Markaziy bank mehnat bozori boʻyicha qilingan sharhni taqdim qildi. Unga koʻra, II chorakda boʻsh ish oʻrinlarining oʻrtacha oylik hajmi 35,7 mingtani tashkil qildi. Bu esa I chorakka nisbatan 3 foizga kam degani.
Shuningdek, tahlillarda II chorakda ish qidirish boʻyicha soʻrovlar va ish taklif qiluvchi platformalarga oylik tashriflar kamaygani ham aytilgan.
Bo‘sh ish o‘rinlarining kamayishiga sabab nima?
2024-yilning II choragida mehnat bozori ko‘rsatkichlari turli yo‘nalishlarda shakllandi. Dastlabki ikki oy ish beruvchilar tomonidan e’lon qilingan bo‘sh ish o‘rinlarining nisbatan yuqoriligi bilan ajralib turgan bo‘lsa, iyun oyida pasayish kuzatildi.
Aprel-iyun oylari natijalariga ko‘ra, bo‘sh ish o‘rinlarining oylik o‘rtacha soni 35,7 ming birlikni tashkil etib, I chorak ko‘rsatkichlariga nisbatan 3 foizga kam bo‘ldi. Iyun oyida bo‘sh ish o‘rinlari sonining kamayishi mavsumiy, jumladan, o‘quv yilining tugashi va ta’til mavsumining boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, iyun oyida o‘tgan oylardan qolgan bo‘sh ish o‘rinlari sonining kamayishi, bo‘sh ish o‘rinlari nisbatan tez to‘ldirilganligi va yangi vakansiyalarning e’lon qilinmaganligidan dalolat beradi.
Ish izlash bo‘yicha so‘rovlar qisqargan
Onlayn kuzatish natijalariga ko‘ra, II chorakda ish qidirish uchun ochiq veb-resurslarga tashrif buyuruvchilar bilan birga ko‘rishlar soni ham pasaygan. So‘nggi oylarda ish izlash bo‘yicha so‘rovlar soni qisqarishda davom etdi. Iyun oyida ish qidirish uchun mo‘ljallangan veb-saytlarga tashrif buyuruvchilar soni qariyb 360 ming kishini tashkil etib, yil boshi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha ko‘rsatkichlardan biroz pastroq shakllandi.
Shu bilan birga, 2023-yilning o‘rtalaridan boshlab tashrif buyuruvchilar ulushining mamlakatlar bo‘yicha nisbatida o‘zgarish kuzatildi. Ichki mehnat resurslariga tashqi talab yuqori bo‘lgan sharoitda xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar ulushi sezilarli darajada oshdi (2023-yil yanvar-iyun oylaridagi 24,6 foizdan 2024 yilda 40 foizgacha).
Umuman olganda, operativ ma’lumotlar tahlilining dastlabki natijalari ish haqlari o‘sishining maqbullashishi sharoitida ishchi kuchi taklifining barqarorlashuvi hamda ishchi kuchiga bo‘lgan talabning ma’lum darajada qondirilayotganidan dalolat berishi mumkin.
Aholi qaysi sohalarda ko‘proq o‘zini band qilyapti?
Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, II chorakda yakka tartibdagi tadbirkorlar soni I chorakka nisbatan 23 mingtaga yoki 8,8 foizga oshib, 287 ming kishini tashkil etdi. Yuqori o‘sish maishiy xizmat ko‘rsatish sohasida (+21,3 foiz) qayd etilgan bo‘lib, chakana savdo sohasida tadbirkorlar sonining o‘sishi biroz sekinlashgan.
O‘z-o‘zini band qilganlar soni barqaror o‘sishda davom etmoqda va iyun oyi oxiriga 3,55 mln kishiga yetgan (joriy yilning I choragiga nisbatan 26 foizga yoki 730 ming kishiga ko‘p). Ularning uchdan ikki qismi maishiy xizmat (41 foiz) va qishloq xo‘jaligi (26 foiz) sohalarida faoliyat yuritib, aprel-iyun oylarida umumiy o‘sishi 26,6 foizni tashkil etdi. Avtotransport vositalarini boshqarish sohasida o‘z-o‘zini band qilganlar soni 530 ming kishigacha (+36 ming kishi) oshdi.
Qaysi kasb egalarining maoshi jadal o‘syapti?
Joriy chorakda ish haqining yillik nominal o‘sish sur’ati 17,4 foizgacha, real o‘sish sur’ati esa 7,7 foizgacha sekinlashdi. Biroq, joriy yil ko‘rsatkichlarida o‘tgan yilgi indeksatsiya ta’sirining saqlanib qolishi va o‘rtacha yillik inflyasiyaning nisbatan pastligi tufayli ish haqining o‘sish sur’ati biroz yuqoriligicha qolmoqda.
Xizmat ko‘rsatish sohasi, xususan, savdo (+24,6 foiz), transport (+20,6 foiz), aloqa va axborotlashtirish (+23,2 foiz) sohalarida ish haqi jadal o‘sishda davom etmoqda. Qurilish sohasida ish haqi o‘sishi o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan sekinlashib bormoqda. Bu sohada ishchi kuchi taklifining oshishi asosiy omillardan bo‘lishi mumkin. Boshqa tarmoqlarda (sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash) ish haqining o‘sishi o‘rtacha ko‘rsatkichlar doirasida qolmoqda.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalari dinamikasi va mehnat migrantlari oqimi
Yil boshidan transchegaraviy pul o‘tkazmalari dinamikasi Markaziy bankning aprel oyidagi prognozlaridan birmuncha yuqoriroq bo‘ldi. Birinchi yarim yillikda mamlakatga pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi 6,5 mlrd. dollarni tashkil etib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga oshdi.
Pul o‘tkazmalarining sezilarli o‘sishi an’anaviy migrantmamlakatlari valyutalarining nisbiy barqarorligi, ish haqining o‘sishi, aksariyat qabul qiluvchi mamlakatlarda iqtisodiy faollikning yuqoriligi, ishchi kuchiga doimiy talab va davom etayotgan geografik diversifikatsiya bilan ta’minlanmoqda.
Mehnat resurslariga tashqi talab ortib borayotgan bo‘lib, mavjud bo‘lgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aprel-iyun oylarida 3,6 mingta yangi bo‘sh xorijiy ish o‘rinlari e’lon qilingan. Bundan tashqari, Yevropa mamlakatlari, xususan, Germaniya va Shvesariyadan ma’lum malakaga ega ishchilar uchun bo‘sh ish o‘rinlari taklifi kengaymoqda.
Mehnat migratsiyasi geografiyasining kengayishi va ishchi kuchining xalqaro diversifikatsiyasi natijasida AQSH (+43 foiz), Germaniya (+64 foiz), Polsha (+93 foiz) va Janubiy Koreyadan (+90 foiz) pul o‘tkazmalari hajmi sezilarli oshdi.