Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qonso‘rar “milliy” brend

15.11.2023 305

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

2023-yil 4-yanvar. UzAuto Motors bugundan shartnoma berish, avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni amalga oshirishni vaqtincha to‘xtatdi. Bu holat 4-5 kun davom etishi mumkinligi aytilmoqda.

9-yanvar. Barcha avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni qabul qilish yana bir necha kunga to‘xtatildi.

26-yanvar. UzAuto Motors qimmat modellari uchun kontraktatsiyani ochdi, narxlar o‘zgargan. QQS pasayganiga qaramay, Tracker 2 million so‘mdan ortiqroqqa, Equinox 22 million so‘mgacha qimmatlashgan. Lacetti, Cobalt, Damas va Labo sotuvi esa dekabrdan buyon hali tiklanmadi.

26-yanvar. UzAuto Motors bugundan Malibu-2 avtomobilini sotish bo‘yicha yangi arizalar qabul qilishni boshlagan edi. Lekin sanoqli soatlar o‘tib, kontraktatsiya to‘xtatilgan.

4-may. UzAuto Motors hech qanday tushuntirishsiz Chevrolet Onix va Tracker uchun shartnoma berishni to‘xtatdi. Endi sotib olish mumkin bo‘lgan eng arzon avtomobil – 420 million so‘mlik Malibu XL.

 19-iyul.  UzAuto Motors Chevrolet Onix’ning 149 million, 155 million, 159 million va 185 million so‘mlik komplektatsiyalari sotuvini to‘xtatgan edi. Endi navbat 207 million va 215 million so‘mlik komplektatsiyalarga keldi.

Ayni paytda xaridorlar Onix’ning eng qimmat modellari uchungina kontraktatsiya tuzishi mumkin: Onix Premier 2 Plus (221,6 million so‘m); Onix Redline (230,6 million so‘m).

 4-avgust. Cobalt, Lacetti va Damas sotuvi 8 oy deganda tiklandi. Yangilangan komplektatsiyalar qo‘shimcha opsiyalarga ega bo‘lib, shuning hisobiga ularning narxi oshgan.

 5-avgust. UzAuto Motors shartnoma berishni boshlaganidan 1 kun o‘tib jarayonni to‘xtatdi. Lacetti, Cobalt va Damas uchun yil oxirigacha mo‘ljallangan sotuv limiti to‘lgani aytildi.

18-sentabr. Chevrolet Cobalt, Lacetti, Damas va Labo avtomobillari uchun cheklangan miqdordagi kontraktatsiya ochilmoqda. Shartnomani onlayn tuzib bo‘lmaydi.

... Oradan 2 soat o‘tar-o‘tmay, shartnoma tuzish to‘xtatilgani ma’lum bo‘ldi. Aytilishicha, 28 mingta shartnoma 2 soat ichida tugagan.

18-oktabr. UzAuto Motors kompaniyasi sotuvda yo‘q avtomobillarning narxlarini oshirdi. Lacetti, Damas, Labo va Cobalt modellari narxlari 4,7 million so‘mdan 9 million so‘mgacha qimmatlashgan.

30-oktabr. Ijtimoiy tarmoqlarda 30-oktabrdan boshlab Chevrolet Gentra, Cobalt va Damas avtomobillari uchun shartnomalar ochilishi haqidagi yolg‘on xabar tarqaldi. Natijada avtosalonlarda yo‘q mashina uchun ajiotaj yuzaga keldi.

 3-noyabr. Chevrolet Cobalt, Captiva, Damas va Labo avtomobillari uchun kontraktatsiya ochildi. Monopol kompaniya kontraktatsiyani ochganidan 7 soat o‘tar-o‘tmas, yana uni noma’lum muddatga yopdi. UzAuto Motors bu safar qancha shartnoma tuzilgani haqida ma’lumot berib ham o‘tirmadi.

 

Prezident topshirig‘i teskari bajarilyapti(mi?)

Yil tugashiga hali bir yarim oy bor. Lekin “milliy brend” qiyofasi ortiga yashiringan monopol kompaniya yetarlicha tomosha ko‘rsatdi. Bir qarasangiz, shartnoma berish soniyalar ichida ochiladi, keyin ikki-uch soat o‘tar-o‘tmas, taqa-taq yopiladi. Ish joyidan chiqib, dilerlik markaziga yetib borguncha, shartnoma berish yopilib bo‘lgan, ikki-uch soat orasida bu xabarni eshitmay qolganlar ham yetarlicha topiladi.

