Qahramonimiz Barno Narzullayeva 1991-yil 8-martda Jizzax viloyati Gʻallaorol tumanida tug‘ilgan. Go‘dakligidanoq shifokorlar unga miya yarim falaji (ДЦП) tashxisini qo‘ygan. Garchi avvaliga hammasi yaxshidek ko‘ringan bo‘lsa-da, 6-sinfdan keyin oyoqlarida kuchsizlanish sezila boshlagan. Natijada ta’limni ham uyda davom ettirishga to‘g‘ri kelgan. 18 yoshga kelib esa butunlay yura olmay qolgan. Oiladagi sharoit tufayli maktabni bitirgach, hech qayerda ta’lim olish imkoniyati bo‘lmagan.
Barno Narzullayeva bolalikdan rassomchilik va tikuvchilikka mehr qo‘ygan. Hatto maktab davrlarida xalqaro rassomchilik ko‘rik-tanlovida 1-o‘rinni egallagan. Bu yutuq uni o‘z ustida ishlashga, har bir sinov ortida yaxshilik borligiga ishonib, o‘zini kashf etishida katta turtki bo‘lgan. 2012-yilda esa u bisser, ya’ni munchoqlar orqali turli tasvirlar yaratishni boshlagan. Bu yo‘nalishda qahramonimiz kulolchilik idishlariga, xususan, laganlarga ham munchoqlar orqali bezak berishni yo‘lga qo‘ygan.
Barno Narzullayeva 2018-yil Shahrisabz shahrida o‘tkazilgan I Xalqaro maqom anjumanidagi ko‘rgazmada ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashgan. 2019-yili “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” II respublika tanlovida “Eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandlar festivalida ham ishtirok etgan.
Barno Yoshlar ittifoqi faoli. “Qizlar ovozi” klubining Jizzax viloyati koordinatori maslahatchisi.
– Harakatdan, izlanishdan to‘xtamas ekansiz. Hayotida qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishingizga to‘g‘ri keladi yoki bu yo‘lda kimlar sizga yelkadosh bo‘lgan?
– Dastavval qiyinchiliklar bo‘lgan. Oxirigacha olib ketarmikanman, deb ko‘p ikkilanganman. Ammo har qanday sharoitda ham ota-onam madadkor bo‘lib, yonimda turishgan. Ular sabab menda qayta ishonch paydo bo‘ldi. O‘z ustimda ko‘proq ishlashga o‘rgandim. 2017-yil “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Yutuqlar ham uzoq kuttirmadi, 2018-yili “Amaliy san’at – istiqbolli yoshlar qo‘lida” I yosh hunarmandlar tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldim. “Tashabbus–2018” tanlovining respublika bosqichida “Turizm sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.
– Barnoxon motivatsiyani, kuchni qayerdan yoki kimdan oladi? Qiyin vaziyatlardan qanday chiqib ketadi?
– Motivatsiyani hayotdan olaman. Atrofga qarab, faqat chiroyli narsalarni ko‘rishga, eng yaxshilarini his qilishga harakat qilaman. O‘zimni doim chiroylilariga munosib sifatida ko‘raman. Xuddi shu xarakterim meni barcha qiyinchiliklardan olib chiqib ketadi. Qolaversa, bekor o‘tirishni yomon ko‘raman. Bo‘sh o‘tirsam, o‘zimni vaqtga mag‘lub bo‘lgandek his qilaman. Ammo orzularim, maqsadlarim ko‘pligi sabab bekor o‘tirishga imkon qolmaydi. Ko‘pchilik uyda o‘tirib zerikmaysizmi deyishadi. Jismim uyda bo‘lsa ham, ruhim dunyo kezadi. Bunday vaziyatda zerikishga vaqt bo‘ladimi? Afsuski, buni hamma ham bilmaydi. Mening nazarimda insonni sabr toblaydi. Mehnat yuksaltiradi. Men ham sabr va qanoat ortidan barcha qiyinchiliklarni yengib kelmoqdaman.
– Hozir nimalar bilan mashg‘ulsiz, kelgusi rejalaringiz qanday?
– Yaqinda qishlog‘imizda “Usta-shogird” to‘garagini tashkil etib, qishloqdagi qizlarga ham o‘z hunarimni o‘rgatishni boshladim. 11 yoshli shogirdim Yoshlar ittifoqi va “Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan “Kamalak yulduzlari” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni oldi. Kelgusida shogirdlarim safini kengaytirib, ular orqali o‘zbek hunarmandchiligini, milliy mahsulotlarimizni dunyo mamlakatlariga ham eksport qilishni yo‘lga qo‘yish niyatim bor.