Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

FFV quyosh urishidan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar berdi

25.7.2024 739

Yoshlar ovozi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi kunlar keskin isib ketishi sabab yuz beradigan quyosh urishidan saqlanish bo‘yicha tavsiyalar e’lon qildi.

Vazirlik qayd etishicha, ob-havoning keskin isib ketishi ayniqsa bolalar, qariyalar va bemorlarga og‘ir ta’sir qiladi. Hatto sog‘lom odamlar ham ba’zi bir qoidalarga rioya etishlariga to‘g‘ri keladi. Quyosh urishi ochiq havoda to‘g‘ri tushadigan quyosh nurlari ostida sodir bo‘ladi, lekin issiq ta’sir qilgandan so‘ng 6−8 soat o‘tib ham boshlanishi mumkin.

Quyosh urishidan saqlanish uchun quyidagi bir nechta qoidalarga rioya etish zarur:

  • Iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 ga qadar tik tushadigan quyosh nurlari ostida bo‘lmang;
  • tabiiy matolar (paxta, kanop va boshqalar) dan tayyorlangan kiyim kiying;
  • albatta yengil, yorqin rangli bosh kiyim kiying;
  • ko‘zingizga quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqing;
  • suv ichish rejimiga amal qiling. Tartibsiz ko‘p miqdorda suv ichish faqat chanqoqni yaxshi bosmaydi, lekin yurakni zo‘riqtiradi. Yaxshisi achchiqroq damlangan choy, kvas, har xil sharbatlar, mineral suv iching. Uydan chiqishingizda o‘zingiz bilan olib oling;
  • quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning;
  • quyoshda bo‘lib qaytganingizdan so‘ng, dush qabul qiling yoki ho‘l sochiq bilan artining;
  • och qoringa yoki ovqat yeganingizdan so‘ng darhol quyosh ostida bo‘lmang.

Quyosh urishi yoki issiq urishi belgilari:

  • Darmonsizlik, charchoq, bosh og‘rig‘i va chanqash kuzatiladi;
  • bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada og‘riq bo‘lib, puls va nafas tezlashadi.
  • ayrim paytlarda ko‘ngil aynishi va qusish kuzatilishi mumkin;
  • terlash kuchayadi, burundan qon ketishi mumkin;
  • yurak-qon tomir faoliyati va nafas olish keskin buziladi, hushini yo‘qotishi mumkin;
  • ayrim paytlarda tutqanoq tutishi, alahsirash, gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.

Quyosh urishining og‘ir shaklida ter ajralishi to‘xtaydi, agarda bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, nafas va yurak to‘xtashi mumkin.

Vazirlik quyosh urishi kuzatilsa bemorga birinchi tez yordam ko‘rsatish tartibini tushuntirib o‘tdi. Bunda:

  • Bemorni salqin joyga o‘tkazish, chalqancha yotqizish, boshini salgina ko‘tarib qo‘yish, kiyimlarini yechish, butunlay tinch muhit yaratish va toza havo kelishini ta’minlash;
  • agar bemor hushida bo‘lsa achchiq choy yoki sovuq suv ichirish, (yaxshisi suvga 0,5 litrga 0,5 choy qoshiqda tuz qo‘shish);
  • boshini sovuq suv bilan ho‘llash yoki boshiga nam sochiq qo‘yish;
  • og‘ir holatlarda bemorni ho‘llangan choyshab bilan o‘rab qo‘yish yoki ustidan sovuq suv quyib turish mumkin, lekin ehtiyot bo‘lish kerak (tana harorati 30 gradusdan tushib ketmasligi kerak).
  • agar iloji bo‘lsa qon tomirlari ko‘p bo‘lgan qo‘ltiq osti, chov va tizza orqasiga muz yoki sovuq suv to‘ldirilgan “baklajka” qo‘yish kerak;
  • quyosh yoki issiq urgan bemorlarni yaqin o‘rtadagi davolash muassasasiga olib borish zarur. Og‘ir hollarda esa zudlik bilan tez yordam brigadasini chaqirish zarur.

Avvalroq O‘zgidromet haftaning ikkinchi yarmi, 25−29-iyul kunlari O‘zbekiston bo‘ylab juda issiq havo kutilayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, kunduzi havo harorati respublikaning Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan tashqari aksariyat hududlarida +40…+43 darajagacha, janubiy va cho‘l hududlarida +44…+45 darajagacha ko‘tariladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish