Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

QURILISHDAGI “BURILISHLAR”

14.2.2023 271

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Shu kunlarda qardosh turk xalqi sinovli kunlarni boshdan kechirmoqda. Tabiiy ofat sabab minglab insonlar qurbon bo‘ldi, jarohat oldi, yaqinlaridan, bor-budidan ayrildi. Bu mudhish voqea tufayli qulab tushayotgan binolarni ko‘rib, beixtiyor o‘yga tolamiz...

Bundan 11 yil oldin “City Journal”da amerikalik jurnalist Kler Berlinskning “30 soniyada million kishi halok bo‘lsa” nomli maqolasi e’lon qilingan. Maqola o‘sha yilning mart oyida Yaponiyada ro‘y bergan “Fukusima–1” AES avariyasiga bag‘ishlangan bo‘lishiga qaramay, zilzilalar, ularning kelajakka solayotgan xavfi va bunda korrupsiyaning o‘rni haqida barcha davrlarga daxldor fikrlar berilgan.

“Yaponiyada ro‘y bergan fojiada binolar yiqilmagani insoniyatning tabiiy ofat ustidan kichik g‘alabasi bo‘ldi. Ammo hamma joyda ham binolar bunday baquvvat qurilmaydi. Xususan, Yaponiyaning o‘zida ham 1995-yilda Kobe shahrida ro‘y bergan, 200 ming binoni qulatgan zilziladan so‘ng qurilishlarga alohida e’tibor berish, yangi texnologiyalarni ishlatish boshlangan (jumladan, ko‘priklar tagiga rezina bloklari o‘rnatilgan, domino effektidan qochish uchun binolar bir-biridan uzoq joylashtirilgan” , – deydi muallif.

Shuningdek, maqolada zilzilalar odatda ularga qarshi kurashishga puli yo‘q davlatlarda ro‘y beradi, degan qarash borligi aytilgan. Aslida, zilzilalar fojiaga aylanganidagina diqqatimizni tortadi. Bunday fojialar esa aholi zich yashaydigan va sifatsiz qurilgan uylardan iborat katta shaharlarda ro‘y beradi. 2010-yili Gaiti poytaxti Port-o-Prensda ro‘y bergan zilzilada 100 ming bino buzilgandi. 1989-yilda San-Fransiskodagi zilzila undan kuchliroq bo‘lsa-da, kamroq e’tibor tortgandi, chunki bu shaharda binolar sifatliroq, mustahkamroq qurilgan. 2011-yili Yangi Zelandiyaning Kraystchyorch shahridagi zilzila ham kam talafot yetkazgani bois fojiaga aylanmagan edi. Sifatsiz, baland, arzon uylardan iborat kambag‘al shaharlar zilzila chog‘ida yuz minglab odamlarga qabriston bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Kler Berlinsk yuqoridagiday binolar qurilishi va betartib kvartallarning vujudga kelishi korrupsiya bilan bog‘liqligini aytadi. Darhaqiqat, eng katta qotil zilzilaning o‘zi emas, balki korrupsiyadir. Tabiiyki, quruvchilar xavfsizlikka ortiqcha xarajat qilishni xohlamaydi, shu bois ularning ustidan nazorat o‘rnatuvchi mustaqil mexanizmlar kerak. Ammo Turkiyadagi barcha asosiy partiyalar quruvchi kompaniyalardan pul olishini inobatga olsak, muammo juda jiddiy.

...Yurtimizda qurilayotgan imoratlar zilzilaga qanchalik chidamli, ularning zilzilaga bardoshliligi qat’iy tekshiriladimi? Binolar necha balli seysmik tebranishlarga moslab loyihalashtiriladi? Buni nazorat qilish, javobgarlik kimning bo‘ynida?

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Shaharsozlik kodeksining 5-bob 26-moddasida qurilishni nazorat qilishda funksional majburiyatlar belgilab qo‘yilgan. Bunda shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik ko‘rish va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-montaj, ishga tushirish, sozlash ishlarini bajarish qat’iy nazorat qilinadi. Obyektlarni qurish chog‘ida qurilish ustidan davlat nazorati, buyurtmachining texnik nazorati, ishlab chiquvchining mualliflik nazorati va pudratchining ichki nazorati bo‘lishi talab etiladi.

Qonunlarda yozilishicha, yangi bino qurilishi to‘rt tomonlama qat’iy nazorat qilinar ekan. Lekin sal shamol bo‘lsa, tomi uchib ketadigan, deraza tokchalari tushib ketadigan, devorlarda yoriqlar, yomg‘ir yog‘sa, chakki o‘tadigan, shiftlari ko‘chib ketadigan uylar qayerdan kelib qolyapti? Buxoroda bo‘lib o‘tgan tabiiy ofatda necha asrlar oldin, chelakda arqon bilan loy tashib qurilgan tarixiy binolar qolib, kecha qurilgan “namunaviy” uylar ahvolini eslang. Jizzaxda qulab tushgan ko‘p qavatli bino-chi? Qurilishiga ikki yil ham bo‘lmagan ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasi nima sababdan kanalizatsiya suviga to‘lib qolyapti?

Qonunchiligimizda qurilish ishlarida sifatga kafolat berish hamda ular lozim darajada bajarilmagan taqdirda pudratchining javobgarligi ham belgilab qo‘yilgan. Lekin tinch zamonlarda ham to‘kilib tushayotgan uylar uchun birorta pudratchining jazolanganini, uylar sifati yaxshilanganini eshitmadik. Aksincha, sohadagi korrupsiya, tenderlarda nepotizm holatlari yildan-yilga ortib bormoqda.

2018-2019-yillarda qurilish sohasida 142 milliard so‘m talon-toroj qilingan, qurilishga oid masalalarni hal etish evaziga 1,6 milliard so‘m va qariyb 1 million dollar pora olingan. 2020-2021-yillarda 1 ming 233 nafar shaxs qurilishda korrupsiyaga yo‘l qo‘yib, javobgarlikka tortilgan. 2022-yilda 6102 ta noqonuniy qurilishlar aniqlangan. Qurilish-montaj ishlari tugallangan bino va inshootlardan foydalanishga ruxsat berish bo‘yicha 16 576 ta murojaatdan 11 162 ta obyektning qurilish ishlari belgilangan normalarga to‘g‘ri kelmasligi bois rad etilgan.

Demak, yangi qurilgan binolarning 80 foizga yaqini talablarga javob bermagan. Otning kallasiday narxga, necha yillab yiqqan puliga shu uylarni olayotgan odamlar esa kimga murojaat qilishni bilmaydi. Shuncha o‘rganishlar-u tanqidlardan keyin ham ahvol yaxshilanmayapti, go‘yoki bularning ortida qandaydir ko‘rinmas kuch borday.  “Korrupsiya o‘ldiradi” degan gap qurilish sohasida, ayniqsa, yaqqol bilinadi.

Ming afsuski, shuncha ogohlantirishlarga qaramay, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan qurilishlar, qo‘shib yozishlar, o‘g‘riliklar davom etmoqda. Obyektlarda malakali quruvchilar emas, arzon ishchi kuchi bo‘lgan mardikorlar ishlamoqda. Korrupsiya shunchaki ijtimoiy norma emas, balki odamlar hayotiga zomin bo‘layotgan “mahluq”qa aylanib bormoqda.

Nahotki bunday quruvchi tashkilot rahbarlarining tanobini tortib qo‘yadigan mas’ul tashkilot bo‘lmasa?! Qurilish sohasidagi korrupsiyaga qarshi zudlik bilan kurashish kerakligini tushunib yetish uchun yana qancha fojialarga guvoh bo‘lishimiz kerak?..

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish