Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Reklama, serial va sevgiga gʻarq boʻlayotgan telekanallar

30.10.2023 577

Boʻri Qodirov, Avazbek Shermatov, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti xodimlari Manba: Oyina.uz

Televideniye aholiga nafaqat tezkor va ishonchli axborot, balki bilim hamda maʼnaviyat ulashadigan makon. Shu maʼnoda bugun oʻzbek telekanallarining efirga uzatayotgan dasturlarining mavzu, gʻoya va tili qanday ekanini bilish maqsadida kichik kuzatuv olib borildi. Buning uchun oʻzbek davlat va nodavlat kanallari orasidagi eng yuqori reytinglilari tanlab olindi. Ammo kuzatuv natijalari, afsuski, kishini xursand qilmaydi...

Reklama va sevgiga gʻarq boʻlayotgan “Navo” telekanali

OʻzMTRKga qarashli “Navo” telekanalida 2023-yil 21-oktyabr kuni berilgan dasturlar orasida biror marta Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgani haqida eslab oʻtilmagani achinarli. Soat 08:00 dan 22:00ga qadar telekanalning turli nomdagi dasturlari davomida 95 ta qoʻshiq va musiqiy kliplar efirga uzatildi. Ularning 73 tasi faqat sevgi-muhabbat mavzusida kuylangan. Qolgan taronalarning 5 tasi ota-ona5 tasi qiz farzandlartasi oʻzbek ayol-qizlari2 tasi lazgi mavzusiga bagʻishlangan boʻlsa, oilaviy tinchlikuylanishoʻyin-kulgitoʻyboʻydoqlik, dunyokoʻngilocharmilliy mavzularda bittadan qoʻshiq efir yuzini koʻrdi. 

Ashulalar mavzusiga eʼtibor berilsa, ularning mutlaq koʻp qismi, yaʼni 76,84%i sevgi-muhabbat mavzusiga bagʻishlab kuylanganini koʻrish mumkin. Ota-ona va qiz farzand haqida 5.26%, qolgan mavzularga esa bundan ham kam foiz miqdorida murojaat etilgan. Mazkur koʻrsatkichlar “Navo” telekanalining bugungi kunda asosan “oʻldim-kuydim” yoʻsinidagi sevgi-muhabbat musiqasi targʻiboti va ayrim hollarda baʼzi saviyasiz sanʼatkorlarning bemaza va bachkana ijodiy ishlarining targʻibot maydonchasiga aylanib qolgani haqida xulosa qilishga olib keladi. Sanʼatimizda, estradamizda sevgidan boshqa mavzu yoʻqmi? Yoki biz sevgi-muhabbatga shunchalik oʻch xalqmizmi? Sevgidan boshqa muammomiz yoʻqmi?

Oʻrganish olib borilgan bir kunlik dastur davomida telekanalda bironta ham vatantinchlikdoʻstlikyaxshilik va milliy mentalitetimiz, maʼnaviyatimiz uchun muhim boʻlgan boshqa mavzularda kuy-qoʻshiqlar yangramadi. 21-oktyabr oʻzbek tili bayrami munosabati bilan til mavzusida birorta qoʻshiq yoki koʻrsatuv efirga uzatilmadi. Aksincha, davlat tiliga hurmatsizlik unsurlari bor boʻlgan xorijiy soʻzlar qoʻllangan baʼzi kliplar namoyish etildi. Xususan, xonanda Umidaxonning bir qoʻshigʻida ,,lyubov moya” deyishi yoqadi”, “manday “chyotkiy qiz”ni yori boʻlsa” kabi jumlalar bir necha bor takrorlandi. Munisa Rizayevaning efirga uzatilgan bir qoʻshigʻida esa “Welcome to hayotim”, “everybody dance with us” shaklidagi inglizcha soʻz va jumlalar yangradi. Shuningdek, Afruz guruhi ijro etgan “Leyli” qoʻshigʻi “I miss you”, “pinhona cry” koʻrinishidagi xorijiy soʻzlar bilan toʻla edi. Telekanalning til bayrami kunida oʻzbek tiliga hurmatsizlik ruhida kuylangan musiqalarni efirga uzatishi hech bir qolipga sigʻmaydi.

 

