Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qo‘ligul Muslima

15.6.2024 255

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bu galgi maqolamiz eshitish va gapirish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa-da, o‘z kasbi va oilasida baxt  topayotgan, kichik jussasi bilan katta dardlarga qarshi kurashayotgan Muslima Islomova haqida. U Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani “Bachqir” mahallasida dunyoga kelgan.

Muslima 3 yoshida otasidan ayriladi. Oradan vaqt o‘tib, onasi hayot yo‘lini boshqa bir inson bilan bog‘laydi. Shundan so‘ng u bobosi va buvisi qo‘lida qoladi. 6-7 yoshlarida viloyatdagi maxsus maktab internatida o‘qishni davom ettirmoqchi bo‘ladi. Biroq sog‘ligi ko‘tarmagani sabab internatni 1 oy o‘tar-o‘tmas tark etadi. Tengdoshlari bilan o‘ynay olmagan, derazadan ularni tomosha qilib, bolalik davrini turli qiyinchilklar bilan o‘tkazgan qahramonimizning orzulari, hayotga qiziqishi so‘nmadi...

U bolaligidan tikuvchilikka qiziqadi. Shu bois yaqin hududdagi tikuv sexlari va malakali tikuvchi ayollarning uyiga borib, kasb sirlarini o‘rgandi. O‘rganganlarini amaliyotda qo‘llash maqsadida qo‘ni-qo‘shnilarning tikuv mashinalarini ijaraga olib, bolalar uchun ko‘ylaklar, oshxona uchun sochiq va fartuklar tika boshladi.

Bobosi Abduhofiz Qipchoqovning so‘zlariga ko‘ra, Muslimaning intilishlaridan yoshlar yetakchisi xabar topib, uning bandligini ta’minlashga e’tibor qaratadi.

– 2022-yilgi xatlov jarayonida Muslima Islomovaning tikuvchilikka qiziqishi va bu bo‘yicha faoliyat yuritish istagi borligi ma’lum bo‘ldi, deydi “Bachqir” mahallasi yoshlar yetakchisi Abubakir Ahrorjonov. – Muslimadagi tug‘ma qobiliyat meni hayron qoldirdi. Chunki u libos yoki parda eskiziga qarab, tikishda umuman qiynalmas ekan. Muslimaning qo‘li gul.

Abubakir Ahrorjonov so‘zlariga ko‘ra, Muslimaning iqtidorini to‘g‘ri yo‘naltirish, sohani to‘liq o‘zlashtirishi uchun dastavval “ustoz-shogird” tizim asosida o‘qitilgan. Keyin unga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bir chokli tikuv mashinasi olib berilgan.

Muslimaning buvisi Mukarramoy Qipchoqova nabirasining tikuv mashinasi olgandagi hayajonini, ish boshlashini ko‘zda yosh va faxr bilan eslaydi.

– Nabiramning e’tibor markazida bo‘lib, uyimizga mas’ullarning tikuv mashinasi ko‘tarib kirishini kim o‘ylabdi deysiz, – deydi Mukarramoy Qipchoqova. – Yurtga kerak ekanligi, hech bir yosh davlatimiz g‘amxo‘rligi, mehridan bebahra emasligini nabiram misolida angladim. Hozir Muslimaning qo‘li qo‘liga tegmaydi, buyurtmalari ko‘p.

U tikuvchilik bilan shug‘ullana boshlaganida daromadi 1-1,5 million so‘m edi. Qo‘ni-qo‘shnilar, tijoratchilarning murojaatlari bilan buyurtmalari ham ko‘payib, daromad 2,5-3 million so‘mga yetdi.

– Muslima uchun tikuv mashinasi olishga moddiy imkoniyatimiz yetmayotgan edi, – deydi bobosi Abduhofiz Qipchoqov. – Biroq yoshlar yetakchisining harakati bilan avvaliga bir chokli, keyin o‘tgan yilda “overlok” tikuv mashinasi berilgani bizni behad suyuntirdi. Nabiramning jamiyat uchun, xalqi uchun foydasi tegyapti. Uning ertangi kunga ishonchi katta, ko‘zlari yongan. Men uchun bundan ortiq baxt yo‘q, bolam.

Muslima Islomova trikotaj mahsulotlarini qayta tikib, mahalliy do‘kondorlar bilan ishlamoqda. Xonadon egalarining aytishicha, bir kunda o‘rtacha 150-200 ta trikotaj mahsuloti Muslimaning qo‘lida tayyor kiyim, ko‘rpa-to‘shak va boshqa ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotga aylanar ekan.

Yoshlar yetakchisi Muslimada tikuv sexi ochishga ishtiyoqi borligi va u bilan ishlovchi hamkorlar hamda tadbirkorlarni ko‘paytirish, Muslimaning yoniga 3-4 nafar ishsiz mahalla xotin-qizini qo‘shib, tikuvchilik tarmog‘ini kengaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlash kerak, Muslima Islomova “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tikuvchilik yo‘nalishida o‘tkazilgan tanlovlarda ham faol qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritmoqda.

Ilhomjon ABDUSALOMOV,

“Yoshlar ovozi” muxbiri

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish