Joriy yilning 3-13-may kunlari Italiyaning Barletta va Pezaro shahrida bo‘lib o‘tgan “Citta di Barletta XXXIV” hamda “Citta di Pesaro XXI” xalqaro musiqachilar tanlovida 20 tadan ortiq mamlakat ichida O‘zbekiston yoshlari yuqori ball to‘plab g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Tanlovda Germaniya, Albaniya, Italiya, Belarus, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Fransiya, Eron, Turkiya, Chexiya, Ukraina va dunyoning boshqa davlatlaridan turli yoshdagi ishtirokchilar ishtirok etdi.
“Citta di Barletta” yosh musiqachilarning 34-xalqaro tanlovi Italiyaning Barletta shahrida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Ortda qolgan yillar davomida “Citta di Barletta” butun dunyodagi yosh musiqachilar va musiqa maktablari uchun eng muhim tanlovlardan biriga aylandi. O‘tgan mavsumda 30 davlatdan kelgan 300 ga yaqin musiqa ijrochilari qatnashgan.
G‘oliblar bilan tanishing:
Saida Xusanova – “Citta di Barletta XXXIV” va “Citta di Pesaro XXI” xalqaro tanlovlarining birinchi darajali g‘olibi, romantik davr asarining eng yaxshi ijrochisi maxsus mukofoti sohibi;
Sevinch Bakiyeva – “Citta di Barletta XXXIV” va “Citta di Pesaro XXI” xalqaro tanlovlarining birinchi darajali g‘olibi, Barletta Risettiva - Marida Bonadies san’atining eng yaxshi ijrochisi maxsus mukofoti sohibi;
Yusuf Sulton – “Citta di Barletta XXXIV” va “Citta di Pesaro XXI” xalqaro tanlovlarining birinchi va ikkinchi darajalari g‘olibi, milliy bastakorlik asarining eng yaxshi ijrochisi maxsus mukofoti sohibi;
Diyora Shorustamova – “Citta di Barletta XXXIV” va “Citta di Pesaro XXI” xalqaro tanlovlarining birinchi va uchinchi darajali g‘olibi, “Barletta Ricettiva - Marida Bonadies” san’atining eng yaxshi ijrochisi maxsus mukofoti sohibi;
Alohida qayd etish lozim, tanlov ishtirokchilari o‘rtasida O‘zbekiston yoshlari eng yaxshi natijalarga erishganligi uchun guruh murabbiyi xalqaro tanlovlar laureati Nigora Xusanova “Premio speciale Clementi” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Yoshlar agentligi jamoasi yoshlarimizni mazkur tarixiy natija bilan samimiy qutlaydi va kelgusi ijodlarida omad tilaydi.
Bu yilgi tanlovda boshqa yillardagidan farqli ravishda barcha yo‘nalishlardagi mukofotlarga qoʻshimcha ravishda “Marida Bonadies-Barletta Ricettiva” nomli maxsus mukofotlar taʼsis etildi.