‘layotgan, qalbida buyuk shaxs yashayotgan Kumushlar bo‘ladi! Ishonamizki, bunday opa-singillarimiz ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular bugun bizning ko‘magimizga muhtoj.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish