Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Top 100: “Qutqaruvchi” yetakchi

10.10.2024 2752

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Islombek Shamuratov – Xorazm viloyati Xiva shahridagi “Yangi hayot” mahallasi yoshlar yetakchisi. U o‘z tashabbuslari bilan mahalla yoshlarini birlashtirib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tadbirlari orqali e’tirof etilgan. Uning yutuqlari mamlakat miqyosida “Top 100” yoshlar yetakchilaridan biri safida o‘z o‘rnini topishiga sabab bo‘ldi.

U yetakchilik fazilatlari, innovatsion yondashuvlari va yoshlarni ijtimoiy hayotga jalb qilishdagi sa’y-harakatlari bilan yoshlar orasida ishonchli va o‘zgarishlarga tayyor lider sifatida tanilgan. Mahalla ahli uni “qutqaruvchi” deya e’tirof etadi. Uning mehnatlari natijasida 2024-yili “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovning respublika bosqichida “Yoshlar jinoyati va huquqbuzarligidan xoli mahalla” yo‘nalishida “Yangi hayot” mahallasi birinchi o‘rinni egalladi.

“Yangi hayot” mahallasi balansi

Aholi soni:  3821 nafar;

Xonadonlar: 607 ta;

Yoshlar soni: 790 nafar;

Ayol-qizlar: 398 nafar;

Yashil toifa: 666 nafar;

Sariq toifa: 124 nafar;

Qizil toifa: 21 nafar.

– Yoshlar jamiyatning eng dinamik va ijodiy qatlami sifatida, kelajakni belgilashda muhim rol o‘ynaydi, – deydi “Yangi hayot” mahallasi yoshlar yetakchisi Islombek Shamuratov. – Ayniqsa, jinoyatchilik va huquqbuzarlik masalalari zamonamizda global muammoga aylangan. Men faoliyatimni aynan shu masalalar atrofida qurdim. Yoshlarni nazoratga olish va bandligini ta’minlash orqali jinoyatchilikka barham berish mumkin. Profilaktika inspektori bilan birgalikda tungi reyd tadbirlarini olib boramiz. Reydlar davomida aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha yoshlar va ularning ota-onasi bilan gaplashib, chora ko‘riladi va tushuntirish ishlari olib boriladi. Faoliyatimning ilk kunidan mahalla yoshlari orasida ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish uchun harakat qilaman. Harakatlarim natijasida “Yangi hayot” jinoyatchilikdan holi hudud deb topildi. 2023-yildan buyon mahallada huquqbuzarlik sodir etilgani yo‘q.

Yoshlar va jinoyatchilik

Yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik nafaqat individual hayotga, balki butun jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi. Bu muammo ijtimoiy muhitga tahdid soladi, yoshlar kelajagini barbod qiladi.

Jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda yoshlar bilan ishlash va ularning muammolarini tinglash muhimdir. Islombek mahalladagi har bir yoshning fikrlarini inobatga olib, ularning ehtiyojini va muammolarini chuqur o‘rganish orqali bu masalaga kompleks yondashadi.

Yoshlar yetakchisi o‘z ishida yoshlarning ijtimoiy va psixologik holatini inobatga olib, ularni turli tadbirlarga jalb etishga harakat qiladi.

Tizimli yondashuv

–  Faoliyatimda tizimli ish olib borish muhim o‘rin tutadi, – deydi Islombek Shamuratov. – Ish dasturlarimni ishlab chiqishda yoshlarning holatini individual tarzda o‘rganib, tahlil qilaman, ularning ehtiyoj va muammolarini aniqlayman. Tajribamda shuni angladimki, faqatgina ayrim tadbirlar bilan cheklanib qolmaslik kerak, balki tizimli ravishda ishlash muhim hisoblanadi. Bu yo‘lda menga profilaktika inspektori B.Boltayev va mahalla yettiligi ko‘makchi bo‘lmoqda.

Har bir yoshga individual yondashuv ular bilan yetakchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni kuchaytiradi va ishonchni mustahkamlaydi.

Mahallada mas’ul rahbarlar, xodimlar bilan tashkil etilgan seminarlar, treninglar va uchrashuvlar orqali Islombek huquqbuzarlikka moyil yoshlar bilan bevosita ishlaydi. Ular bilan muloqot qilib, fikrlarini tinglaydi va zarur bo‘lsa, maslahat, ko‘mak beradi. Bu jarayon o‘z-o‘zini anglashga yordam beradi va yoshlarni ijtimoiy faol bo‘lishga undaydi.

Zamonaviy sport maydonchasi

Yoshlarga huquqiy tarbiya berish, qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga o‘rgatish bu jarayonning asosiy jihatlaridan biridir. Bundan tashqari, Islombek turli sport va madaniy tadbirlar tashkil etadi. Sport orqali yoshlar o‘zlarini ifoda etish imkoniyatiga ega bo‘ladi va jinoyatchilikdan uzoqlashadi. Madaniy tadbirlar, masalan, bayram va konsertlar esa yoshlar o‘rtasida ijtimoiy muhitni yaxshilashga hissa qo‘shadi.

Iqtidorlilarni izlab topish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish borasida ham sport muhim. Masalan, sportning stol tennisi turiga qiziqadigan Jasurbek Salimov va Jumagul Salimova “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida 16-21 yosh toifasida 1-o‘rinni egalladi. Natijada mahalla hududida zamonaviy sport maydonchasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Muammoli yoshlar bilan ishlash

Islombekning faoliyatida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar bilan ishlash alohida ahamiyatga ega. Bu yoshlar ko‘pincha jamiyatga qaytishda qiyinchilikka duch keladi va ularni qo‘llab-quvvatlash zarur. Ularning ijtimoiylashishi, jinoyatchilikka qaytmasligi uchun yoshlar yetakchisi yordamini ayamaydi.

Islombek ular uchun ijtimoiy reabilitatsiya, psixologik yordam va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazadi. Bu ularni jamiyatga qayta integratsiya qilishda katta yordam beradi. Bu borada bir necha dasturlarni amalga tatbiq qilmoqda.

  1. Ijtimoiy reabilitatsiya dasturi”

Bunday toifadagi yoshlar uchun ishlab chiqilgan ijtimoiy reabilitatsiya dasturlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Psixologik yordam. Jinoyat sodir etgan yoshlar ko‘pincha stress, depressiya yoki boshqa psixologik muammolarga duch keladi. Psixolog va mutaxassislar bilan hamkorlikda seminar va individual suhbatlar uyushtirish orqali yoshlarning ruhiy holatini yaxshilashga yordam berish.

Yoshlar o‘rtasida muloqot. Psixologik yordam ko‘rsatish bilan birga, bir-biriga o‘xshash muammolarni boshdan kechirayotgan yoshlarni bir joyga to‘plash va fikr almashish uchun debatlar tashkil etadi. Bu o‘zaro tushunish va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi.

  1. “Kasb-hunarga o‘rgatish” dasturi

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar ko‘pincha kasb-hunarga ega bo‘lmaydi. Yetakchi ularni kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha dasturlar tashkil qilyapti.

Amaliy mashg‘ulotlar. Turli kasblar bo‘yicha amaliy mashg‘ulot va ustaxonalarga yoshlarni jalb qilish. Bu orqali yoshlar hunar o‘rganadi va kelajakda daromadga chiqa oladi. Misol uchun, “Yangi hayot” mahallasida kompyuter savodxonligi, oziq-ovqat tayyorlash, tikuvchilik, til o‘rganish markazlari, kosibchilik kabi kurslar tashkil qilingan.

Mentorlik dasturlari. Tajribali mutaxassislar mentorlik dasturlari orqali yoshlarga o‘z kasbini tanlashda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Bu orqali yoshlar o‘z maqsadlariga erishish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

  1. Ijtimoiy tadbirlarda ishtirok etish

Bu toifadagi yoshlar uchun ijtimoiy tadbirlarda qatnashish muhim.

Madaniy va sport tadbirlari. Mahalladagi sport musobaqalari, madaniy festival va boshqa tadbirlarda ishtirok etish yoshlarni ijtimoiy hayotga integratsiya qilishda yordam beradi. Bu nafaqat o‘zini ifoda etish, balki yangi do‘stlar orttirishga imkon yaratadi.

Ijtimoiy xizmatlar. Ijtimoiy xizmatlarga jalb etish orqali yoshlarda mas’uliyat hissini rivojlantirish. Misol uchun, mahalladagi tozalik aksiyalarida ishtirok etish, yordamga muhtoj insonlarga ko‘maklashish kabi tadbirlarda qatnashish insonlarga nisbatan mehrni uyg‘otishda samarali hisoblanadi. Mahalla yoshlari “Yashil makon” umumilliy loyihasida ham faol ishtirok etib, tuman markazida “Yoshlar bog‘i” tashkil etilishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Yetakchi tashabbusi bilan mahalla yoshlari o‘rtasida “Mehr” jamoasi shakllantirilib, yoshi keksa, nuroniylar holidan xabar olish, ularga ko‘mak berish yo‘lga qo‘yilgan.

  1. Huquqiy maslahatlar

Huquqbuzarlikdan qochish va jamiyatda o‘z o‘rnini topish uchun huquqiy bilimga ega bo‘lish muhimdir.

Huquqiy seminarlar. Qonunlar, huquq va majburiyatlar haqida ma’lumot berish, jinoyat sodir etishdan qanday saqlanish kerakligi to‘g‘risida seminarlar o‘tkazib turiladi.

Yuridik yordam. Yoshlar o‘z huquqlarini bilishi, zarur bo‘lganda, yuridik maslahat olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Bu ularning muammolarini hal qilishda yordam beradi. Shu bois mahallada “Yuridik klinika” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bu muhim!

Islombek Shamuratovning yoshlar bilan olib boradigan faoliyati mahalladagi ijtimoiy muhitni yaxshilashga yordam bermoqda. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklarni kamaytirishga qaratilgan harakatlar, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.

Bu tajriba boshqa yoshlar yetakchilari uchun namuna bo‘lishi va o‘z mahallalarida shu kabi o‘zgarishlar qilishga ilhom berishi mumkin.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish