Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“SARIQ”DAN – “YASHIL”GA

26.4.2023 1262

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi “Yorqin hayot” mahallasida istiqomat qiluvchi 6 nafar yosh mahalladagi yoshlar yetakchisi – Nargiza G‘afurovaning tashabbusi bilan talaba boʻldi. Gap shundaki, bu yoshlar yetakchining Toshkent moliya instituti ko‘magida mahallada tashkil qilgan ingliz tili va matematika fanidan bepul toʻgaraklarida tahsil oldi.

Ayni paytda mahalladagi yoshlar yetakchisining tashabbusi bilan turli koʻngilsizlik va jinoyatchiliklarning oldini olish maqsadida barcha koʻchalarga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan.

Nargiza G‘AFUROVA, Yangihayot tumanidagi “Yorqin hayot” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– 2022-yili mahallamizni jinoyatchilik va turli noxushliklardan xoli hududga aylantirish maqsadida “Open budget” loyihasida koʻchalarga videokuzatuv qurilmalarini o‘rnatish loyihasi bilan ishtirok etdik. Mahalla yoshlari va aholining koʻmagida loyiha gʻolib boʻldi. Ammo loyihada “Katta koʻchalarda videokamera o‘rnatiladi, buning uchun 24 ta moslama ajratiladi”, deb tasdiqlangan ekan. Mahalla oqsoqollari va profilaktika inspektori bilan borib, ichki hududlarga ham videokuzatuv moslamalari kerakligini, koʻproq oʻsha hududlar va koʻp qavatli uylar uchun zarurligini aytib, chizma bilan koʻrsatib berdim. Natijada qoʻshimcha 17 ta videokamera ajratilib, mahallamizning 41 ta nuqtasiga o‘rnatildi. Oʻtgan yili mahallamiz hududida umuman jinoyat roʻyxatga olinmadi. Mahallamiz toifasi esa “sariq” hududdan “yashil” hududga aylandi.

Faoliyatim davomida 76 nafar yoshning muammolarini hal etishga ulgurdim. Birinchi navbatda eng muhtoj yoshlarga yordam beryapmiz. Mahallamizda istiqomat qiluvchi 11-sinf bitiruvchisi, II guruh nogironi Marjona Normurodova ana shunday yoshlardan biri edi. Koʻrish qobiliyati butunlay yoʻqolgani, davolanish uchun mablagʻi yoʻqligi bois uni “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga oldim va  “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi orqali davolanish xarajatlari toʻliq qoplab berildi. Natijada Marjonaning koʻrish qobiliyati toʻliq tiklandi, hozir oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda.

Boquvchisiz, yolgʻiz farzand oʻstirayotgan yana bir yoshimiz Gulnoza Zukurova 1 xonali ota uyida 7 kishi bo‘lib istiqomat qilayotganini aniqladim. Muammo ijobiy hal etilib, Gulnozaning bandligi taʼminlandi, moddiy yordam ham ajratildi. Ayni damda turmush sharoiti ham yaxshilanib, tinch-totuv yashamoqda.

Mahallada sartaroshxona ochildi. Natijada uch nafar yosh ishli bo‘ldi.

Dilfuza JOʻRAYEVA, sartarosh:

– Ayollar sartaroshligiga qiziqsam-da, bu sohani oʻrganishim uchun mablagʻim yoʻq edi. Yoshlar yetakchisi Nargiza G‘afurovaning yordami bilan Aholi bandligiga koʻmaklashish markazining 3 oylik sartaroshlik kursida bepul oʻqidim. Oʻquv kursini yakunlagach, subsidiya asosida sartaroshlik asbob-uskunalari ajratib berishdi. Xonadonimizning bir qismini sartaroshxona uchun ajratib, taʼmirladik. Ikki nafar tengdoshimni ham ishli qildim. Hozir oyiga 3-4 million soʻm atrofida daromad topyapman.

Nargiza G‘afurovaning faoliyati haqida ushbu QR-kod orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish