Xabaringiz bor, shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida Oʻzbekiston bolalar tashkiloti “Bolalar harakati” sardorlar saylovlari tashkil etilmoqda.
Jumladan bugun, Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazida sardorlar saylovining Toshkent viloyati bosqichi boʻlib oʻtdi.
Yoshlar ishlar agentligi, Oʻzbekiston Bolalar tashkiloti hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan jarayonlarda nomzodlar oʻzlarining “Men sardor boʻlsam” mavzusidagi taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Taqdimot davomida nomzodlar yoshlar ishtirokida amalga oshirishni reja qilgan tashabbus va loyihalari, shu vaqtgacha erishgan yutuqlari toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Tadbirda Oʻzbekiston bolalar tashkiloti Boshqaruv Kengashi raisi oʻrinbosari Nargiza Kamolova, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Nodir Xojiyev, Oʻzbekiston bolalar tashkiloti Boshqaruv Kengashi sport boʻlimi boshligʻi Sabina Umarova, Oʻzbekiston bolalar tashkiloti Toshkent viloyati hududiy boʻlimi boshligʻi Xusnora Hasanova ishtirok etdi hamda bolalar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar bilan tanishdi.
– Sardorlikka nomzodlarning amalga oshirmoqchi boʻlgan tashabbuslari ularni yana koʻproq oʻqib-oʻrganishiga undashi hamda kelajakdagi oʻz orzularini amalga oshirishda alohida maktab vazifasini oʻtashiga ishonamiz. Bugun saylov jarayonlari asnosida yoshlar bilan boʻlgan muloqotimizda oʻz rejalarini amalga oshirishga qiynalayotgan bolalarga eʼtibor qaratish, ularni kelajakda oʻz oʻrnini topishiga sardor yoshlar bilan birga koʻmaklashishni maqsad qildik, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshligʻi Nodir Xojiyev.
Saylov yakuniga koʻra, 22 ta tuman-shaharlardan kelgan 154 nafar yosh sardorlar orasidan eng iqtidorli 6 ta yoʻnalish sardori va 1 nafar bosh sardor saylandi hamda ularga “Ishonch yorliq“lari va esdalik sovgʻalari topshirildi.