OTMga kirish uchun test sinovlari yakunlandi. Bugun qaysidir uyda ota-ona bolasi yuqori ball olganidan xursand, qaysidir uyda esa “nega past ball oldim, qaysi savollarga xato javob berdim ekan”, deb bir bola ich etini yemoqda. Ha, hozir o‘ziga xos kazarmalarda yashab, ko‘zlariga uyqu kelmagan, erta-yu kech kitobdan bosh ko‘tarmay, oliy maqsadi tomon harakat qilgan abituriyentlarning hayajonli kunlari. To mandat chiqqunicha ularning ko‘ngli xotirjam bo‘lmaydi.
Shu jarayonda muayyan abituriyentlarga o‘qishga kirishda imtiyozlar berilishi to‘g‘risidagi yangiliklar ham yangramoqda. Mashaqqat chekib bilim olayotgan, imtihonlarga qattiq tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlar buni o‘zlariga nisbatan adolatsizlik deb o‘ylamoqda.
Oliy ta’limda 35 toifadagi abituriyentlarga turli imtiyozlar berilgan. Shundan 15 toifadagi yoshlar hech qanday imtihonlarsiz davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Ular orasida Yoshlar ittifoqining faol a’zolaridan tortib, “Tarbiyachi” respublika tanlovi g‘oliblarigacha bor.
Yana 6 ta imtiyoz alohida fan yoki kasbiy (ijodiy) imtihon uchun maksimal ball berishni, 2 tasi imtihonda to‘plangan ball uchun 30 foizgacha qo‘shimcha ball berishni ko‘zda tutadi. Qolgan 23 tasi esa alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha imtiyozlardir.
Ijtimoiy adolat prinsipi shumi?
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo‘lim, V bob, 19-moddasida shunday deyilgan:
“O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart”.
Ko‘rib turganingizdek, 19-moddada ijtimoiy kelib chiqishi va ijtimoiy mavqeyi insonning alohida imtiyozlar berilishiga sabab bo‘lmaydi, deya ta’kidlangan. Biroq ichki ishlar, bojxona, Qurolli Kuchlar, Milliy Gvardiya xodimlari farzandlariga imtiyozlar berilishi yuqoridagi jumlani shubha ostiga qo‘yadi. Bunda imtiyoz berish uchun asosiy mezon – abituriyentlar ota-onasining ish joyi. Ushbu imtiyozlar (tavsiyanoma) bolaning bilim darajasi yoki salohiyatiga deyarli bog‘liq bo‘lmagan holatda ularning ota-onasining ish joyi, lavozimi yoki mehnat faoliyatiga asoslangan holda beriladi. Bu tizimlardagi xodimlar shundoq ham katta imtiyozlar, yaxshi maoshga ega. Endi ularning farzandlariga ham imtiyoz berilishi ijtimoiy adolat tamoyiliga qanchalik to‘g‘ri keladi?
Bundan tashqari, alohida kvotalar foizi ham ancha bahsli masalalardan. Bilamizki, Qurolli Kuchlar, Milliy Gvardiya, ichki ishlar organlari va bojxona xizmatining xizmat majburiyatini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, xizmat majburiyatini bajarishda olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan xodimlarining farzandlari umumiy qabul kvotalariga qo‘shimcha ravishda imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadi. Shuningdek, chin yetimlar, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar, bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari uchun qo‘shimcha davlat grantlari ajratilgan.
Buni to‘g‘ri tushunish mumkin, xizmat davomida halok bo‘lgan yoki nogiron bo‘lib qolgan xodimlarning bolalari, yetim yoki patronat yoshlarni ijtimoiy jihatdan boshqa shaxslarga tenglashtirish maqsadida imtiyoz berilgan. Qizig‘i, shu singari imtiyozlar ichki ishlar organlari va bojxona xizmatining amaldagi xodimlariga ham taqdim etilgan.
Yetim bolalar uchun umumiy kvota sonidan qo‘shimcha ravishda 1 foizgacha davlat granti ajratilgan bo‘lsa, bojxona xizmati xodimlariga 2 foiz, ichki ishlar xodimlari uchun esa 3 foiz etib belgilangan. Ya’ni ularga yetim bolalardan ko‘ra ko‘proq imkoniyat yaratilgan.
Maxsus maktabida o‘qimaslik ayb emas
Navbatdagi imtiyoz – harbiy musiqa akademik litseyi va Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga imtihonda to‘plangan ball uchun 15 foizdan 30 foizgacha qo‘shimcha ball qo‘shilishi. Bu allaqachon bahs-munozaralarga ham sabab bo‘ldi. Boisi 1-avgustdagi test natijalari e’lon qilinganda, 207, 210 ball olgan yoshlar ham bo‘ldi. Ko‘pchilik bundan hayron qoldi, Temurbeklar maktabi o‘quvchilariga berilgan imtiyoz sabab ular eng maksimal baldan ham oshib ketdi. Bu nimani anglatadi?
Yaʼni oddiy qishloq maktabida o‘qigan abituriyent eng yuqori 189 ball to‘plaganda ham kontrakt asosida o‘qishga kirishi mumkin.
Bu borada Xushnudbek Xudoyberdiyev ham quyidagicha fikr bildiradi:
“Shundoq ham eng zamonaviy sharoitda, eng yaxshi ustozlardan ta’lim oladigan maxsus maktab bitiruvchilariga qo‘shimcha ball berishni tushunish qiyin. Ular boshqa abituriyentlar, masalan, oddiy qishloq maktabi o‘quvchisidan shundoq ham yaxshi sharoitda o‘qiganku, o‘qishga kirish imkoniyatlari shundoq boshqalardan yuqoriku, nega ularni erkalab yana qo‘shimcha ball berishimiz kerak? Temurbeklar maktabi bitiruvchilari o‘qishga kira olmay qolishidan qo‘rqamizmi? Unda bu maktablarda o‘qitish yaxshi emas ekanda? Yoki yaxshimi? Yaxshi bo‘lsa, nimadan xavotirlanib bunaqa imtiyoz berganmiz?”.
Temurbeklar maktabini imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilar tarkibida bunday maktablar bo‘lgan davlat organlarining oliy harbiy hamda harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, tanlash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqiga ega. Bu imtiyoz biror bir ijtimoiy mezonga emas, balki ta’lim muassasasi statusiga bog‘langan.
Nega imtiyoz berilishi kerak?
Yana bir imtiyoz – Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Is’hoqxon Ibrat nomidagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatning bitiruvchilari uchun berilgan maxsus imtiyoz. Unga ko‘ra, butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilar oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining xorijiy til va adabiyoti, filologiya va tillarni o‘qitish ta’lim yo‘nalishlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat grantlari asosida o‘qishga qabul qilinadilar.
Ammo bu imtiyoz faqatgina alohida olingan maktab bilan cheklangan bo‘lib, boshqa maktablarning butun o‘qish davrini a’lo baholarga o‘qigan bitiruvchilariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Aslida oddiy qishloq maktabidagiga qaraganda bunday dargohlarga byudjetdan ko‘proq pul sarflanadi. Oddiy qishloq maktabidagi bolalarda yo‘q imkoniyatlar ixtisoslashtirilgan maktabdagi o‘quvchilarga berilyapti. Vaholanki, ular shundoq ham chekka qishloqdan kelgan bolada yo‘q imkoniyatlarga ega.
Bloger Shahnoza Soatova ham shunday fikrda:
“Maxsus maktablarda alohida maxsus sharoitlar, yaxshi o‘qituvchilar, ta’lim sifati yuqori bo‘lsa-da, yana uning bitiruvchilari imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasasiga kirsa. Boshqa soliq to‘lovchilarning repetitorga qatnab o‘qigan farzandlari umidi so‘nadi-ku”.
Imtiyozlarga chek qo‘yaylik!
Yuqoridagi kabi imtiyozlardan faqat yoshlar emas, jamoat faollari, journalist va blogerlar ham norozi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov “Yo‘qolsin imtiyoz!” sarlavhali postida ta’lim sohasidagi imtiyozlar faqatgina nogiron va ota-onasiz abituriyentlar uchun hamda depressiv mintaqalarda tug‘ilganlar uchun umummilliy manfaatlardan kelib chiqib, cheklangan muddat davomida berilishi kerakligini ta’kidlaydi.
Darhaqiqat, oliy ta’lim muassasalariga qabul uchun imtiyozlar ijtimoiy adolat prinsiplari nuqtayi nazaridan to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Biror bir tashkilotga mansubligi jihatidan, ota-onasining ish joyiga qarab, yoki alohida ta’lim muassasalariga berilgan imtiyozlar haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rish zarur.