- Loyiha muallifi – Marjona Nurmuhamedova.
- Loyihaning yo‘nalishi – bolalar onkologiyasi va gemotologiyasi.
- Loyihaning maqsadi: Onkologiya va gemotologiya kasalligiga chalingan bolalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab quvvatlash hamda O‘zbekistonda onkologik xastalikka chalingan bolalar o‘limi ko‘rsatkichi pasayishi, sog‘ayuvchilar soni ortishiga erishish.
“Sen kuchlisan” volontyorlik loyihasi 2023-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u onko-gemotologik kasallikka chaliggan va nogiron bolalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga muruvvat ko‘rsatishga qaratilgan. Loyihaga asos solinishi haqida Marjona Nurmuhamedova shunday deydi:
“Qizalog‘im Safiya” nomli ilk kitobimni 5000 nusxada nashr ettirdim hamda tushgan pullarni bolalar onkologiyasi va gemotologiyasi uchun sarflashga qaror qilib, “Sen kuchlisan” loyihasiga asos soldim. “Shahar bolalar onkologiyasi”dagi ilk uchrashuvim 2023-yil 13-may kuni va shundan buyon kitobimdan tushgan pullarni joylarda bolalar uchun bayram tadbirlari, onalar uchun psixologik treninglar, motivasion roliklar olishga sarflab kelyapman”.
“Sen kuchlisan” loyihasi 5 tashabbusni o‘z ichiga oladi:
- Bemor bolalar uchun animatorlar ishtirokida bayram tadbirlari o‘tkazish (har bir bolaga imkon qadar o‘zi istagan sovg‘asini olib berish bilan birga);
- Bolalarning onalari uchun psixologik treninglar tashkil etish;
- Motivatsion roliklar va ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda taqdim etish;
- Bolalar chizgan rasmlarini jamlab, auksion tashkil etish va tushgan mablag‘larga bemorlarni moddiy qo‘llab quvvatlash;
- Onkologiya va gematologiya sohasidagi muammolarni aniqlash va ularni yoritish, aholi o‘rtasida bunday kasallik bo‘yicha tushunchalarni oshirish, onkologik kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha ishlar olib borish.
Bolalar jamoani intiq kutadi
“Sen kuchlisan” loyihasi doirasida joylarda 20 dan ziyod tadbirlar o‘tkazildi, 30 million so‘mdan ortiq pulga bolalar istagan o‘yinchoqlar olib berildi. Shahar onkologiyasi kasalxonasining bolalar bo‘limida bolalarga xos muhit yaratilib, o‘yingoh bezatilgan. Natijada bolalar har hafta “Sen kuchlisan” jamoasini intiqlik bilan kutadigan bo‘ldi. Tadbirlarda xar bir bola faol qatnashishga harakat qiladi. Sababi tadbirlarga kreativ yondashiladi. Bolalarga istagan sovg‘alarini olib berish – ularda yuqori kayfiyatni ta’minlaydi.
Bemor bolalar kuchli bo‘lishlari kerak, ammo onalari ikki barobar kuchli bo‘lishlari talab etiladi. Bunda onalarning ruhiy holati muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni nazarda tutgan holda loyiha doirasida onalar uchun maxsus treninglar tashkil etildi. So‘nggi marta Psixologik treningni “Shahar bolalar onkologiyasi” kasalxonasida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf farzandlari Odinaxon Muhammad Yusuf o‘tib berdi. Treningdan keyin onalar o‘zlarining kuchli ekanini yana bir bor his etdi.
Motivatsion ko‘rsatuv
Ko‘p hollarda bemor bolalarda psixologik buzilishi kuzatiladi. Bolajonlar (ayniqsa, o‘smirlar) davolash kurslarini keskin rad etadi, ovqatlanmay qo‘yib, atrofdagilarga norozilik bildiradi, baqirish, yig‘lash, narsalarni uloqtirish va shu kabi holatlar kuzatiladi. “Sen kuchlisan” loyihasi vaziyatni o‘rganib, tahlil qildi va o‘zining ilk motivatsion ko‘rsatuv va roligini tayyorladi.
Ko‘rsatuvda bemor bolaga orzusidagi – tanlagan kasbida o‘zini sinab ko‘rish imkoni beriladi. Ko‘rsatuv va rolikda samarqandlik 14 yoshli Adhamjon ishtirok etdi. Unda ham yuqoridagi muammolar kuzatilgan. Adhamjon bilan suhbatdan so‘ng uning uchuvchilik orzusi borligi bilib olindi va “Uzairways” hamda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamkorligida unga uchuvchilar kiyimi sovg‘a qilindi va u samolyot bortida shturvalga taklif qilinib, uchuvchilar bilan suhbatda bo‘ldi. Adhamjon va “Uzairways” o‘rtasida kelajak shartnomasi tuzildi. Natijada Adxamjonning kelajakka umidi u‘yg‘ondi, davolanish kurslarini davom ettiradigan bo‘ldi.
Bemor bolalar rasmlaridan auksion
– Bolalar chizgan rasmlardan auksion tashkil qilish g‘oyasi 2023-yil iyul oyida kasalxonadagi tadbirda uyg‘ongan, – deydi loyiha asoschisi Marjona Nurmuhamedova. – Tadbirda bolalarga rasm chizdirdim va u yerdi 8 yoshli Muhammad Alining rasmini sotib oldim. Shunda Muhammad Alining xursand bo‘lib ketgani, tushgan pulga futbol butsasini sotib olishini eshitib o‘ylanib qoldim va g‘oya tug‘ildi. Bunday ishni keng qamrovda, har bir bemor bola ishtirokida qilish kerakligini o‘ylab qoldim va 21-avgust kuni “O‘zbekiston badiiy san’ati akademiyasi” zalida bolalar suratlari ishtirokida katta galereya tashkil qildim. Tadbirni tashkillashtirishda rassom, shoira Xurshida Namazbayeva va ilk marotaba tuzilgan “Sen kuchlisan” volontyorlardan tashkil topgan ko‘ngillilar guruhi yordam berdi. Tadbirda “Shahar bolalar onkologiyasi”, “Respublika bolalar onko-gematologiyasi” va gematologiya qoshidagi “Mehrli maktab bolalari”, “Xospis” bolalari uyida davolanuvchi bolalar ham, umumiy hisobda 50 nafardan ortiq bola 300 dan ortiq suratlar bilan qatnashdi. Xayriya tadbiri uchun keng jamoatchilikka 500 dan ortiq taklifnomalar tarqatildi. Ammo afsuslanarlisi sanoqli insonlargina ishtirok etdi va umumiy hisobda 8 million so‘m xayriya mablag‘i to‘plandi va suratlar egalariga topshirildi.
Juda kichik va oddiy xatolar
Hatto rivojlangan mamlakatlarda ham onkologik kasalliklarni yengish, bemorlarga yaxshi sharoitlar yaratish qiyin. Sababi xastalik muolajasiga juda katta xarajat ketishidadir. Ammo O‘zbekistonda onkologiya sohasida juda kichik, oddiy bo‘lgan xatolar ko‘p uchramoqda. “Sen kuchlisan” loyihasi onkologiyadagi muammolarni o‘rganadi, tahlil qiladi va yuzaga chiqaradi. O‘rganishlar natijasida 20 nafar bolaga mo‘ljallangan “Shahar bolalar onkologiyasi” bo‘limi zamonaviy bino va ta’mirga muhtoj ekani, u yerdagi bolalar ta’limdan uzilib qolgani aniqlandi.
Shundan so‘ng loyiha jamoasi “Yoshlar ishlar agentligi” tomonidan tashkil etilgan eng yaxshi volontyorlik loyihalarini moliyalashtirish tanlovida qatnashdi. “Onkologiya – ongni sindirmasin” loyihasi agentlik tomonidan moliyalashtirilib, IT sohasiga qiziqadigan 12 nafar bemor bolaga zamonaviy noutbuklar topshirildi.
Kasallikni erta aniqlash bo‘yicha tushuncha yo‘q
Volontyorlar aholi o‘rtasida olib borgan surishtiruvlar shuni ko‘rsatdiki, ota-onalarning har 10 tadan 9 nafarida onkologik xastaliklarni erta aniqlash haqida umuman tushuncha yo‘q. Shu sababdan ham har yili mingdan ziyod bolaning 30 foizida onkologik kasalliklar juda kech (3-4-daraja) aniqlanadi. “Sen kuchlisan” loyihasi vaziyatni o‘rgandi, onkolog vrach va professorlar bilan suhbatlar olib bordi. Endi “Sen kuchlisan” loyihasi aholi orasida onkologiyani erta aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarni keng yoyishga bel bog‘ladi. Bunda tadbirlarda, ijtimoiy sahifalarda, ko‘rsatuv va roliklar, kasalxona devorlarida, QVPlarda kasallikni erta aniqlash haqida ko‘rsatmalar beriladi, qisqa ma’lumotlar tarqatiladi.