Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Kreativ park: qulay, bepul, 24/7

2.8.2024 506

Shahobiddin LUQMON

Yoshlar ijod saroyida joylashgan “Krteativ park” poytaxtning yoshlar bilan gavjum yana bir nuqtasiga aylanib bormoqda. Bu yerga asosan dars tayyorlash, badiiy kitob o‘qish yoki boshqa biror ijodiy ish bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar keladi. Park “Ibrat farzandlari’, “Kulolchilik akademiyasi”, “Animatsiya maktabi”, “Volontyorlar assotsiatsiyasi” kabi bir qancha loyihalarni ham o‘z ichiga olgan.

“Kreativ park” mas’ullarining ma’lumotiga ko‘ra, markazga bir kunda mingga yaqin yoshlar tashrif buyuradi. Hozir yozgi ta’til vaqti bo‘lgani sabab, keluvchilar soni kunlik 400-500 nafarni tashkil qilmoqda, ta’til tugagach, foydalanuvchilar soni oldingidan ham oshishi kutilmoqda.

Binoga kiraverishda ro‘yxatga olish jarayoni oson va qulay – bir daqiqa ham vaqt olmaydi. Dastlab telegramdagi @kreativpark_bot orqali ro‘yxatdan o‘tiladi, shundan so‘ng bot foydalanuvchiga kirish va chiqish uchun QR kod beradi. Shu orqali foydalanuvchilar monitoring qilib boriladi.

Parkning birinchi qavatida “Ijod” kitob do‘koni joylashgan. U yerda 100 dan ortiq bestseller va ko‘p tavsiya qilinadigan kitoblar mavjud. Markazning ikkinchi qavati 24 soat ishlaydi, istalgan yosh o‘ziga qulay vaqtda kelib foydalanishi mumkin. Markaz kutubxonasida o‘zbek, ingliz, rus tillaridagi kitoblar mavjud va bu kitoblardan erkin, bepul, hech qanday ro‘yxatlarsiz foydalanish mumkin.

Loyihalar faoliyati haqida

“Fitrat media group”. Bu loyihada asosan media sohasiga qiziquvchi yoshlar jamlangan. “Bu jamoadagi yoshlarning tajribasi katta bo‘lmasa ham, ambitsiyalari ancha yuqori. Foydali kontentlarni yaratishga bel bog‘lagan”, deydi “Fitrat media group” rahbari Risolat Maxsimova.

Volontyorlar assotsiatsiyasi. Assotsatsiyaga volontyorlik bilan shug‘ullanuvchi yoshlar jalb qilingan bo‘lib, istalgan ko‘ngilli jamoaga qo‘shilishi mumkin. Jamoa yetakchilari faoliyat olib borishni o‘rgatadi, yangi rejalar tuziladi, turli seminarlar tashkil etiladi. Loyiha volontyorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lib, ammo buning uchun platforma topolmay yurgan yoshlar uchun ayni muddao.

“Ibrat farzandlari”. Ushbu loyiha xorijiy tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan. Yoshlar xohlagan vaqtida kelib til o‘rganishi mumkin. Loyiha doirasida debat va speaking klublari tashkil etilgan bo‘lib, har haftaning yakshanba kunida bo‘ladi. Bu tadbirlar barcha uchun ochiq va bepul, faqatgina ro‘yxatdan o‘tiladi.

Yosh dizaynerlar klubi. Bu klubda dizaynerlikka qiziquvchi yoshlar jamlangan, ular birgalikda shug‘ullanishlari yoki dars olishlari mumkin.

Animatsiya maktabi. Bu yerda yoshlar 3D animatsiya, dizayn, harakatlanuvchi animatsiya kabi yo‘nalishlarda o‘qitiladi. Bu kurslar pulli, yaxshi natija qayd etgan yoshlar shu maktabning o‘zida faoliyat yuritishi ham mumkin.

Kulolchilik akademiyasi. Akademiya qoshida turli to‘garaklar mavjud. Zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Kulolchilik bilan shug‘ullanish miya faoliyatini yaxshilashi, kishini tinchlantirishi isbotlangan.