Yana bir qarasangiz, sotuvda yo‘q mashinalarning narxi hech qanday tushuntirishsiz, o‘z-o‘zidan oshadi. Yillab yemay-ichmay yig‘ilgan pullar yetmay, yana bir-ikki yil ishlashga to‘g‘ri kelib qoladi.

Qimmat-qimmat deya aytib kelingan avtomobillarni endi o‘sha qimmat narxga ham sotib olib bo‘lmayapti. Shundoq ham puliga arzimaydigan ulovni endi bozordan yana 2-3 ming (dollar) qimmatiga olish kerak. Har gal shartnoma ochilganida kattadan-katta navbatlar, ur-yiqitlar, ayrim dilerlik markazlarining derazalarini sindirib kirishgan, yerda qon izlari... haqiqatda odamlarning qonini ichyaptimi monopol kompaniya?! Kimdir ustimizdan kulayotgan bo‘lsa-ya!

Prezident “O‘zavtosanoat” oldiga 2022-yilning 1-mayiga qadar avtosalonlardagi navbatlarni tugatish vazifasini qo‘ygan edi. Yil davomidagi voqealardan monopol kompaniya ushbu topshiriqning teskarisini bajarayotgani ma’lum bo‘lyapti.

Prezident ishlab chiqarish hajmini oshirish, to‘lov qilingan avtolarni egalariga o‘z vaqtida yetkazib berish bilan navbatlarni bartaraf etish talabini qo‘ygani aniq. Avtosanoatchilar shunday qildi ham, navbatni yo‘q qilib yuborishdi. Endi hech kim to‘lov qilolmaydi va yangi mashina sotib ololmaydi (import qilingan eng qimmat modellarni aytmaganda, albatta).

O‘shanda Shavkat Umrzoqov zimmasiga bir hafta muddatda avtomobil savdosida ochiq-oshkora va inson omilidan xoli tizimni yo‘lga qo‘yib, sun’iy navbatlar va korrupsion holatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun shaxsiy javobgarlik yuklangan edi. Biroq shuncha tomoshaga biror marta munosabat bildirmadi, go‘yo bu topshiriq qumga singib ketganday.

Ko‘rib turganingizdek, yillar davomida katta umid bildirganimiz, milliardlab soliq imtiyozlar berilgani (birgina 2022-yilning o‘zida 703 milliard so‘mlik simtiyoz berilgan) bilan mazkur kompaniya xalqni bir marta ham rozi qila olgani yo‘q.  Necha yillarki, ishlab chiqarilayotgan avtomashinalar sifatsizligi, qimmatligi, vaqti-vaqti bilan mashinalar narxi asossiz oshirilayotgani sababli UzAuto Motors kompaniyasi keskin tanqidlarga uchrab keladi.

Bundan tashqari avtomobil ishlab chiqarish yildan-yilga kamayib, arzon, sotib olish qulay bo‘lgan modellar tobora kamayib bormoqda. Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar – aprel oylarida 83,5 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. O‘tgan yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 95 mingga yetgan edi. Ya’ni o‘tgan bir yil ichida ishlab chiqarish 11,5 mingtaga kamaygan, talab esa kundan-kunga ortib bormoqda.

Bu holatlardan esa faqatgina xalq jabr ko‘rmoqda. Monopoliya, imtiyozlar esa sohani qutqarmayapti, aksincha, yildan-yilga norozilik ko‘payib, soha sekin-asta o‘lib bormoqda. Chunki butun bir jamiyatni tanlovdan mahrum qilib, son, sifat, tezkorlik borasida hech kim bosh qotirmaydi.

Bozor iqtisodiyotining eng asosiy qonuniyati bu – raqobatning rivojlanishidir. Raqobat bo‘lmagan tizimdan, birinchi navbatda, quyi va o‘rta qatlam jabr ko‘raveradi. UzAuto Motors avtomobil importiga o‘rnatilgan to‘siqlar bilan himoya qilib kelinadi. Odamlar boshqa, arzonroq va sifatliroq tanlovlardan sun’iy ravishda mahrum qilingan, eski avtomobillarni ikkilamchi bozordan yangisidan ko‘ra qimmatroqqa sotib olishga majbur bo‘lishyapti.

Bozor qonunlarini inkor etuvchi, xalqni talash evaziga monopolistlarni boy qiluvchi qoidalardan voz kechish vaqti qachon keladi? “Milliy g‘urur”, “milliy brend”dan bir guruh odamlar niqob sifatida foydalanyapti, xolos. Qo‘shni davlatlar uchun arzon, o‘zbekistonliklar uchun esa qimmat sotilayotgan “milliylik” kimga kerak o‘zi?

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish