Bolaligimda hamma narsadan qo‘rqardim: qorong‘ilikdan ham, hasharotlardan ham, chaqmoqdan ham, tovushlardan ham, shamolda chorbog‘imizdagi teraklarning g‘ichirlab yerga tekkudek bo‘lib qimirlashidan ham. Ayam kula-kula, ba’zida esa koyib meni qo‘rqmaslikka o‘rgatardi. Qo‘rqadigan hech narsa yo‘q ekanligiga ishontirardi. Onalar o‘zi shunday. Qo‘li kuysa-da kaftiga cho‘g‘ olib farzandining irodasini toblaydi…

Bir kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani chop etilayotganligi haqida o‘qib qoldim.Dastlab asar nomi e’tiborimni tortdi. Nima uchun “Qo‘rqma”? Nimadan qo‘rqmaslik kerak, kimdan qo‘rqmaslik kerak, qanday qilib qo‘rqmaslik kerak? Ijodkorning maqsadi nima o‘zi? Onam, bolaligim yodimga tushib ketdi…

Oradan hech qancha o‘tmay ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarda asardan olingan iqtiboslar paydo bo‘la boshladi: “Qo‘rqoqni tug‘moqlik hali onalik emas. Mardlarning onalarigina onadir faqat”.

“O‘zligini bilgan odamning tarixi bo‘ladi, kimligini biladi. Bilmasa, hayvon bo‘ladi, qo‘y bo‘ladi, hayvoniy tarix bo‘ladi”.

“– Og‘zingni ochma, tuproq! Bobomni o‘ldirma, Alloh! – Bo‘kirma, shuncha yilini berdi, shukur qil. Faqat qizil otam bilan duch bo‘lgim yo‘q. U do‘zaxda, men jannatga o‘tishim kerak. – Otangiz jannatda bo‘lsa-chi? – Adolat sotilmaydi u yerda”.

Nihoyat, kitob sotuvga chiqarildi. Oldim. Asarni o‘zgacha qiziqish bilan o‘qiy boshladim. Birinchi e’tiborimni tortgani – asar tili, uslubi bo‘ldi. Doimgi bir xillikdan yiroq ekanligidan quvondim. Xuddiki she’r o‘qiganday o‘qiysiz, ohangdor. Lekin yuki og‘ir. Har satri iqtibos bor. Har satrda bir savol. Savolki, bir kishiga emas, butun bir millatga, jamiki qalbga, mudrog‘-u uyg‘oq yuraklarga beriladi. Ko‘zlaringizga, ko‘kragingizga sanchiladi bu savol. O‘zimga beradigan savolim qalashib ketdi. Nima uchun o‘qiyapman, kim uchun o‘qiyapman, kimman o‘zi, kim bo‘laman o‘zi? Yurt qayg‘usi, millat qayg‘usi, jigarlar qayg‘usi bormi menda ham?

Bu asar isyon bilan, uyg‘oq vijdon bilan, mard yurak bilan, matonat bilan yozilgan. Bu asar hammani o‘ylashga majbur qiladi. Har bir darchaga tosh otib bo‘lsa ham ko‘rpa ostidagilarni uyg‘otadi. Asarda e’tiborimni tortgan jihatlardan biri bu – romandagi ayollar obrazi. Voqealar rivojini aynan ayollar shakllantiradi. Hodisotlarni bir-biriga ulaydi. Balki bunda ramziy ma’no yashirindir. Har bir vaziyatda ayollar jasorat ko‘rsatadi. Misol uchun talaba qizning otasi bilan vidolashuv oldi suhbatini olaylik:

“– Qizim, o‘qishga borma!

– Burchim va ajalim – millat uchun o‘qimoq!

– Sen mening nomusimsan, qizim!

– Bir siz emas, millat otalari uchun nomusim – qasam!”

Ushbu so‘zlar bizni o‘ylashga undaydi. Bugun ham hamma qizlar shundaymi? Hamma qizlar ham katta shaharga o‘qish uchun, o‘qiganda ham millat uchun, or-nomusini bayroq qilib, birovga bo‘yin egmay, o‘z maqsadi, orzu-niyatlarida sobit qolish uchun, o‘tkinchi hoy-u havaslarga berilmay o‘qish uchun kelarmikan? Bugungi talabalarimiz orasida ham shunday qizlar bormikan?..

Asarda ayol xarakteri ham ahamiyatlidir.

“Momom inqillab guruchni katta tog‘orada sopi qilar va shu guruch donalaridan ko‘p meni duo qilardi”. Onaning mehriga chegara qo‘yib bo‘lmaganidek, uning duolarining adog‘iga ham yetib bo‘lmaydi. Yana bir o‘rinda: “Onaning yoshli ko‘zlariga termulaman – bor do‘zax shu ko‘zlarga kirib olganday”, deydi. Farzandidan ayrilgan onani yana qanday tasvirlash mumkin. Yoki: “– Bolajonim, o‘zimning. Xo‘p qiynalganga o‘xshaysan, ovozing siniq, nimaga o‘n sakkiz soat uxlamading? Otang gapiraveradi, bir kun keyin olim bo‘larsan, uxlab ol vaqtida!” Ona hamisha farzandi uchun g‘amxo‘r. Nomard bo‘lsa ham, vijdonsiz bo‘lsa ham, nomussiz bo‘lsa ham, xudbin bo‘lsa ham bolasidan mehrini ayamaydi. Quchog‘iga olib dunyo g‘amlaridan panalaydi. Qo‘rqmaslikka o‘rgatadi. “Onalarning millati bir – mehr. Onalar bir millatga sig‘maydi, ular osmondan tushishgan”, deb yozadi adib. Men onamning onadan tug‘ilganligiga ishonmayman. Onalar ko‘kdan tushishadi deb o‘ylayman, hozir ham. Asarda ayollar millat dardini yelkasiga orta oladi. Bir juvonmard bo‘lib, suyukligiga yelkadosh bo‘la oladi. Suygani uchun, millati uchun farzandimga yaxshi ta’lim berishim, yaxshi tarbiyalashim kerak, deydi. Mardlar do‘stini, qondoshini, yuragini, millatini sotayotgan paytda tanimni sotsam ham millatni sotmayman, deya oladi qahramon ayollarimiz. Qo‘rqmay millat sha’ni uchun, millat ishonchi uchun, xalq, maorif umidi uchun qiyinchiliklarga tik boqa oladi. Eng qiyin vaziyatlarda ham qasamiga sodiq qoladi. Nasroniy ayol ham, qahramonimizning momosi ham, Xayriniso ham, Lola, Asal, Marta, Mariya… hamma-hammasi butun bir asarni shakllantirib turadi. Ko‘rinmasa-da, voqealarni boshqara oladi. Qahramonimizning nasroniy ayol bilan suhbatini o‘qib yig‘lagingiz keladi.

“– Alla qaysi tilda bo‘lsin? Inglizchani ham yaxshi bilaman.

– Onalar tilida bo‘lsin, qolgan narsaning ahamiyati yo‘q”.

Darhaqiqat, onalarning o‘z tili, o‘z kuyi, o‘z mehri, o‘z tafti, o‘z ohangi bor. U qaysi millat onasi bo‘lmasin, ularning O‘Zligi bor. Siz bilan biz bu suhbatni o‘qimaymiz, uni tinglaymiz. Qahramonlar bilan bir xonada, yonma-yon o‘tirgandek sezamiz o‘zimizni. U nomussiz bo‘lsa-da ayol, garchi tani, libosi isqirqt bo‘lsa-da, hamma undan jirkansa-da, uning vijdoni pok. G‘ururi bor! U ham ona bo‘lishni, onalik tuyg‘usini his etishni, mehr berishni istaydi.

“– Alla aytib o‘lishni istaysanmi?

– Eng ulug‘ orzum shu”.

To‘g‘risi, bu so‘zlarni, bu tuyg‘ularni qanday izohlashni bilmayman. Nahotki, bir nasroniy ayolning, bir nomussizning eng ulug‘ orzusi – alla aytib o‘lish bo‘lsa?! Nega alla aytishni orzu qiladi? Sababi nima? Sababi ayol, deysizmi? Yo‘q, adashasiz. Atrofga boqing, ayollarni ko‘ring, kuzating. Hammasining ko‘nglida shunday orzu bormi? Ba’zilari farzandimning ovozini eshitmasam deydi, ba’zilari dam olishga borsam, farzandimsiz borsam deydi.

Nasroniy ayolga farzand kerak edi. U alla aytishni istardi. Onalik mehri uni bu qiyinchiliklardan, bu majburiyatdan, bu orsizlik, nomussizlik botqog‘idan olib chiqib keta olardi. U o‘zini anglab turgan edi. Tanamni sotsam-da millatimni, vijdonimni sotmayman deb turgan ayol edi. Uning matonati qalbida, vijdonliligida, mehrga, mehr berishga tashnaligida edi. Javlon Jovliyev bu romanda ayol qalbi, uning ruhiy kechinmalarini ustalik bilan ifoda eta olgan. Aynan shu jihatlar roman yutuqlaridan biri desak, yanglishmaymiz.

Yana bir e’tiborimni tortgan syujet bu – “Sharq kechasi”da Amir Temur sag‘anasi qoshida tiz cho‘kkan qiz. “Uning sochlari uzun”, deydi adib. Ko‘z o‘ngimizda chinakam o‘zbek qizi namoyon bo‘ladi. “Nega qiz? Turkistonda erkakka qirg‘in kelganmidi?” deydi adib. Qiz: “Turkistonda bir mard qolmadi, hukmdorim!” deb yig‘laydi. Mardlar “menman” deb maydonga chiqishi kerak bo‘lgan payt – millatini sotib turganda, yig‘lamasinmi ayol? Vijdoni uyg‘onmasinmi? Qatordoshlari, millatdoshlari, xalqining vijdonini uyg‘otmasinmi? Nega aynan Amir Temurdan madad so‘radi, nega aynan unga arz qildi? Tiriklar, uni tinglaguvchilar yo‘qmidi? Bor edi, albatta. Ammo ularning vijdoni uyg‘onmagandi. Uyg‘ongan bo‘lsa-da qo‘rqardi. Qo‘rqoq edi bari. Mana shu qo‘rqoqlar ichida bir mard – Xayriniso ichidagilarni ayta oldi. Bu faqatgina tomoshabinlar oldida qo‘yilgan sahna emas edi, bu – millatning asl yuzi, millatning haqiqati edi. Buni kim aytdi? Ayol aytdi, o‘sha zamonlarda ojiza, deb qaralgan, ular uchun o‘qish shart emas, deyilgan, lekin qalbida ilm olish olovi gurillab yonib turgan bir o‘zbek qizi aytdi. Mana, adib ayollar siymosini qanday gavdalantirgan!

Mayerson sahnada turib qizlarni “savodsiz”ga chiqarganda butun zal g‘azablangan edi. Bugun hamma o‘zganing oldida sher, o‘zining oldida-chi? Bugun hamma o‘zidan qo‘rqadi. Sababi nima? Sababi o‘zini bilmaydi, o‘zligini bilmaydi.

“…Siz yuzidan paranjini otayotgan qizlar ahvoli qanday? Ularga hurlik va ozodlik, ilm va ziyo bermoqlarini va’da qildingiz, qani o‘sha ilm, qani o‘sha ziyo? Paxtazorda paxta teriladi, ilm-u kitob emas. Siz ayollarni qoloqlik botqog‘idan chiqarib, azobli mehnat, xo‘rlik hojatxonasiga tashlab yubordingiz. Sizga dunyoni tanigan Sharq ayoli emas, kamxarj jonli maxluq kerak edi… Chunki aqlini tanisa, jonli ketmon bo‘lishga ko‘nmaydi, bilasizki, ayollar uyg‘onsa, bu millatni eplab bo‘lmaydi…” Sattor Jabbor naqadar haq fikrlarni aytadi. Ijodkor uning fikrlari orqali ayolning jamiyatdagi o‘rni yuksak ekanligini eslatadi. Agar ana shu yetmish talaba bugun bizning oramizda bo‘lganda nima bo‘lar edi. Ba’zida birgina odam bir qishloqni o‘zgartira oladi, uyg‘ota oladi. Yetmish talaba-chi?! To‘g‘ri, ularga qiyin bo‘lardi, ammo ular bu qiyinchiliklarni o‘z zimmasiga olgandi. Ular qiyinchiliklardan qo‘rqmas edi. Ular na so‘z, na o‘limdan qo‘rqar edi. Yagona maqsadi ilm edi. Ular ilm orqali xalqini uyg‘otmoqchi, unga o‘zligini tanit­moqchi, ozodlikka, erkka erishmoqchi edi. Qahramonimiz faqat qizlardagi yaxshi xulqlarni so‘zlamaydi. Yozuvchi qahramonimiz amakisining qizi, Lola, Asal timsolida ayol nomiga dog‘ tushirayotgan qizlar borligini ham eslatib o‘tadi. Jamiyatning qusurlardan yiroq emasligini ta’kidlaydi…

“Siz har qan­day diplomdan baland­roqsiz, xonim”, – deydi qahramonimiz Murodiyning ayoliga. Bu o‘zbek yigitining ayolga ko‘rsatgan ehtiromi nima uchun edi? Martava arzirmidi bunday iliq so‘zlarga? Menimcha, arziydi: “Martava xonim qahva uzatarkan, ko‘zlarini turmush o‘rtog‘idan uzmasdi. Uning boqishlarida shirin mehr bor edi”, “Murodiy qanchalik jilmayishga urinmasin, kayfiyati yaxshi emasligini ayoli tezda payqadi. Unga mening ma’nisiz kulgilarimdan nima naf, sevganing yuzi yorishmasa, olamga quyosh chiqqani bilan zulmatligicha qolaveradi. Shuning uchun Marta uni ortiqcha gapga tutmay, bizni xoli qoldirdi”. Avvalo, o‘zbek yigitiga mehr bera olgani, unga bo‘lgan sadoqatini saqlay olgani uchun, uni tushuna olgani uchun, turmush o‘rtog‘ining Vatanini xuddi u kabi seva olgani, vatan hissi, erk-ozodlik hissini, haqiqatlarni asray olgani uchun ham u bunday iltifotga, balki undan ham ortig‘iga loyiq edi… Shuning uchun ham Murodiy: “Menga bo‘lgan muhabbati uning Vatani!” deya oldi.

48.14.25-a uy. Bu eshikning ochilishini qahramonimizdek yuragim hapriqib kutdi. Hayajon bilan, umid bilan kutdim. Ochildi! Faqatgina eshik emas, tarix, haqiqat ochildi! Lekin meni o‘ylantirgan jihat nega aynan boshqa millat qizi ochdi bu haqiqatni? Lola-chi? Asal-chi? Ular ham ochishi, qidirishi mumkin edi-ku. O‘zga yurtda o‘zligidan kechayotgan qizlarning xayoliga bunday mulohazalar qayerdan ham kelsin?! Aslida shu ikki qizning tarbiyasi, asardagi o‘rni bu – qo‘ng‘iroq. Qizlar uchun qichqiriq.

Asardagi Marta, Maryam o‘zga bir olam. Ularning tomirida o‘zbekning qoni bor. Ajdodlarga, ularning merosiga bo‘lgan hurmatini ko‘rib yig‘lagisi keladi, odamning. Otasini unutmagan qiz o‘zligini ham unutmaydi. Ular asardagi tugunni yechib bera oldi. Otasining yurtdoshi, ota yurtidan bo‘lgan yigitga qo‘lidan kelgan bor yordamini ayamaydi.

Romandagi hamshira qizning samimiyligi, odamiyligi, beg‘uborligi, ishqqa, muhabbatga to‘la nigohlari ko‘nglingizni ilitadi. U ham sevgini Vatan, Vatanni sevgi, sevgilisini ham Vatan, ham sevgi deb biladi. U ham Vatanga muhabbat bilan sevadi.

Qahramonimizga har yerda ayollar yo‘ldosh bo‘ladi. Ehtimol, unga yo‘l ko‘rsatadi. Har bir ayol, qiz unga bir kalit tutqazayotgandek, go‘yo. Poyezddagi ayolning unga g‘amginlik bilan tikilishida o‘zbek onalariga xos bo‘lgan barcha tuyg‘ular mujassam.

Men bu roman ustida ko‘p o‘ylandim, ko‘p savollar berdim o‘zimga. Atrofimdan yetmish talabani izlay boshladim. Hammadan “Siz yetmish talabani ko‘rmadingizmi?” deb so‘ray boshladim. Qarashlarim, maqsadlarimni o‘zgartira oldi bu asar. Shuningdek bu asarda bugungi kunimiz, o‘tmishimiz va kelajagimiz haqida so‘z boradi. Til va milliy g‘urur masalalari ham dadil aytilgan.

Bu asar – erk va qullik, haqiqat va xiyonat haqida. Bu asar – siz va men haqimda, o‘zimiz, o‘zligimiz haqida. O‘laymanki, bu roman o‘quvchiga kuch bera oladi. Uni uyg‘ota oladi. Uni o‘ylashga majbur eta oladi.