Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SANOATNING 160 ZARARI

17.3.2023 3672

Marjona QURBONOVA tayyorladi. Foto: Xolida MUSULMON.

“Ekoovoz” loyihasida atrof-muhit tozaligi va uni qanday asrashimiz to‘g‘risida maqolalar chop etib borilmoqda. Bugun sanoat ekologiyasi haqida gaplashamiz.

SANOAT “INQILOBI”

Sanoat deb xomashyo, material, yoqilg‘i, energiya va boshqa mahsulotlar ishlab chiqa­ruvchi yoki aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxo­nalar (zavod, fabrika, shaxta, elektr stansiyasi va hokazo) majmuasiga aytiladi. Sanoat xalq xo‘jaligining muhim qismidir. Lekin yurtimizda faoliyat olib borayotgan baʼzi sanoat korxonalari ishlab chiqarishda ekologik qonunchilikka ye­tarlicha rioya qilmagani sababli havo ifloslanib, havodan yuquvchi kasalliklar ko‘paymoqda.

Atrof-muhitni ifloslantiruvchi moddalar. Ular­ni, asosan, ikki guruhga bo‘lamiz: atrof-muhit­ni ifloslantiruvchi kimyoviy moddalar va kimyo sanoat korxonalarida ishlab chiqariladigan kimyoviy preparatlar. Shubhasiz, sanoat faoli­yati mamlakat iqtisodiyotida katta rol o‘ynaydi. Ammo ularning o‘ziga yarasha zararlari ham yo‘q emas. Sanoat korxonalaridan chiqayot­gan zaharli moddalar nafaqat insonlarga, balki atrof-muhitga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Atmosferaga chiqariladigan gazlar va aerozollar tarkibida 160 ga yaqin zararli mod­dalar borligi aniqlangan. Qora va rangli metallurgiya, sement sanoati, neft va kimyo sa­noatining havoni ifloslashda ulushi katta. Ular atmosferaga chiqindi bilan birga, turli kimyoviy tarkibga ega bo‘lgan changlarni: ftor, azot oksidi, karbonat angidrid, oltingugurt angidridi chiqa­radi. Zaharli moddalar nafas yo‘llari kasalliklari: bronxit, emfizema, astmani keltirib chiqaradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hi­sobotiga ko‘ra, har yili havoning ifloslanishidan

7 millionga yaqin inson bevaqt o‘lim topadi. O‘lim sabablari orasida qon tomirlari, yurak ka­salliklari va o‘pka saratoni mavjud.

QONUN HIMOYALAY OLADIMI?

Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risi­dagi qonunchilikni buzgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi. O‘zbekiston Respublika­si Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 85-88-moddalari shu mavzuga bag‘ishlangan. Ya’ni korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini belgilangan tartibda qoplashi shart. Zararning o‘rnini qoplash ayb­dorni javobgarlikka tortishdan ozod etmaydi.

Sanoat korxonalarining chiqindilarini ka­maytirish uchun, avvalambor, ilg‘or texnologi­yalardan foydalanish lozim. Bunda eng asosiy maqsad, inson salomatligini asrash va tabiiy resurslarni tejash, shu bilan birga, atrof-muhit­ga salbiy ta’sirini kamaytirish mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish