Shu kunlarda hududlarda bo‘lib o‘tayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning final bahslari qizg‘in davom etmoqda. Namangan viloyatidagi Pahlavon Mahmud sport saroyida o‘tkazilgan stol tennisi musobaqasining final bosqichida ham o‘z hududlarida tengsiz deb topilgan “pingpong”chilar 3 ta yosh toifasida o‘zaro kuch sinashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Yulduz Xudoyberganova va Muhabbat Tuliboyeva (Qoraqalpog‘iston Respublikasi), Jumagul Salimova (Xorazm viloyati), Anvar Murodullayev (Samarqand viloyati), Bekzod Avliyoqulov (Surxondaryo viloyati), Adhamjon Sirojiddinov (Sirdaryo viloyati) 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– O‘quvchiligimdan stol tennisi bilan shug‘ullanaman, – deydi 16-21 yoshli qizlar o‘rtasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan xorazmlik Jumagul Salimova. – Bu sport turi salomatlik uchun juda foydali. Ko‘zning ravshanligini oshiradi, tana harakatda bo‘ladi. Asablaringiz dam oladi. Bu yerda ajoyib muhit hukmron. Barcha sharoitlar yaratilgan. Bizga Namangan xalqi juda yoqdi. Musobaqalar qizg‘in va jiddiy kurashlar ostida o‘tdi.
G‘olib va sovrindorlarga berilgan sovg‘alar ham chakki emas, 1-o‘ringa zamonaviy muzlatkich, 2-o‘ringa kir yuvish mashinasi, 3-o‘ringa televizor topshirildi. Shu bilan birga, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan sportchilar mahallasida zamonaviy sport maydonchasi ham qurib beriladi. Musobaqaning qolgan ishtirokchilariga esa diplom va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, Jizzax viloyatida olimpiadaning shaxmat, Sirdaryoda shashka hamda Farg‘ona va Buxoroda voleybol bo‘yicha final bahslari bo‘lib o‘tmoqda.