Darvoqe, “Yoshlar ovozi” gazetasi tahririyati ham shu manzilda joylashgan.

 

Markaz faoliyatidagi o‘zgarishlar

“Kreativ park” ish boshlagandan buyon bo‘lgan eng asosiy o‘zgarishlardan biri — elektron, oson ro‘yxatga olish tizmi joriy qilindanidir. Tartib-qoidalar, tashkiliy masalalar bo‘yicha ham bir qancha o‘zgarishlar bor. Ikkinchi qavatda joylashgan kutubxonadagi kitoblar soni ortgan, bu borada yetakchi nashriyotlar bilan hamkorlik ham kengaytirilgan.

O‘zaro hurmatga asoslangan barcha uchun qulay muhitni yaratish uchun tartib-qoidalar ishlab chiqilgan. Qoidalarni ishlab chiqishda markazdagi nazoratchi xodimlar va foydalanuvchi yoshlarning fikrlari o‘rganilgan va muvofiqlashtirilgan.

Endilikda telegram bot orqali ro‘yxatdan o‘tish jarayonida foydalanuvchilar markazning rasmiy telegram sahifasiga a’zo bo‘ladi. Bu yoshlarning foydali loyihalardan doimiy xabardor bo‘lib turishi uchun qilingan. Ayni shu sahifa orqali “Kreativ park”da bo‘layotgan tadbirlar, seminar va uchrashuvlar haqida e’lonlar berib boriladi, markazdan foydalanish tartib-qoidalari eslatib turiladi. Sahifa zerikarli bo‘lib qolmasligi uchun “Fitrat media group” jamoasi sahifada yoshlar uchun foydali va qiziqarli kontent yaratmoqda.

 

Kutilayotgan o‘zgarishlar

“Kreativ park”ning yoshlar uchun qanchalik ahamiyatli ekani, kelajakda markazda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi rejalashtirilayotgani haqidagi savollarga Yoshlar ishlari agentligi loyiha menejeri, “Fitrat Media Group” rahbari Risolat Maxsimova javob berdi:

— Fikrimcha, “Kreativ park” yoshlar uchun zarur bo‘lgan maskan. Chunki har bir yosh o‘zi uchun qulay sharoitda, chiroyli atmosferada dars qilishni, tengdoshlari bilan fikr almashib, yangi tanishlar orttirishni istaydi. To‘g‘ri, bunday joylar ko‘p bo‘lishi mumkin, lekin 24 soat ishlaydigan, barcha sharoitlari bor, bepul maskan yo‘q bo‘lsa kerak. “Kreativ park” o‘ziga xos unikal tuzilma. Nafaqat dars qilish uchun, balki turli sohalarni o‘rganish uchun ham ochiq maydon, turli loyihalarda ishtirok etish, tajriba oshirish mumkin.

Qayerga borib darsimni yoki biror bir ishimni qilsam ekan, degan savolga ayni mana shu markaz yechim bo‘ladi. Istalgan vaqtda kelib foydalanish mumkin. Joylashuvi ham juda qulay, “Mustaqillik maydoni” metro bekati juda yaqin. Talabalik davrimda shunday sharoitlarga ega joylar bo‘lishini istaganman, faqat universitet kutubxonasi bor edi, ammo talabalar ko‘pligi sabab, imkoniyatlar cheklangan edi. Bu yerda esa joylar keng, yetarli. Umuman, yoshlar uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi deb o‘ylayman.

Kelajakda turli xil loyihalar, yoshlar rivojlanishiga hissa qo‘shuvchi mahorat darslarining soni va miqyosini ko‘paytirish rejalashtirilgan. Albatta, bu ishlar maxsus ajratilgan zallarda bo‘ladi, dars qilayotgan yoshlarga halal bermagan holda. Bundan tashqari, kutubxonadagi kitoblar zaxirasini ham kengaytirib, muntazam ravishda yangi chop etilgan kitoblarni qo‘shib bormoqchimiz. Media platformalarda “Kreavtiv park” faoliyatini yanada kengroq yoritish ham rejalashtirilyapti, maqsad — bu orqali yoshlarga markaz haqida ko‘proq ma’lumot berib, ularni jalb qilish.

