Yurtimizda yoz mavsumi boshlandi. Albatta, bu faslda mintaqamizga xos bo‘lgan quruq issiq havo kuzatiladi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham harorat yuqorilab boryapti. Shunday ekan bunday paytda qanday tavsiyalarga amal qilish kerak? Ushbu savolga Olmazor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Azizbek Nizamov javob berdi.
Doim ham foydali emas
— Ko‘pchiligimiz yoz faslida quyosh nurlaridan bahramand bo‘lishga odatlanganmiz, — deydi mutaxassis. — Ammo bu doim ham foydali emas. Ayniqsa, quyoshda ultrabinafsha nurlari yuqori bo‘lgan paytda ochiq havoda yurish salomatlik uchun zararli.
Shu bois issiq havoda tabiiy, yorqin rangdagi, paxta matosidan bo‘lgan kiyimlarni kiyish maqsadga muvofiq. Mavsumga mos bunday liboslar terini quyoshning zararli nurlaridan himoyalab, uning nafas olishiga yordam beradi hamda tana qizib ketishining oldini oladi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, qizil, kulrang va sariq rangli kiyimlar issiqlikni, yaltiroq va shoyi matolar esa ultrabinafsha nurlarini yaxshi qaytaradi.
Shunday bo‘lsa-da, imkoni boricha to‘g‘ri tushayotgan quyosh nurlaridan saqlanishga harakat qilish va bosh kiyim kiyib yurish lozim. Chunki bosh terisi boshqa teri kabi quyosh nurlaridan kuyishga moyil.
Eng faol vaqt
Quyosh nuri soat 12:00 dan 16:00 gacha juda faol holatda bo‘ladi. Shuning uchun bu vaqt oralig‘ida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmagan ma’qul.
Ammo tashqariga chiqish lozim bo‘lsa, tananing ochiq joylarini quyosh nuridan asrashga harakat qilish kerak.
Suv balansi muhim
Issiq ob-havoda organizmda suv balansi buziladi hamda ko‘p namlik yo‘qotiladi. Shuning uchun bunday paytda kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichish zarur. Biroq past haroratdagi salqin ichimliklarni ichishdan tiyilish zarur.
Sababi ular butun organizmga, oshqozon ichak yo‘llari faoliyatiga salbiy ta’sir etadi. Qolaversa, salqin ichimlik ichganda tonzillit kabi surunkali kasalliklar kuchayishi mumkin.
Shu bois issiq kunlari iliq yoki xona haroratida bo‘lgan suyuqlik ichishi tavsiya qilinadi. Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organgizmda metobolizm va ichak faoliyatini yaxshilaydi.
Bundan tashqari, chanqoq payti olcha, olma va nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron hamda limonli suvlar, yashil va o‘simlik choylari (yalpiz, romashka va boshqalar) chanqoqni tez bosadi.
Jazirama kunlarda qahvadan voz kechgan ma’qul. Chunki u issiq kunda charchoqni oshiradi. Shirin va gazlangan ichimliklar ham tavsiya etilmaydi.
Issiq ob-havoda spirtli ichimliklardan tiyilish kerak.