Maktabimizda bir necha yillardan beri rassomchilik, haykaltaroshlik, raqs, musiqa kabi o‘nga yaqin to‘garak faoliyat yuritmoqda. Ularning har birida 16 nafar o‘g‘il-qiz ishtirok etishadi.
O‘zim rahbarlik qilayotgan rassomchilik to‘garagida bolajonlar asosan rang-tasvir sirlarini o‘rganmoqda. Predmetga qarab chizish, ranglarni aralashtirib yangi ranglar hosil qilish, kompozitsiya – syujet asosida rasm ishlash, ochiq havoda (planer) rasm ishlash, milliy tasviriy san’atimizni yuksak pog‘onalarga ko‘tarishda xizmat ko‘rsatgan Qutlug‘ Basharov, O‘rol Tansiqboyev, Abdulhaq Abdullayev kabi taniqli musavvirlarning asarlari bilan tanishish va tahlil qilishga ahamiyat beramiz.
2023-2024 o‘quv yilida o‘quvchilar bilan shahar xiyobonlari, O‘rda bog‘i, ko‘chma hayyovonot bog‘i va Sangzor daryosi bo‘ylarida plenerda rasmlar chizildi. Yakuniy mashg‘ulotda esa taniqli shoir Hamid Olimjonning Jizzax shahridagi uy-muzeyi hamda viloyat o‘lkashunoslik muzeyining san’at bo‘limiga sayohat uyushtirildi.
Devoriy gazetalarning ko‘rkam, bezakli va mundarijasi boy bo‘lishi to‘garagimiz a’zolarining mahorati mahsuli. Jumladan, “Boychechak“, bolalar muhim sanalarga atab “G‘uncha“, “Nihol” kabi devoriy gazetalarni chiqarishadi.
To‘garak a'zolarining idishqovoqqa (kadi) bezak berishga qiziqishlari ortib, ertak qahramonlari, miniatyura va manzara janrlariga ham e’tibor qaratishmoqda.
Miniatyura – badiiy tasvirning o‘ta nozik, kichik hajmli san’at asaridir. Unda falsafa va nozik did mujassam. Musavvir ranglarni shunchaki ifodalamaydi, balki qalbidan, yuragidan o‘tkazib chizadi. Biz bolajonlarga shular haqida tushunchalar beramiz. “Chiziqlar, shakllar, ranglar – xuddi tirik mavjudotga o‘xshaydi, – degan edi taniqli rassom Chingiz Axmarov. – Ular kuylaydi ham, sayraydi ham, o‘ylatadi ham”.
O‘quvchilar har yili tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha quvonchli natijalarni qo‘lga kiritmoqda. O‘than yili Erkin Rahmonov viloyatda o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda birinchilikni egalladi. Odina Qo‘shnazarova va Ulug‘bek Eshpo‘latov “Jaholatga qarshi ma’rifat” respublika rasmlar tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
Bola doimo go‘zallikka intilib yashaydi, borliq mo‘jizalardan zavq oladi. Shunday ekan mashg‘ulotlarda kelajak avlod ma’naviyati va uning ruhiy go‘zalligini shakllantirishga o‘z tajriba va mahoratimiz bilan oz bo‘lsada hissa qo‘sha olsak, quvonamiz.