Poymol bo‘layotgan mehnat huquqi
Ish vaqti normasi. Buni eshitgan ko‘plab o‘zbekistonliklar miyig‘ida kulib qo‘yadi, xolos. Xoh davlat ishida bo‘ling, xoh xususiy sektorda mehnat huquqlarimiz tez-tez poymol qilinadi. Dam olish, bayram kunlarida, ko‘p hollarda ish vaqti tugagandan keyin ham ishlash odatiy holga aylangan. Qonunchilikda bunday hollarda xodimdan yozma rozilik olish kerakligi, ikki hissa pul to‘lanilishi belgilangan, biroq bu norma qachon amaliyotga joriy etilishi borasida bir nima deyish qiyin.
Bu fikrlarni o‘rganishlar ham tasdiqlaydi. Avgust oyida “Yuksalish” umummilliy harakati davlat xizmatchilari o‘rtasida ularning ish joylarida ish vaqtiga qanchalik rioya etilishiga oid anonim so‘rovnoma o‘tkazdi.
So‘rovnomada jami 560 nafar davlat xizmatchisi ishtirok etib, ularning 57,3 foizi ish vaqtidan tashqari ishga jalb etilishi aniqlangan, 81,7 foiz holatda qo‘shimcha ishlagan vaqti uchun qo‘shimcha haq to‘lab berilmaydi.
Shu o‘rinda davlat idoralari xodimlarining ish vaqtidan tashqari ishlashiga nima sabab bo‘layotgani haqida tabiiy savol tug‘iladi. Ishtirokchilarning:
- 47,7 foizi — bunga ish hajmining ortib ketgani;
- 22,8 foizi — turli ortiqcha topshiriqlar haddan ziyod ko‘pligi;
- 17,6 foizi — o‘z vazifasidan tashqari ishlarning yuklatilishi va yig‘ilishlarning cho‘zilib ketishi;
- 12 foizi — rahbari ketmaguncha ish joyidan ketmasligini sabab qilib ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, respondentlar mehnat ta’tiliga to‘liq chiqa olmasligi, ta’tildan chaqirib olishlari va ta’tilga chiqish hujjatlari rasmiylashtirilishi, ammo umuman dam olmasdan ishlashini ma’lum qilgan. To‘g‘ri, yuqoridagi raqamlar butun mamlakat hududidagi holatni to‘liq aks ettirmasa-da, mehnat qonunchiligiga rioya etmaslik holatlari mavjudligini tasdiqlaydi.
Dunyoning ko‘plab davlatlari ish soatlarini qisqartirayotgan, haftada 4 kun ishlash tizimiga o‘tayotgan bir davrda yuqoridagi kabi holatlar salbiy qarshi olinadi, albatta. Qolaversa, ko‘plab tadqiqotlar ish soatining uzunligi samaradorlikni tushirib yuborishini, turli kasalliklarga sabab bo‘lishini ko‘rsatgan.
Ish vaqtidan tashqari ish = insult va yurak kasalliklari
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorlikdagi tadqiqotiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ish inson salomatligiga salbiy ta’sir qiladi.
2016-yilda dunyo bo‘ylab haftasiga 55 soatdan ko‘p ishlovchi 745 ming nafar odam insult va yurakning ishemik kasalligidan vafot etgani qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikricha, xodimlarning dam olishsiz ishlashi ularda stressni keltirib chiqaradi. Qolaversa, ishxonada ko‘p vaqtini o‘tkazuvchi insonlar bola tarbiyasiga yetarlicha vaqt ajrata olmasligi ham salbiy baholanadi. Buning natijasida oiladagi barqarorlikka putur yetadi. Bu kabi omillarning jamiyat uchun zarari hali baholanmagan bo‘lib, buning salbiy ta’siri yanada kengroq bo‘lishi ham mumkin.
Kasbiy charchoq — xalqaro kasallik
Kuniga 12 soat ishlasangiz ham, sizdagi samaradorlik oshib ketmaydi. Uzoq ish kuni, tabiiyki, charchoqqa olib keladi.
Kasbiy charchoq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xalqaro kasalliklar tasnifiga kiritilgan. Odam tobora ko‘proq ishlaydi, professional muammolarni hal qilishga yoki katta mukofot olishga harakat qiladi. Shu holatning o‘zi xodimlar mehnat unumdorligining yomonlashishiga, kechikish va ishga bormaslikning ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari, uzoqroq ishlash orqali har doim ham samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Klassik 40 soatlik ish haftasi uzoq vaqtdan beri samarasiz deb hisoblanadi. 1930-yilda mashhur iqtisodchi Jon Meynard Keyns 2030-yilda ish haftasi atigi 15 soat bo‘lishini taklif qilgan edi, chunki iqtisodiy va texnologik taraqqiyot bunga imkon beradi.
Davosda bo‘lib o‘tgan 2023-yilgi Xalqaro iqtisodiy forumda Ranstand xalqaro inson resurslari kompaniyasi rahbari Sander vanʼt Nordende ham iste’dodlilar kamayib borayotgan dunyoda 4 kunlik ish haftasiga o‘tish biznes zarurati ekanini ta’kidlagandi. Uning aytishicha, ish beruvchilar xodimlariga xuddi mijozlar singari muomala qilishlari va iste’dodlariga munosib baho berishlari kerak.
Samaradorlik oshib, xarajatlar kamaygan
Texnika inqilobidan oldin odamlar dam olish kunlarisiz, kuniga 10 soatdan ortiq ishlagan bo‘lsa, keyinchalik 8 soatlik ish kuniga, so‘ng 5 kunlik ish haftasiga o‘tilgan. Hozir esa dunyoning ko‘plab mamlakatlarida 4 kunlik ish haftasini joriy etish ustida tadqiqotlar olib borilyapti.
2022-yilda “4 Day Week Global” nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Irlandiya, AQSh, Avstraliya va Yangi zelandiyalik ish beruvchilar 4 kunlik ish haftasini sinovdan o‘tkazdi. Natijalarga ko‘ra, ish vaqti kamroq bo‘lsa ham, xodimlar ish unumdorligi ortadi.
Tadqiqotda qatnashgan irland ishchisining aytishicha, uning ish unumdorligi oshishiga kun tartibiga o‘ta diqqat bilan e’tibor qaratgani, hamma narsani rejalashtirib, ish haftasidagi asosiy vazifalarini to‘g‘ri qo‘ygani sabab bo‘lgan.
Sinovda qatnashgan har 10 nafar xodimdan 8 nafari 4 kunlik ish haftasini xohlashini bildirgan. Chunki tadqiqot davrida stress, charchoq, ish-oila nizolari kamayganini bildirishgan.
Xodimlar jismoniy va aqliy salomatligi yaxshilanganini, ish va shaxsiy hayoti balansi muvozanatlashganini, hayotdan qoniqish hissi oshganini aytishgan. Ahamiyatlisi, bir kun ko‘proq dam olishsa ham, ishchilar doimgi vazifalarini bajarishgan va ko‘proq samaradorlikka, yaxshi kayfiyatga erishishgan.
4 kunlik ish haftasi
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, Niderlandiya aholisi uchun o‘rtacha eng qisqa ish haftasi 29,3 soatni tashkil qilsa, Daniyada haftasiga 32,4 soat, Norvegiyada esa 33,8 soat. Germaniya, Shveytsariya, Irlandiya, Belgiya, Avstriya, Avstraliya, Italiya kabi davlatlar haftasiga 35 soatdan ortiq ishxonada vaqt o‘tkazadilar.
Dunyodagi eng qisqa ish haftasi Gollandiyada, haftada to‘rt kun, yetti soat, ya’ni haftasiga 28 soat, tushlik tanaffusi bir soat. Davlat o‘z xodimlarining shaxsiy hayoti va ish o‘rtasidagi muvozanat haqida qayg‘uradi. 2000-yillarning o‘rtalarida gollandiyaliklar dunyoda birinchi bo‘lib ish haftasi 30 soatdan kam bo‘lgan ish vaqtini joriy etishdi. Ajablanarlisi shundaki, bu iqtisodiyotga umuman ta’sir qilmadi.
Bu borada yurtimizdagi vaziyatni yuqorida ta’kidlab o‘tdik. Besh kunlik ish kuniga ega ayrim davlat tashkilotlari xodimlari oltinchi kun ham ishga jalb qilinishi mumkin. Olti kunlik ish kunidan tashqari yana qo‘shimcha ish vaqtida ishlaydiganlar ham bor.
Tadqiqotlar natijalari orqali anglash mumkinki, mehnat uchun ko‘p vaqt sarflab samaraga erishib bo‘lmaydi. Aksincha, o‘z vaqtini boshqaradigan odam ishga butunlay bog‘langan odamga qaraganda xotirjam, sog‘lom va samaralidir.