Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qoraqalpogʻistonda Madaniyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tuziladi

13.7.2023 4881

Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi huzurida Madaniyatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tuziladi. Qonunchilik bazasida bu boʻyicha prezident qarori eʼlon qilingan.

Unga koʻra, jamgʻarmani tuzishdan Qoraqalpogʻistonda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari va ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlarining madaniyatini uygʻun holda rivojlantirish, gastrol safarlarini moliyalashtirish maqsad qilingan.

Jamgʻarmani respublika, shahar, tuman budjetining qoʻshimcha manbalari, xalqaro moliya tashkilotlari, homiylik xayriyalari va boshqa manbalar moliyalashtiradi.

Xususan, Madaniyat va turizm vazirligi jamgʻarmaga Oʻzbekiston budjetidan 2023-yilda vazirlik uchun ajratilgan pullardan 20 mlrd soʻmini ajratadi.

Tashkilotga ajratilgan pullar hisobidan madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, iqtidorli ijodkorlar va, ayniqsa, yoshlar moddiy qoʻllab-quvvatlanadi. Ogʻir iqtisodiy ahvolga tushib qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj madaniyat xodimlariga yordam koʻrsatiladi.

Shuningdek, madaniyat va sanʼat tashkilotlari faoliyatiga ham jamgʻarma moddiy yordam qiladi. Badiiy jamoalarning mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etadi. Madaniyat tashkilotlarining binolari va boshqa obyektlarning qurilish-montaj ishlari, joylarni ilgʻor texnologiyalar bilan taʼminlash vazifasi ham jamgʻarma zimmasiga yuklatilmoqda.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish