Quloqchin kashf qilinganiga 25 yil to‘ldi. Qulaylik uchun xizmat qilishi kerak bo‘lgan, yoshlarbop bu texnologiyadan bugun qanchalik to‘g‘ri foydalanyapmiz?
Eshitish qobiliyatimizga salbiy taʼsir qiladigan ikkita omildan biri – gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik bo‘lsa, ikkinchisi baland shovqindir. Quloqchindan tanaffussiz foydalanish quloqqa tez-tez oltingugurt tiqinlari tiqilib qolishi, ventilyatsiya tizimi va namlik meʼyori buzilishiga olib keladi.
Agar sizda quloqchinlardan doimiy foydalanish odati bo‘lsa va bundan voz kecha olmayotgan bo‘lsangiz, unda eshitish darajasining keskin pasayishi, quloq pardasi yallig‘lanishi, shikastlanishi, quloq devorlarida yaralar paydo bo‘lishi hamda bosh aylanishi kabi muammolarga tayyor turavering. Eng yomoni, keyinchalik bu oqibatlarni bartaraf etish sizdan yaxshigina mablag‘ va vaqt talab qiladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, quloqchindan 1 soat davomida foydalanish bakteriyalarning taxminan 700 barobar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu esa boshqa a’zolarning faoliyatida ham qator muammolarni keltirib chiqaradi.