Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani “Mirishkor” mahallasida istiqomat qilayotgan yoshlarga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratilgan. Bugun ular o‘z daromad manbayiga ega, ishsiz tengdoshlarini ish bilan ta’minlab kelmoqda. Mahalla yoshlar yetakchisi Mirjalol Rahmatullayevning aytishicha, joriy yilda 59 nafar yoshga 361 million so‘mlik imtiyozli kredit ajratilib, yangi loyihalar amalga oshirilgan.
Ustachilik – ota kasb
Aka-uka Sardor va Eldor Shodmonqulovlar 100 million so‘m imtiyozli kredit olib, mebel ishlab chiqarish sexini tashkil qilgan. Sardor Shodmonqulov 23 yoshda. Qoraqalpog‘iston davlat universitetida sirtdan ta’lim oladi. Eldor Shodmonqulov esa 21 yoshda. U Toshkent kimyo texnologiyalari institutida sirtdan tahsil olmoqda. Yigitlar yosh bo‘lishiga qaramay kattagina ishga qo‘l urgan. Aytishlaricha, ular yoshligidan bu sohaga qiziqib, hunar o‘rganishni boshlagan.
– Bizga ustachilik otameros, – deydi Eldor Shodmonqulov. – Akam bilan avval uydagi kichik sexda ishlardik. Bu yil mahalla faollari ko‘magi bilan imtiyozli kredit olib, tuman markazida kattaroq sex ochishga muvaffaq bo‘ldik.
Ishchilarga 3-4 million maosh
Ikki aka-uka talaba bo‘lishiga qaramay oilasi byudjetiga foyda olib kirmoqda. Bundan ularning ota-onasi ham xursand. O‘zlarining bandligini ta’minlagan qahramonlarimiz mahalladagi 2 nafar ishsiz yoshni ham ish bilan ta’minlagan. Sardorbekning aytishicha, ularga 3-4 million so‘m oralig‘ida maosh to‘lanmoqda.
– Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lar, deganlari bejiz emas, – deydi Sardor Shodmonqulov. – Ta’minotchilar eng zamonaviy uskunalarni yetkazib bergani ishimizni ancha osonlashtirdi. Shu bilan birga mebel yasash tezligi sezilarli oshdi. Bu ishimizning samarali va daromadli bo‘lishiga ta’sir qildi.
Aka-uka tadbirkor mehmonxona, oshxona va yotoqxona mebellarini yasab, hamyonbop narxlarda sotib, tuman aholisining ko‘nglidan joy olishga ulgurgan.
Vodiy hunarmandlari bilan hamkorlikda…
Qahramonlarimizning aytishicha, vodiy hunarmandlari bilan hamkorlikda yozgi so‘rilarni yasashni ham yo‘lga qo‘ygan.
– Hamkorlikni yaqinda boshladik, – deydi Eldorbek. – Ular bizga yarim tayyor so‘rilarni yuboradi. Biz esa sotuvga tayyor holatga keltiramiz. Ya’ni so‘rilarning asosini ular yasab yuborishadi va biz bu yerda bezak ishlari hamda yana o‘ziga xos boshqa yakuniy ishlarni bajaramiz. Bitta so‘ri 4,5 million so‘mdan 5 million so‘mgacha baholangan.
Hozir yoz oylari bo‘lgani uchun bu mahsulotga buyurtmalar ko‘p. Tabiiyki, daromad ham shunga yarasha. Hatto har oy har xil daromad qilgani uchun aniq bir miqdorni ko‘rsatib berish ularga biroz qiyinchilik tug‘dirdi.
– Ko‘rayotgan daromadimiz xarajatlarimizni bemalol qoplaydi, – deydi Sardorbek kulib. –Ukam ikkimizning kontraktimiz, ishchilar maoshi, kredit to‘lovi va shu bilan birga ro‘zg‘orga bemalol yetkaza olamiz.
Kelgusi rejalar
Yosh tadbirkorlarning maqsadi juda katta. Tashlanayotgan qadamlar ham shunga yarasha.
– Kelajakda sexni kengaytirish va mahallamizdagi “Yoshlar daftari”ga kirgan tengdoshlarimizning barchasini ish bilan ta’minlash asosiy maqsadimiz, – deydi Eldorbek. – Hozir tumanimizni yasagan mebellarimiz bilan xursand qilayotgan bo‘lsak, kelajakda butun O‘zbekistonni mebel bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz. Buning uchun, albatta, iqtidorli yoshlarning ko‘magi juda zarur.
Otasidan bu hunarning sirlarini o‘rgangan yigitlarning ko‘zlari yonib turibdi. Ular ham bu kasb avloddan avlodga qolishini chin dildan istashadi va bu yo‘lda tinmay mehnat qilishini aytib o‘tishdi. Kelajakda ular ham xuddi otasidek farzandlariga, qiziqish bildirgan barcha yoshlarga hunar sirlarini o‘rgatishni maqsad qilgan. Bu yo‘lda ularga omad tilaymiz.