Telekanalda dasturlar orasida berilayotgan reklamalar davomiyligi haddan tashqari koʻp. “Reklama xususiyatiga ega telekanal” deya oʻziga yorliq yopishtirib olgan kanal bu borada barcha chegaralardan chiqib ulgurgan. Har ikki-uchta qoʻshiqdan keyin oʻn daqiqa reklama beriladi. Xususan, telekanalning “Zargarshop” nomli dasturi toʻligʻicha reklamaga bagʻishlangan. 11:00 dan 13:00 ga qadar ikki soat(!) davom etuvchi mazkur dastur bir doʻkonning zargarlik buyumlari reklamasini efirga berish bilan shugʻullanadi. Bu vaqt davomida tomoshabinda “aslida bu musiqiy yoʻnalishga ixtisoslashgan davlat telekanalimi yoki tijoriy mediaplatformami?» degan haqli savol tugʻiladi. Albatta, bugungi kunda reklamalar media sohasining ajralmas bir boʻlagiga aylangan. Ayniqsa, teleradiokanallar reklama berishning eng muhim maydoni sanaladi. Ulardan keladigan daromad telekanalning moliyaviy mustaqilligiga va koʻrsatuvlarning sifatli boʻlishiga xizmat qiladi. Biroq, yuqorida tilga olingan kabi soatlab, har soatda oʻnlab daqiqa davom etuvchi reklamalar insonning meʼdasiga tegishi aniq. Bunday holatning davlat telekanalida muntazam takrorlanishi esa uning obroʻ-eʼtiborining sezilarli pasayishiga, tomoshabinning telekanalga boʻlgan qiziqishining soʻnishiga olib keladi. Bizning fikrimizcha, “NAVO TV” tijorat maydonchasi emas, balki oʻzbek musiqa sanʼati va estradasining eng sara namunalarini xalqimizga muntazam va sifatli yetkazib boruvchi madaniy minbar boʻlib xizmat qilishi lozim.

“Zoʼr TV” – shou-biznes vakillari uchun eng qulay maydon

Telekanallar reyting koʻrsatkichlariga koʻra birinchi oʻrinda turgan “Zoʼr TV” kanalining bir kunlik dasturlari soni 10-12 tani tashkil etadi. Xususan, 21-oktyabrda quyidagi koʻrsatuvlar efirga berilgan: “Ertalabdan salom”, “Bu kun” (informatsion dastur), “Oshxona qirollari”, “Zinama-zina”, “Yor-yor”, “Aldama meni”, “Oʻgʻirlangan niqob”. 22-oktyabrda esa “Ertalabdan salom”, “Bu kun” (informatsion dastur), “Dovuchchalar”, “Online 360», “Yor-yor”, “Teleduel”, “Boriga baraka” nomli turli yoʻnalish va formatdagi koʻrsatuvlar namoyish etilgan.

Dushanba-juma kunlari tongda jonli efirdagi “Ertalabdan salom”, tunda “Uxlamaysizmi?» koʻrsatuvlari muntazam berib boriladi. Telekanalda har kuni “Qora beva”, “Mavsum” nomli 2 ta milliy serial, “Ota” nomli 1 ta turk seriali hamda kunlik 2 ta telenovella efirga beriladi. Shuningdek, bir kunda 3-4 ta badiiy film namoyishi dasturga kiritilgan.

Oʻzbek tiliga davlat tili maqomini berilganiga 34 yil toʻlishiga munosabat telekanalning 21-oktyabrgi dasturlarida aks etmagan. Aksariyat koʻrsatuvlar boshlovchilarining goh Toshkent shevasi, goh xorijiy tildagi soʻzlarni aralashtirgan holda taqdim etadigan “kokteyl nutqi” esa efir madaniyatiga toʻgʻri kelmaydi. Xususan, “Oʻgʻirlangan niqob” koʻrsatuvining 21-oktyabr kuni namoyish etilgan 3-mavsum 1-soniga ekspert sifatida qatnashgan shou-biznes vakillari Sharof Muqimov, Dilshod Mirzamurodov, Nilufar Sotiboldiyevalarning chiqishi ham yoshlarga oʻrnak boʻlgulik deya olmaymiz. Yoki “Yor-yor” koʻrsatuvida ekspert sifatida qatnashadigan Halimaxon Ibragimovaning efirda oʻzini tutishi, ishtirokchilarga muomalasi umuman efir va etika talablariga toʻgʻri kelmaydi. Bu koʻrsatuvlar auditoriyasi nisbatan koʻpligi, xalq ichida mashhurligini inobatga oladigan boʻlsak, ularning tomoshabin maʼnaviy olamiga biror foydali tomoni borligini aytish qiyin. Aksincha, beparda soʻzlar, odobsiz xatti-harakatlar tomoshabinning koʻnglini ozdiradi. Telekanalda namoyish etiladigan seriallar ham mavzu va gʻoya jihatdan siyqasi chiqqan, asosan turmushdagi maishiy muammolar – qaynona-kelin, er-xotin va hokazo mojarolarga qurilgan.

“ZoʻrTv”da har kuni “Saboq” nomli turkum telenovellalar namoyish etiladi. Ushbu telenovellalar telekanalning Yutub kanaliga “Erimni deb bolamni oʻldirdim”, “Kelinini oʻldirib qoʻygan qaynona”, “Otaxonga aldangan qiz”, “Qizini oʻz uyidan haydagan ota”, “Xoʻrlangan nonvoy qiz” kabi nomlar bilan joylangan boʻlib, mavzusi va yoʻnalishida arzongarov xayp qoʻzgʻaydigan, tomoshabin hissiyotlari bilan oʻynashadigan, hayotda kam uchraydigan voqealar aks ettirilishini koʻrish mumkin.

Yor-yor”, “Aldama meni”, “Oʻgʻrilangan niqob” kabi reytingi baland koʻrsatuvlarda, afsuski, maʼnaviyat soʻzidan asar ham yoʻq desak, adashmagan boʻlamiz. “Yor-yor” koʻrsatuvida oʻzbek yigit-qizlarining oʻziga juft qidirib, oyinai jahonga chiqishi maʼnaviy qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmaydi. Efir madaniyatini hurmat qilmaydigan, efir bilan koʻchani farqlay olmaydigan Halimaxon Ibragimova kabi shou-biznes vakillarining har bir koʻrsatuvda goh ekspert, goh hakam boʻlib chiqaverishi tomoshabinga nisbatan hurmatsizlik deb baholanishi oʻrinli boʻladi.

Mazkur dasturlarni kuzata turib, kanalga butkul shou-biznes vakillarining hayot tarzini yoritadigan maydon deya baho berish mumkin. Zamon talablari va zamonaviy trendlarni ilgʻor oʻzlashtirgan va foydalanayotgan telekanal dasturlarida odob-axloq, milliy maʼnaviyat masalalariga eʼtibor qaratilishi lozim. Yoʻqsa, televizorda koʻrganiga taqlid qiladigan, unga ergashadigan yoshlar uchun bu koni ziyondir. “Zoʻr Tv” telekanalida “Artist” loyihasini aytmaganda, milliy maʼnaviyatimizga aloqador boshqa koʻrsatuvlar deyarli yoʻq. Bu jihatlarini telekanal mutasaddilari jiddiy oʻylab koʻrishlari lozim deb hisoblaymiz.

Kino va seriallarni sevuvchi “Sevimli” telekanali

“Sevimli” telekanali 2023-yil 21-oktyabr kuni quyidagi koʻrsatuvlar efirga berilgan: “Sevimli kun”, “Zamon” (informatsion dastur), “Qalpoq”, “Mashhurlar”, “Ilk uchrashuv”, “Kuldir gup”. 22-oktyabr kuni esa “Kuldir gup”, “Zamon”, “Mana, yana biz”, “Shoʻrdanak”, «Eslab-eslab”, “Birgalikda”, “Talant shou” nomli turli yoʻnalish va formatdagi koʻrsatuvlar namoyish etilgan. Telekanalda ayni vaqtda “Yongan yuraklar”, “Intiqom alangasi” milliy va “Oila uchun”“Qoʻrgʻon sirlari” turk seriallari hamda “Taqdirlar” turkum telenovellasi efirga beriladi. shuningdek, bir kunda 5 ta badiiy va multiplikatsion filmlar namoyishi ham dasturga kiritilgan.

Ushbu telekanalda efirga uzatiladigan seriallar ham mavzu va gʻoya jihatdan siyqasi chiqqan, asosan turmushdagi maishiy muammolarga qurilgan. Telenovellalar telekanalning Yutub kanaliga “Qaynonasini xor qilgan kelin”, “Qaynisingillarim dastidan dod!», “Kelinimning kiyimsiz rasmlari internetda tarqalib ketdi”, “Jodulangan kelin”, “Piyonista ota kerak emas”, “Boshligʻini oʻqitib olgan ayol” kabi nomlar bilan joylangan boʻlib, voqealari hayot haqiqatiga koʻp ham mos kelavermaydi. Qolaversa, millat mentalitetiga toʻgʻri kelmaydigan mavzular, doimiy xiyonat, ota-onaga hurmatsizlik va baʼzi aytib boʻlmaydigan oilaviy munosabatlar tilga olinadi. Tabiiyki, ijodkorlar bu bilan tomoshabinlarga xulosa chiqarish kerakligini taʼkidlashmoqchi boʻlishadi. Lekin bu oʻzbek degan xalqning nahot shulardan boshqa muammosi boʻlmasa, degan savolni uygʻotadi kishida.

Taʼkidlash kerakki, “Sevimli” telekanalida jamiyatdagi ijtimoiy muammolar yoritiladigan, ularga yechim izlanadigan foydali loyihalar ham koʻp. “Yangi hayot” koʻrsatuvi shunday manfaatli loyihalardan biri. Koʻrsatuvdagi insonlarning dardi, tashvishlari, achinarli taqdirlari tomoshabinni xulosa chiqarishga undaydi. Ammo bu koʻrsatuvda ham meʼyor va milliy mentalitet masalalari hisobga olinishi zarur. Zotan, uydagi gapni koʻchaga olib chiqish, uni elga dasturxon qilish xalqimiz uchun yot xususiyat.

Telekanal ijodkorlari har bir koʻrsatuvni tayyorlayotganda oʻz missiyasini unutib qoʻymasligi lozim. Zotan, millatning maʼnaviy qadriyatlarini hurmat qilishi, tomoshabinga har tomonlama foydali telemahsulot tayyorlashi bugungi media vakillarining jamiyat oldidagi burchi hisoblanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish