Zamonaviy dunyo tobora o‘zgarib bormoqda. Bu o‘zgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi esa texnologik inqilobdir. Har bir inqilob insoniyat hayot tarzini, mehnat faoliyatini va jamiyat tuzilishini tubdan o‘zgartirib kelgan. XXI asrning texnologik inqilobi esa sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, robototexnika, internet va raqamli texnologiyalar asosida shakllanmoqda. Ushbu inqilobning eng sezilarli ta’siri mehnat bozorida kuzatilmoqda.
So‘nggi o‘n yilliklarda texnologik taraqqiyot, xususan, robototexnika va sun’iy intellekt (SI) sohasidagi yutuqlar global mehnat bozorida tub burilishlarga olib keldi. To‘rtinchi sanoat inqilobi deb ataluvchi bu davr — avtomatlashtirish, raqamlashtirish va aqlli tizimlar orqali inson omiliga bo‘lgan ehtiyojni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda. Klassik ishlab chiqarish zanjirlarida, 2024-yil statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 3,4 million sanoat roboti keng qo‘llanilayotgani, xizmat ko‘rsatish sohasida esa SI yordamida mijozlarga xizmat ko‘rsatish, tibbiyotda diagnoz qo‘yish, hatto jurnalistikada maqola yozish kabi funksiyalar tobora ko‘proq mashinalarga yuklatilmoqda. Bu esa “Robotlar inson o‘rnini bosadimi?”, “Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan bu o‘zgarishlar qanday oqibatlarga olib kelmoqda?”, “Ish o‘rinlari yo‘qoladimi yoki yangi imkoniyatlar paydo bo‘layaptimi?” kabi savollarni nafaqat tug‘dirmoqda, balki ularni dolzarb masalaga aylantirmoqda.
Robotlar va sun’iy intellekt zamonaviy texnologik taraqqiyotning eng muhim mahsulotlari hisoblanadi. Ular o‘z imkoniyatlari bilan ko‘plab sohalarda inqilobiy o‘zgarishlar kiritmoqda. Ayniqsa, ishlab chiqarish, logistika, sog‘liqni saqlash, bank sohasi, hatto ta’lim va san’atda ham ularning o‘rni tobora kuchayib bormoqda. Chunki ular yaratayotgan imkoniyatlar nihoyatda keng. Masalan, robotlar insondan farqli o‘laroq, charchamay, hissiy ta’sirlarga berilmay ishlay oladi. Sun’iy intellekt va robototexnika yordamida ishlab chiqaruvchilar uskunalardagi nosozliklarni oldindan aniqlab, 1,4 trillion dollargacha yo‘qotishlarning oldini olishmoqda. Shuningdek, avtomobil yig‘ish sexlarida robotlar bir xil harakatni minglab marta xatosiz takrorlay oladi, bu esa samaradorlikni oshirib, aniqlikni yuqori darajalarga olib chiqmoqda.
Yadro inshootlari, kosmik missiyalar, shaxtachilik yoki epidemiya o‘chog‘idagi xavfli ishlar endi insonlar emas, balki texnologiyalar tomonidan bajarilmoqda. Bu esa inson hayotini asrashga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali inson sezmaydigan tendensiyalarni aniqlay olmoqda. Natijada, saraton kabi og‘ir kasalliklarni erta bosqichda aniqlash imkoniyati ortmoqda. Bu esa SI tahliliy salohiyatining yuqoriligidan dalolat beradi.
Biroq har qanday texnologiyada bo‘lgani kabi, robotlar va sun’iy intellektning ham imkoniyatlari cheklangan. Hozircha ular inson kabi ijodiy fikrlay olmaydi, muammoga yangicha yondashish yoki hissiyotlarni tushunish darajasiga chiqa olmagan. Bu ayniqsa ta’lim, san’at, psixologiya kabi sohalarda muhim ahamiyat kasb etadi. Ijodkorlik va empatiya — hali robotlar o‘zlashtira olmagan qobiliyatlar. Shuningdek, SI tomonidan qabul qilingan qarorlar ba’zan axloqiy jihatdan noto‘g‘ri bo‘lishi, bu esa murakkab axloqiy va huquqiy muammolarga olib kelishi mumkin. Texnik xatoliklar, dasturiy zaifliklar yoki kiberhujumlar oqibatida esa tizimlar ishdan chiqishi ehtimoli ham mavjud.
Dunyo miqyosida robotlashtirishning mehnat bozoriga ta’siri ikki tomonlama baholanmoqda. Bir tomondan, bu ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan esa yangi kasblar va mutaxassisliklarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lmoqda.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti (ILO) tadqiqotlariga ko‘ra, 2030-yilgacha ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi ishlarning 40 foizga yaqini avtomatlashtirilishi mumkin. McKinsey & Company hisob-kitoblariga ko‘ra esa 800 milliongacha ish o‘rni robotlar tomonidan egallanishi mumkin. Masalan, Amazon omborlarida minglab robotlar ishchilarning o‘rnini egallagan, ChatGPT kabi SI tizimlari esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish operatorlari sonining kamayishiga olib kelmoqda. Bank sektorida ko‘plab filiallar yopilib, xizmatlar virtual yordamchilar orqali ko‘rsatilmoqda.
Shu bilan birga, texnologiyalar sababli 97 millionga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi prognoz qilinmoqda. Bunga quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin: robotlarni loyihalash, ularni sozlash, texnik xizmat ko‘rsatish, SI etikasi, ma’lumotlar tahlilchiligi kabi yangi mutaxassisliklar vujudga kelmoqda. SI hozircha bajara olmaydigan vazifalar — kreativlik, muammolarni hal qilish, emotsional intellekt talab etiladigan ishlar — insonlarga bo‘lgan ehtiyojni saqlab qolmoqda va ularning qadri yanada ortmoqda.
Rivojlangan davlatlar (Yaponiya, Germaniya, AQSh) bu jarayonda faol ishtirok etib, iqtisodiy o‘sishga erishmoqdalar. Masalan, Yaponiya sog‘liqni saqlash sohasida robotlarni keksa bemorlarga qarovchi sifatida keng joriy etgan. O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda raqamli transformatsiyaga katta e’tibor qaratilmoqda. Raqamli iqtisodiyot, IT-parklar, “Yoshlar texnoparklari”, sun’iy intellekt markazlari faoliyat yuritmoqda. Biroq robototexnika va avtomatlashtirish borasidagi rivojlanish hali boshlang‘ich bosqichda. Bu ayniqsa amaldagi holatlar orqali yaqqol ko‘zga tashlanadi: masalan, “UzAuto Motors”, “Artel” kabi yirik korxonalarning ayrim ishlab chiqarish liniyalari avtomatlashtirilgan bo‘lsa-da, ko‘plab korxonalarda qo‘l mehnati hanuz ustunlik qilmoqda.
Ba’zi universitet va maktablarda zamonaviy kasblarga yo‘naltirilgan to‘garaklar tashkil etilgan bo‘lsa-da, bu keng ko‘lamda emas. Bu sohalarning mamlakatimizga yaqinda kirib kelgani sababli malakali mutaxassislar va kadrlar soni kam.
Shu bois bu sohalarni rivojlantirish va kelajak avlodni tayyorlash uchun istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash zarur. Sir emas, yaqin 10 yil ichida avtomatlashtirish yanada ortadi. Bu esa ko‘plab oddiy ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli, O‘zbekistonda ham qayta kasbga yo‘naltirish va malaka oshirish ishlarini jadallashtirish lozim. Bu — mehnat bozorini transformatsiya qilish jarayonining bir qismidir. Startaplar va texnoparklar imkoniyatlarini oshirish orqali SI va robototexnika yo‘nalishidagi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish mumkin.
XXI asr texnologiyalar va raqamlashuv asridir. Shu bois huquqiy me’yorlarimizni ham moslashtirishimiz, robot va SI faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar, mas’uliyat va axloqiy me’zonlarni ishlab chiqish zarur. Bu esa ushbu sohalarni qonuniy asosda rivojlantirish demakdir.
Texnologik taraqqiyotni to‘xtatib bo‘lmaydi. Shu sababli biz tanlov qarshisidamiz: robotlar hayotimizni yengillashtiradimi yoki ish o‘rinlarimizni tortib oladimi? Haqiqat shundaki, bu holatlarning har ikkisi ham mavjud. Robotlar va SI tizimlari ko‘plab sohalarda inson mehnatini siqib chiqarmoqda. Biroq bu jarayonni to‘xtatish emas, uni to‘g‘ri boshqarish muhim. Bu esa — o‘z qo‘limizda.
Shunday qilib, robototexnika va sun’iy intellektning rivojlanishi tahdid emas, balki imkoniyatdir. Bu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun jamiyat, davlat va har bir inson o‘zini o‘zgartirish va tayyorlashni boshlashi kerak. Kelajak — insonlar va robotlarning hamkorligiga asoslanadi. Bu hamkorlik esa faqat bilim, mas’uliyat va ongli yondashuv bilan muvaffaqiyatli bo‘la oladi.