Markaz foydalanuvchi yoshlarning fikr va takliflarini muntazam o‘rganib boradi. Ular uchun xavfsiz, qulay sharoitni yaratish ustida ishlar davomiy bo‘ladi. Umuman, yangiliklar yoshlarning talab va takliflarini inobatga olgan holda, ular bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Foydalanuvchilar fikri qanday?

Biz “Kreativ park”dagi yoshlarning fikrlariga ham qiziqib ko‘rdik. Ko‘pchilik ijobiy fikrda, ayrim jihatlardan norozilar ham bor. So‘rovimizga javob bergan bir kishi kutubxonada tozalikka rioya qilish va shovqin solmaslik haqidagi ogohlantirishlarni ko‘paytirish kerak, degan bo‘lsa, til o‘rganuvchilar shovqini xalaqit beradi, ularni ajratish kerak, degan yoshlar ham bo‘ldi. Albatta, bular ham bir taklif va mas’ullar tomonidan inobatga olinsa kerak. Quyida fikr va takliflarni keltirib o‘tamiz:

“Men saroydan 4 oydan beri foydalanaman. Asosan dars qilish uchun kelaman, badiiy kitoblar ham o‘qiyman, o‘zim talabaman, tibbiyot sohasida o‘qiyman. Menga ma’qul tomonlari: har doim ochiqligi, metro bekati oldidaligi, doim joy bo‘lishi, qulayligi. Umuman, atmosfera yaxshi. Bundan tashqari, bu yerga o‘zim bilan badiiy kitoblar, suv yoki kofega o‘xshash narsalar olib kirsam bo‘ladi, boshqa kutubxonalarda bu mumkin emas. Eng muhimi, tekin, book kafelar pulli bo‘ladi, albatta, shovqin ham. Kirish uchun ortiqcha tekshiruvlar yo‘qligi yoqadi. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi kutubxonada ID karta ko‘rsatib, noutbuk, kitoblarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ham anchagina vaqt ketadi. Bu yerda esa shunaqa ovoragarchiliklar yo‘q. Faqatgina yaqin atrofda yemakxona yoki do‘konlar yo‘qligi biroz noqulaylik tug‘diradi. Balki shu yerning o‘zida birorta do‘kon ochilsa, yaxshi bo‘lar edi”, deydi doimiy foydalanuvchilardan biri Irodaxon Qodirova

Markazga birinchi marta kelgan yosh o‘qituvchi Jasur Haydarov ham o‘z fikrlarini bildirdi: 

“Joylarni yana ko‘paytirish kerak, talabalar poytaxtga qaytgach, yetmay qolishi mumkin. Kompyuter xizmatlarini yo‘lga qo‘yish lozim, nimanidir qog‘ozga chiqarish kerak bo‘lsa, yaqin o‘rtada bunaqa xizmat ko‘rsatadigan joy yo‘q ekan. Ko‘pchilik kompyuter bilan ishlaydi, quvvatlash uchun ko‘proq joylar kerak. Qolgan jihatlar yaxshi, salqin, shinam, joylashuvi qulay”.

“KREATIV PARK”NING AFZALLIGI NIMADA?

  • Qulay joylashuv;
  • 24/7 ish faoliyati;
  • Bepul;
  • Bir nechta loyihalarni qamrab olgan;
  • Ro‘yxatdan o‘tish oson;
  • Kitoblarni erkin tanlash imkoni.

 

Takliflar:

  • Yaqin joyda yemakxona va do‘kon ochish;
  • Qurilmalarni quvvatlash uchun joylarni ko‘paytirish.
  • Til o‘rganuvchilar zalini alohida qilish.
  • Kompyuter xizmatlarini yo‘lga qo‘yish.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish