Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SARSON TALABALAR

15.3.2023 662

Samandar SODIQOV

2022/2023-o‘quv yili boshida respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari soni 159 tani tashkil etdi. Ularning 88 tasida talabalar uchun yotoqxonalar mavjud bo‘lib, jami 58 ming talabani sig‘dira oladi. Biroq har yili 149 ming nafardan ortiq talabaning yotoqxonaga ehtiyoji bor. Shu bois 2021-yil 20-aprelda Vazirlar Mahkamasining ijarada yashaydigan talabalar turar joy xarajatining 50 foizini byudjetdan qoplab berishni nazarda tutuvchi qarori qabul qilingan edi.

Ayni paytda bu qaror qay darajada bajarilmoqda? Talabalar o‘z vaqtida pulni olyaptimi? Ijara shartnomasini tuzish bo‘yicha muammolar bo‘lmayaptimi?

Afsuski, hammasi yaxshi deb bo‘lmaydi. Eng avvalo, ijara pulini olish uchun ijara shartnomasi kerak. Shartnoma tuzish uchun esa ijarachi roziligi talab etiladi. Lekin uy-joyini ijaraga beruvchilarning ijtimoiy tarmoqlar orqali bergan e’lonlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning 90 foizi ijara shartnomasi tuzmasligini qayd etgan. Og‘zaki kelishuvlar esa xonadon sohiblari tomonidan har daqiqada buzilishi va ijarachi xohlagan paytda uydan chiqarib yuborilishi mumkin.

– Avvaliga ijara shartnomasi qilamiz, deb uyiga joylashtirdi. Ijara to‘lovini oldindan to‘lab, ikki oy yashadik, lekin ijara shartnomasini tuzish haqida gap boshlaganimizda, u gapni olib qochishga harakat qildi va keyinchalik bundan umid qilmay qo‘ydik. Oradan yana bir oy muddat o‘tgandan keyin qo‘qqisdan “Uyni bo‘shatinglar, boshqa odam keladi”, dedi. Shu tariqa biz bir kun ichida uysiz qoldik. Kvartira topilguncha o‘z viloyatimizga qaytib ketdik, o‘qishimiz ham qolib ketdi, deydi Toshkent xalqaro Vestminster universitetining 3-kurs talabasi.

Ijara shartnomasi tuzilgan taqdirda ham OTMlar talabalarga to‘lovlarning 50 foizini berishni kechiktirayotgan yoki umuman to‘lab bermayotgan holatlar uchrab turibdi. @yoshlarovozi telegram kanali orqali o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirokchilarning 27 foizi ijara uchun pullar o‘z vaqtida berilmayotganini ma’lum qilgan.

– Yotoqxonadan umid qilmay, kvartiraga chiqib ketganmiz. Oyiga 500 ming so‘m ijara puli to‘laymiz, ota-onamning topgani mendan ortmaydi. Universitetimiz rahbariyati esa ijara shartnomasi puli faqat kam taminlangan yoki muhtoj, sharoiti og‘ir talabalarga berilishini aytmoqda, deydi Buxoro davlat tibbiyot instituning 4-kurs talabasi.

Bu ijara shartnomalar faqat kunduzgi ta’limda o‘qiydiganlar uchun, xolos. Kechki yoki sirtqi ta’limdagilar o‘z aravasini o‘zi tortadi. Hozirgi kunda Toshkent shahrida o‘rtacha ikki xonali uyni 4-5 kishi 300-400 dollarga ijaraga olishi mumkin. Shunda bir kishiga o‘rtacha bir oylik boshpana 50 dollarga tushadi.

Bu muammolarga yechim topish maqsadida bir qancha qarorlar qabul qilindi. Ammo qarorlar ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmayotgani biroz og‘riqli. 2021-yil sentabrda qabul qilingan hukumat qarori bilan respublika bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik asosida har biri o‘rtacha 400 o‘rinli, jami 228 ta (2022-yili 47 ta, 2023-yili 67 ta, 2024-yilda 62 ta, 2025-yilda 52 ta) talabalar turar joylari qurilishi belgilangan edi. Biroq 2022-yilda ham talabalar yotoqxonalarini qurish rejasi deyarli bajarilmadi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2 ta OTM – Nukus va Samarqand davlat universitetlarida yotoqxonalar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Bu 2022-yilgi rejadan 4 foizi bajarilganini ko‘rsatadi. TTJ qurish uchun tadbirkorlarga subsidiyalar ajratilganiga qaramay, talabalar eng ko‘p bo‘lgan Toshkent shahrida bu boradagi ishlar deyarli bajarilmadi. Mana, 2023-yilning chorak qismi o‘tib bo‘ldi, hali-hanuz biror yotoqxona qurib, foydalanishga topshirilgani haqida eshitmadik.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, OTMlarning moddiy texnik bazasi va yotoqxona infratuzilmasi inobatga olinmay, yildan yilga qabul soni oshirilmoqda. Natijada uy-joylar ijarasi narxi ham o‘sib boryapti. Ijara xarajatlarini to‘lab berish imtiyozi esa hammaga bir xil emas. Qaysidir OTM ijara shartnomasini talab qilsa, boshqasi “Temir daftar”da bo‘lish kerakligini aytadi, ayrim hollarda 4-5 oydan beri bu pullar hech bir sababsiz tashlab berilmagan.

Endi talabaning bir kunlik chiqimini hisoblasak:

Bir kunda o‘qishga borib kelishi uchun 2800 so‘m (faqat bitta transportda qatnaganda) sarflaydi. To‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilinsa, ertalabki nonushta uchun 15 ming so‘m, tushlik uchun 20 ming so‘m, kechki ovqatga esa 25 ming so‘m  sarflanadi. Shunda bir kunda 62 800 so‘m chiqim qilinyapti. Bu bir oyga ko‘paytirilsa, 1 million 884 ming so‘m degani. Kvartira puli bilan esa 2 million 419 ming so‘mni tashkil etadi.

Talaba til o‘rganish kurslariga, kiyim-kechak va aksessuarlar sotib olishga ham pul sarflaydi. Birlamchi va ikkilamchi xarajatlarni qo‘shib hisoblaganda, eng kamchiqim talaba bir oyda 1 million so‘m, eng ko‘p xarajat qiluvchi talaba esa 4 million so‘m atrofida pul ishlatadi. O‘rtacha xarajat qiluvchilarga bir oy uchun 2 million so‘m yetarli bo‘lar ekan. Bu esa aksariyat ota-onalarning bir oylik maoshi degani.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish