– Shimingizning chap cho‘ntagidagi 2 ming so‘m avtobus yo‘lkirasiga, o‘ng cho‘ntagidagi ikkita yangi 100 mingtalik kartoshka, piyoz va pishiriqlarga. Kurtkangizning o‘ng cho‘ntagidagi 500 ming so‘m go‘shtga, chapidagisi ichimliklar uchun. Hoy, men sizga tushuntiryapman, yaxshilab eslab qoling! Mana bu esa olinadigan narsalar ro‘yxati. Kechgacha muhlat! Tag‘in bozordagi chiroyliroq sotuvchi ayollarga mahliyo bo‘lib yurmang, – deb meni kiyintirayotgan xotinim yangi yil dasturxoni uchun bozorlik qilishga yuboryapti.
Ijodkorning xotini bo‘lish qiyin. Tan olib aytishim kerakki, ko‘chada burnim oqib, daydi itdek sang‘ib yurgan vaqtim meni asrab olib, “ko‘tarib” katta qilgan shu xotinim bo‘ladi. U meni odam qatoriga qo‘shdi, ammo mendagi xayolparastlikni butkul yo‘qota olmadi. Feʼlimni yaxshi bilgani uchun yo‘qotib qo‘yishimdan qo‘rqib pullarni cho‘ntagimga bo‘lib-bo‘lib solib qo‘ydi...
“Aka, qaytimini oling!”, ortimdan baqiradi avtobuschi. Uning bu chaqirig‘iga eʼtibor bermasdan bozor tomon shoshilaman. O‘libmanmi endi 2 ming so‘m berib, qaytimiga 500 so‘m tanga berishini kutib, g‘aribdek ko‘zlariga mo‘ltillab tursam. Axir yozuvchi degan nomim bor!..
“Hah, Abdullaboy, Abdullaboy! Uyga qaytsang, xotining boshingni sho‘r suvga solib qaynatadi!”. Shu gaplarni kartoshka-piyoz sotiladigan joyda turib aytar ekanman, avtobuschidan qaytim olmaganim “siyosiy” xato bo‘lganini tushunib yetaman! Chap cho‘ntakdagi 2 ming so‘m o‘rniga o‘ng cho‘ntakdagi 200 ming so‘mni berib yuboribman. “Tushkunlikka tushma, 200 ming ham pulmi?”, deb o‘zimni ovutaman. Yaxshiyam xotinimdan yashirincha pul yig‘adigan, uning kashta tikadigan qizil ipi bilan chandib tikib tashlagan ichki cho‘ntagim bor. To‘g‘risi, bu yashirin cho‘ntagimdagi pulga xotinimga bayram uchun sovg‘a olishni niyat qilib, yil boshidan beri yig‘ayotgan edim. Mayli, kamaysa kamayar. Sovg‘aning “bundayrog‘idan” olaman-da.
Birinchi go‘sht olish kerak! Agar toza go‘sht yeyishni xohlasang, go‘shtning oxirini olmaslik kerak. Men ham shu o‘yda navbatga turdim. Go‘shtni olganimdan so‘ng cho‘ntagimga qo‘l tiqsam, ro‘yxat yo‘q. Nima qilsam ekan-a? Shu o‘y bilan turganimda mendan to‘rt-besh qadam narida u yoq-bu yoqqa alanglab bozorlik qilayotgan bir “tirtangcha” odamga ko‘zim tushdi. U bozorlik qilib bo‘lgach, qo‘lidagi ro‘yxatini yerga tashladi. Mantiqan qaralsa, u bilan yurish-turishimiz, sharoitimiz ham birga o‘xshaydi. Demak, uning qo‘lidagi ro‘yxati menga mos keladi.
Adashmagan ekanman. Yerdagi ro‘yxatni olib qarasam, birinchi navbatda “Olivye salat uchun yashil no‘xat”, deb yozilgan. Xotinim yozgani bilan bir xil. Ko‘nglim xotirjam, ro‘yxatdagi bozorlikni qilib uyga qaytdim. Bozorlik ichida, albatta, xotinim uchun atalgan sovg‘a ham bor edi. Uyga qaytgach “xolodilnik” laqabli mehmonxonamizga bozorliklarni qo‘yib, xotinga “bor, bozorlikni ko‘rib ol” deb televizor tagiga oyog‘imni uzatdim. Hozir paketga o‘ralgan sovg‘ani ko‘radi-da xursandchilikdan baqirib yuboradi, deb miyig‘ida kulib yotdim.
Aytganimdek bo‘ldi, birozdan so‘ng “Voy do-oooood, musulmonlar, bu xotinboz qachon odam bo‘ladi?” deb baqirayotgan xotinimning oldiga yugurdim. Borsam, unga olgan sovg‘am yerga sochilib yotibdi! Qo‘lida esa bozordan topib olgan ro‘yxatim. Ro‘yxatning orqasida katta labning izi va shunday yozuvlar yozilgan: “Sevgilim, mana shu ro‘yxatdagi narsalarni olib, to‘g‘ri uyimga keling. O‘sha qari jodugar xotiningiz bilib qolmasligi uchun yangi yilni bir kun oldin nishonlaymiz. Menga sovg‘a olish esingizdan chiqmasin. Sizni o‘pib qoluvchi quyonchangiz”...