O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Saida Mirziyoyeva “Zakovat-Gambit” shaxmat turniri haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
2023-yilning 18-19-noyabr kunlari O‘zbekistonda III “Zakovat-Gambit” shaxmat musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, “Zakovat-Gambit” turniri doirasida o‘zbekistonlik yoshlar shaxmat taxtasida mashhur jahon chempionlari Vladimir Kramnik va Xou Ifanga qarshi dona surdi.
“Bizning doimiy eng katta orzu-maqsadimiz yoshlar o‘rtasida bilim va aql-zakovatga qiziqishni trend darajasiga chiqarish bo‘lib kelgan”, deydi prezident maslahatchisi.
Uning aytishicha, bundan ikki yil avval har bir yigit-qiz bilimi va aql-idrokini namoyon eta oladigan format taklif qilingandi. Yoshlar o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlaydigan o‘yin maydoni yaratildi.
“Bugun “Zakovat-Gambit” turniri doirasida yurtimizning zukko yoshlari shaxmat taxtasida mashhur jahon chempionlari Vladimir Kramnik va Xou Ifanga qarshi dona surdilar.
Ishonchim komilki, bu voqea ularning har birida unutilmas taassurot qoldirdi va keyingi cho‘qqilarni zabt etishda zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Ishtirokchilar esa, o‘z navbatida, millatimiz uchun namuna bo‘lib qoladi. Aqlli, yorqin va iste’dodli farzandlar namunasi”, deydi Saida Mirziyoyeva.