Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SALOMLAR BO‘LSIN!

15.3.2023 194

Muhammad SIDDIQ

Kezaman –

Dayr aro

Xohlab-xohlamay,

Uchar taboqlardan

Tushgan

Boladay.

Man-da dog‘liq keldim,

Ayo loladay –

Yuragi dog‘larga salomlar bo‘lsin!

 

Yo man yashin edim,

Yo mani yashin

Urgan-u

Bu zulmat qo‘zg‘aydir g‘ashim.

Uh, desam

To‘kilib ketguday

Yashil –

Omonat bog‘larga salomlar bo‘lsin!

 

Qay baland matlabda –

Mahzundan mahzun,

Sarbaland

Mavzunga maftunman, maftun.

Borsa kelmas qadar –

Uzundan-uzun,

O, inja rohlarga salomlar bo‘lsin!

 

Siz-da aysh surgansiz,

Navbatma-navbat –

Biz-da yashnab-yashnab o‘tarmiz, albat.

Na zarni,

Na zo‘rni etgan dilpisand –

Bu yoshlik chog‘larga salomlar bo‘lsin!

 

Ayo kiprik qadar g‘urbatga botgan

Jonlarim –

Gul umrin mehnatga otgan!

Ey quruq savlat-la

G‘aflatda yotgan –

Kibor-u shohlarga salomlar bo‘lsin!

 

Har nafas

Ne alam domiga do‘ndim,

Ne nash’u sitamning komiga to‘ldim?

Ko‘zlari horg‘in-u

Kulgichi so‘lg‘in –

Yuzlari mohlarga salomlar bo‘lsin!

 

Qismatim yo‘l bichib bir zum tolmagay,

Kezaman,

Kezaman –

Ko‘nglim qonmagay.

Yodimda o‘zimdan nishon qolmagay,

Alqissa –

Sog‘larga salomlar bo‘lsin!

 

Man-da dog‘liq keldim,

Ayo loladay

Yuragi dog‘larga salomlar bo‘lsin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish