Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Rangin dunyo” – ilk qadam

16.5.2023 1104

Marjona QURBONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Tasviriy san’at – rang sanʼati. U hayot va xayolni birgalikda aks ettirib, tomoshabinning   hissiyotlariga taʼsir oʻtkazadi. San’atning ushbu yo‘nalishida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yoshlardan biri Sodiq QO‘CHQOROV.

  “Yangi asr isteʼdodlari” tanlovining faol ishtirokchisi, “Xalqaro tasviriy san’at” festivali va “Moʻyqalam sehri” koʻrgazmalarida faxrli 1-oʻringa munosib topilgan Sodiq Toshkent arxitektura va qurilish institutida tahsil oladi. Yaqinda u o‘zining ilk, “Rangin dunyo” deb nomlangan  ko‘rgazmasini o‘tkazdi.

– Bu koʻrgazma men uchun dastlabki qadam! Eng katta maqsadim kelajakda xalqaro darajada, Yevropa miqyosida ham shunday koʻrgazmalar uyushtirish va ijodimni keng ommaga tanishtirish. Shu maqsad yoʻlida nosimmetrik, simmetrik, kompozitsiya va abstrakt kartinalar ustida ishlayapman, – deydi yosh rassom Sodiq Qo‘chqorov.

  Rangtasvir mahsulini tinglab yoki oʻqib boʻlmaydi. Uni shunchaki koʻrish ham kifoya emas, qalb bilan idrok etish talab etiladi. Ijodkor oʻziga zarur boʻlgan erkinlik va kuchni ranglardan oladi: u orqali kompozitsiyasidagi asosiy gʻoyani ajratib koʻrsatish, muhim detallarni boʻrttirish yoki masofaning chuqurligini berishi mumkin.

Musavvirlikning zamonaviy rangtasvir yoʻnalishida oʻzgachalik va jozibadorlikni koʻrgan yosh rassom harakatchanligi va ustozlari Dilmurod Usmonov, Rahim Aliboyev, Samiya Joʻrayeva Saodat Mirdavidovalarning qoʻllab-quvvatlashi sabab yangi marralarni koʻzlamoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish