Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Rabotak”da yoshlar qanday ishli bo‘lmoqda?

4.10.2023 1986

Akbar BOBOQULOV, Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanidagi “Rabotak” mahallasi yoshlar yetakchisi

Mahallamizda bir nechta yosh tadbirkor ish boshladi. Bunda bizga ustoz-shogird an’anasi asqatmoqda. Gap shundaki, yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ishsiz yoshlarimizni mahalladagi usta-hunarmandlarga biriktirib qoʻyganmiz. Ular bir-necha oy davomida oʻzlari qiziqqan hunar sirlarini ustozlaridan oʻrganishadi. So‘ng “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olib, oʻzlari mustaqil ish boshlashlari uchun zarur yordamlar beryapmiz.

Doston Boboqulov ham ishsiz edi. Uning ustachilik qilish niyati borligini bilgach, mahallamizda plastik rom yasaydigan ustaga shogirdlikka olib bordim. Yetti oy davomida ustozidan hunar sirlarini mukammal oʻrgandi. Keyin mustaqil ish boshlash istagini bildirgach, uni “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olib, 33 million soʻmlik imtiyozli kredit olishi uchun tavsiya berdim. Kredit mablagʻiga plastik rom ishlab chiqarish uchun zarur uskunalarni xarid qilib, oʻz uyida ish boshladi. Hozir oyiga 4-5 million soʻm sof daromad olmoqda. Mahalladagi bir nechta yoshga oʻz hunarini oʻrgatib, ikki nafar yoshning bandligini taʼminladi.

Mamadali Rajabov ham bir necha oydan buyon mahallamizdagi beshikchi ustaga shogird tushib, hunar oʻrganayotgan yoshlardan edi. U ham beshikchilikni mukammal oʻrgangach, mustaqil ish boshlash maqsadi borligini aytdi. Mamadalini ham “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olib, 33 milllion soʻm imtiyozli kredit ajratib berdik. Hozirgi kunda oyiga 5-6 million soʻm daromad olish bilan birga, 4 nafar shogirdiga beshikchilik hunarini oʻrgatyapti.

Ishsiz qizlarimizning mahalladagi tikuvchilik oʻquv markazida hunar oʻrganishini yoʻlga qoʻyganman. Bu yerda qizlar tekinga hunar oʻrganib, 5-6 oyda mustaqil ish boshlayapti. Men esa ularni “Yoshlar daftari”ga olib, subsidiya asosida tikuv mashinasi olishga tavsiya qilyapman. Yil boshidan buyon mahallamizdagi 7 nafar qiz tikuvchilikni mukammal oʻrgandi va ularning har biriga subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratildi. Ular oyiga 2-3 million soʻm atrofida daromad olish bilan birga, mahalladagi ishsiz yoshlarga tikuvchilik sirlarini oʻrgatib kelmoqda.

Yuqoridagilar kabi ustoz-shogird an’anasi asosida hunar oʻrgangan har bir yoshga mahalladagi ishsiz yoshlarni biriktirib qoʻyganman. Ular oʻzlariga biriktirilgan yoshlarga tekinga hunar oʻrgatadi. Shu tariqa mahallamizda ustoz-shogird an’anasini yoʻlga qoʻyib, yoshlarning bandligini taʼminlamoqdamiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish